Toshkentda bolalar Hayit namoziga qo‘yildi, Namanganda esa ayrimlari qaytarildi

O‘zbekistonning aksar masjidlarida 15 iyun kuni o‘qilgan Ramazon hayiti namoziga bolalarning kirishi avvalgi yillarga nisbatan erkinroq bo‘lgani kuzatildi. Lekin, Namangan viloyatining ayrim masjidlarida avvalgidek bolalar namozga qo‘yilmaganidan shikoyatlar bo‘ldi.

Ozodlikka kelgan va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan shikoyatlarda Namanganning Kosonsoy tumanidagi Eshon bobo, Buzurukxo‘ja jome masjidi, Pop tumanidagi Imom Zaynobiddin, Said Jalolxo‘ja jome masjidlari nomi tilga olindi.

Aytilishicha, 15 iyun kungi Hayit namozi vaqtida 18 yoshga to‘lmagan bolalar bu masjidlarga kiritilmagan.

Xususan, Kosonsoy tumanidagi Eshon bobo masjidiga borgan Azimjon, Ozodlik bilan suhbatda, farzandlarini qaytarishga majbur bo‘lganini aytdi.

- O‘zbekistonning hamma joyida Hayit namoziga bolalar kiritilyapti, bizni Namangandagi masjidlarda hali ham eski zamondan qolgan taqiqlar saqlanib qolyapti. Nimagaligini tushuntirib beradigan odam bormi? - deya savol tashladi 3 farzandi masjidga kiritilmaganini ayttgan namanganlik Azimjon.

Facebook.com ijtimoiy tarmog‘ida Pop tumanidagi Said Jalolxo‘ja masjidiga Hayit namoziga borganini aytgan foydalanuvchi: "Masjid hovlisiga kiritilmadi, ko‘chada turishdi", deb yozdi.

Shuningdek, Namangandagi aksar masjidlarda bolalar Ramazon oyida taroveh namoziga ham qo‘yilmaganidan ham shikoyatlar kuzatildi.

Facebook tarmog‘ida Dilshod Halilov ismli foydalanuvchi bu haqda shikoyat qilib, prezident Shavkat Mirziyoev qabulxonasiga yozgani, ammo aniq javob olmaganini bildirdi.

Namanganlik jurnalist Nosir Zokir bolalarning masjidlarga kiritilmaganini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev olib borayotgan “erkinlashtirish siyosati"ga zid, deb bilishini aytadi.

- Menimcha, ayrim masjidlar o‘zgarishlardan xabarsiz qolib, hali ham o‘zboshimcha, avvalgiday ish tutayotgan bo‘lsa kerak-da. U davrlar o‘tib ketdi, bolalarni ham kiritishsa, Hayit yana ham fayzli bo‘ladi, - dedi ayrim masjidlarda bolalar Hayit namoziga qo‘yilmayotganidan xabari borligini aytgan Nosir Zokir.

Namanganlik mahalla faoli Ubaydullo Azimov vaziyatdan xabari borligini, aslida yosh bolalarni masjiddan uzoqroq tutish tarafdori ekanini bildirdi.

- Yosh bolalar o‘qishini o‘qisin. Bolani miyasi chalg‘imasin, deyishyapti-da. Faqat, maktabda berilgan darsliklarni o‘qisin. Maktabni yaxshi o‘qisa oliygohlarda o‘qiydi, yetuk odam bo‘lib yetishadi-da. Maktabni bitirganidan keyin masjidga borsin, - deydi Ubaydullo Azimov Ozodlik bilan suhbatda.

Namanganlik blogger Abbos Asad ham ayni mavzuni tilga olib, bolalarga masjid eshiklarini yopish bilan ularning radikallashuviga yo‘l ochgan bo‘lamiz, deb fikr bildirdi.

- Masjid eshiklarini ochish kerak, diniy cheklovlarni olib tashlash kerak, ana shunda yoshlarning radikallashuvi oldini olgan bo‘lamiz, - deydi Abbos Asad.

Lekin, Toshkent shahri va boshqa viloyatlardan Ozodlikka yo‘llangan xabarlar va videotasvirlarda aksariyat masjidlarda bolalar bu yil ilk bor Hayit namozlariga qarshiliksiz kiritilgani kuzatildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ўзбекистонда ҳайит намози адо этилди

O‘tgan oy Toshkent shahar imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li, yosh bolalar uchun endi masjidlar darvozasi ochildi, deb ma’ruza qilgan edi.

"Yosh bolalarga nisbatan ozgina mone’lik bo‘lgan joyi bor edi. Bugundan boshlab, yosh bolalar uchun bemalol darvozalar ochildi", - degan edi Odilxon qori 18 may kungi ma’ruzasida.

Lekin, bu imom o‘z bayonotiga nima sabab bo‘lganini izohlamagan, shuningdek, Diniy idora ham bu borada biror rasmiy bayonot bermagan edi.

Hozircha, Namangandagi vaziyat va umumiyatla, bolalarning hayit namozlariga qo‘yilish-qo‘yilmasligi borasida Ozodlik O‘zbekiston Musulmonlar idorasidan biror aniq izoh ololmadi.

Xususan, idora raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur bolalarning Namanganda Hayit namoziga kiritilmaganidan xabarsiz ekanini aytdi.

O‘tgan oy O‘zbekistondagi ayrim maktablarda ota-onalardan farzandlarini yozgi ta’til payti otinoyi yoki domlaga bermaslik haqida tilxat olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.