Mirziyoevning “it va kalamushlari". Haqorat O‘zbekistonda boshqaruv tilimi?

“G‘o‘daygan it”, “davlat sotqinlari”, “Surxondaryoni ot o‘yin qilib tashlagan”, “bu noinsoflar harom qilib tashlagan”, “bir yerini pisib majlisga kelib o‘tirsin”, “hammang poraxo‘rlik qilib hamma yerni sharmanda qilib yuribsan”.

Bu so‘z birikmalari va jumlalar Shavkat Mirziyoevning 19 yanvar kuni Qiziriq tuman hokimligi binosida Surxondaryo viloyat faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvidagi nutqidan olindi.

MXXda "Noinsof sotqin itlar"

Nutqning Ozodlik qog‘ozga tushirgan 267 ta so‘zli parchasida Shavkat Mirziyoev bir marta “it”, ikki marta “noinsof”, to‘rt marta “sotqin” so‘zini ishlatgan. Shu va shunga o‘xshash boshqa so‘zlar butun nutq davomida yana necha marta ishlatilgani Ozodlikka ma’lum emas.

“Milliy xavfsizlik butun Surxondaryoni o‘ldirgan. Ikkita uchta sotqinlar¸ davlat sotqinlari bu yerda ishlab hamma yerni o‘ldirgan”, degan Mirziyoev bu so‘zlaridan biroz oldin bunday degan:

“Uchta muovinni ishdan olib tashladim SNBning muovinlarini. Kecha mana ikkitasiga qo‘l qo‘ydim. Sizlarda ham bittasi ishlagan Toshpo‘latov degan¸ u ham it¸ o‘g‘ri”.

Moliyachilar - "kalamushlar"

O‘zbekiston rahbari mxxchilarni itga o‘xshatgan bo‘lsa, 22 dekabr kungi Oliy Majlis oldida qilgan nutqida moliyachilarni kalamushga o‘xshatgandi.

“Nima uchun Moliya vazirligini o‘zgartirdim. Moliyaning “M” harfini tushunmaydiganlarni haydab yubordim, rahbarlari ketdi, lekin pastdagi “kalamushlar” o‘tiribdi”, degan edi Mirziyoev.

Demak, prezidentga ishonilsa, MXX xodimi – it, moliyachi – kalamushdir.

Prokuratura xodimi "o‘g‘ri va axlatdir"

2017 ning 2 avgustida o‘tkazgani videoselektor yig‘ilishida prokurorlar sha’niga Mirziyoev mana bu gapni aytgandi:

“O‘zi birinchi o‘g‘ri ular. Hammani tag‘in o‘g‘rilikka da’vat qiladi. Eng katta o‘g‘ri ular”, degan prezident o‘sha majlisning o‘zida mana bu gapni ham aytgan edi:

"Mana biz yangi Bosh prokuror qo‘ydik, 80 foiz odamni o‘zgartirdik, oldingi qolgan axlatdan, tizimdan, menga bosh prokuror qoldirgan o‘g‘ri tizimidan 20-15 foiz odamlar yuribdi”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Мирзиёев: Прокурорлар- энг катта ўғрилар!

Publitsist Sharof Ubaydullaevning fikricha, Mirziyoevning u yoki bu idora xodimlari sha’niga bunday haqoratlari uning oniy hayajoni mahsuli emas, balki xalqning tilidagi gaplardir:

- Moliya vazirligida kalamushlar, SNBdagilar itlar... Bular hayajon ichida aytilgan gaplarmas. Mirziyoev bu gaplarni osmondan olgani yo‘q. Mirziyoev xalqdan oldi. Xalq ularni allaqachon birini it, birini kuchuk, hatto birini cho‘chqa deb kelgan. Xalq ularning bahosini allaqachon berib bo‘lgan, dedi Sharof Ubaydullaev kuni kecha OzodNazarida.

Bo‘lsa, bordir. Sharof Ubaydullaevning aytganlariga ishonish mumkindir, ya’ni chindan ham xalq moliyachini kalamush, mxxchini it, desa, degandir. Lekin, ayni paytda, Prezidentning o‘zi quyi bo‘g‘in rahbarlarining “madaniyatsiz gaplar” gapirishiga qarshi.

"Hokimga kim huquq bergan birovni haqorat qilishga?"

22 dekabr kuni Mirziyoev Oliy Majlisga to‘rt soatlik Murojaati davomida madaniyatsiz hokimlarni tanqid qilar ekan, ularni nazarda tutib, jumladan bunday degan edi:

“Odamlar bilan gaplashishni bilmaydi. Kechirasiz, madaniyatsiz gaplar bilan majlislar o‘tkazib, odamlarni haqorat qilib… Kim ularga huquq berdi? Hokimga kim huquq bergan birovni haqorat qilishga? Kim?”

Psixolog olim verbal agressiya haqida

O‘zbekistonlik psixolog olim, “Rahbarlik psixologiyasida axloq”, degan asar muallifi Mahmudjon Yo‘ldoshev e’tiborimizni verbal agressiya tushunchasiga qaratdi.

Olimning aytishicha, verbal agressiya – so‘zlar yordamida boshqa kishiga ta’sir o‘tkazish deganidir. Odamni it, mushuk, kalamush kabi so‘zlar bilan haqoratlash ham o‘sha verbal agressiyaning ko‘rinishlaridan biridir.

Verbal agressiya qo‘llash, xususan, kishini u yoki bu jonzotga o‘xshatish yoki uni uyat so‘zlar bilan haqoratlash, olimning fikricha, o‘sha so‘zlarni ishlatayotgan odamning tarbiyasi bilan bevosita bog‘liq.

Ayni paytda, psixologning fikricha, birovga ta’sir o‘tkazish paytida kishining nonormativ so‘zlarni ishlatishi stress holati bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin:

- Ya’ni muloqotdagi kishilar o‘zaro suhbatda o‘z resursidagi ma’lumotlarni ishlatib bo‘lgan, ya’ni boshqa vositalari tugab qolgan paytda oldida turgan kishining qad-qomatiga, ko‘rinishiga baho berishni boshlashi, nonormativ so‘zlar qo‘llay boshlashi mumkin. Xuddi shu holat verbal agressiyaning nonormativ so‘zlar orqali ko‘rinishidir, dedi psixolog olim Mahmudjon Yo‘ldoshev.

Tilshunos olim davlat mulozimining Davlat tili sofligi uchun mas’uliyati haqida

Islom Karimovning ega-kesimi yo‘q gaplarini 25 yil eshitgan xalqqa yangi prezidentning mulozimlarni nafaqat it-mushugu sichqon-kalamushga o‘xshatishi, balki jaydari, ba’zan g‘irt dehqoncha, nisbatan ravon gaplari ham yoqayapti.

Biroq, tilshunos olim Baxtiyor Isabekovning fikricha, mamlakat rahbari zimmasida davlat tili sofligiga, uning me’yorlariga rioya qilish mas’uliyati ham bor.

Olimning fikricha, “davlat tili” deyilganda shu maqom berilgan tilning barcha sheva variantlari, masalan, “kelyapti”, “kevotti”, “kelutti”, “keliyatir” degan variantlarning hammasi to‘g‘ri degani emas. Davlat tili – adabiy, normativ til deganidir.

- Ya’ni davlat arboblari TV va radio diktorlari kabi fikrini to‘g‘ri talaffuz, to‘g‘ri grammatik bog‘lanmalar bilan ifoda qilishi kerak. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, davlat arboblari zimmasida davlat tilining targ‘ibotchilari bo‘lishdek mas’uliyat bor, - dedi tilshunos olim.

Shavkat Mirziyoevning til o‘zgachaliklari haqida gapirarkan, Baxtiyor Isabekov bunday dedi:

- Joriy prezidentimiz nutqida ham, adabiy til me’yorlaridan kelib chiqilsa, juda ko‘p g‘alizliklar uchraydi. Bular, birinchi navbatda, uslubdagi g‘alizliklardir. Aftidan, Mirziyoev o‘z vaqtida Karimovga taqlid qilishga uringan ko‘rinadi. Masalan,“Futbolni o‘zim nazorat qilib, barcha korruptsionni olib tashladim”, degan gapini eslang. Bu gapdan gapiruvchining nima deyayotganini anglash qiyin. Yana bir joyda Mirziyoev “qiznakar”, degan so‘z ishlatdi. Ya’ni “qiz navkar”, demoqchi. Lekin o‘zbekda “qiz navkar” bo‘lmaydi. “Kuyov navkar” bor. Yoki “Toshkand”, deb aytadi prezident. Bunday shahar yo‘q O‘zbekistonda. Toshkent degan shahar borligini bilaman. Xullas, Mirziyoevning tilidan bunday misollarni juda ko‘p keltirish mumkin, dedi tilshunos olim.

Ha, aytmoqchi...

22 dekabr kuni Mirziyoev Oliy Majlisga to‘rt soatlik Murojaati davomida madaniyatsiz hokimlarni tanqid qilganini boyaroq aytgan edik.

O‘shanda prezident “Hokimga kim huquq bergan birovni haqorat qilishga? Kim?” degan xitobi ortidan qarshisida o‘tirgan hokimlaru boshqa mulozimlarga qarab bunday degan edi:

- Hammalaring bilinglar, undaqa bilan (ya’ni odamlarni haqorat qilish bilan – tahr.) birontalaring ertangi kunga (kunda demoqchi – tahr.) ishlamaysizlar.

Bu gaplar aytilganidan buyon oradan qariyb ikki oy vaqt o‘tdi. Bu vaqt ichida Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev Toshloq tuman aholisini “haromi”, deb haqorat qildi. G‘aniev shu kunda ham ishlab turibdi.

Andijon tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov fermerlarni “gadoy”, deb haqorat qildi. Isomiddinov shu kunda ham ishlab turibdi.

Qo‘l ostidagilarni haqorat qilgani uchun sud tomonidan 5 million so‘m jarimaga tortilgan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev mahalliy tashkilot rahbarlarini yana haqorat qildi. Bu gal u “iflos, shakal, tvar, hayvon” kabi so‘zlar ishlatdi. Rahmatullaev ham shu kunda o‘z lavozimda qolmoqda.