Surxondaryodan Ozodlikka bog‘langan fermerlarga ko‘ra, g‘alla rejasini bajarmagan fermerlardan topshirilmagan bug‘doyning har kilosi uchun 1200 so‘mdan pul talab qilinmoqda. Fermerlar iddaosicha, MIB boshchiligidagi mutasaddi tashkilotlar xodimlari g‘alla uchun pul berishga qurbi yetmagan fermerlarning chorva mollarini tortib olayapti.
Ozodlikka murojaat qilgan surxondaryolik fermerlarga ko‘ra, joriy yilda kuzatilgan suv taqchilligi sabab g‘alla hosili kam bo‘lgan va aksar fermerlar rejani bajara olmagan.
Fermerlar iddaosicha, rejani bajarmaganlardan topshirilmagan g‘alla o‘rniga pul talab qilinmoqda.
“Bu yil Surxondaryoda qurg‘oqchilik va suv tanqisligi sababli fermerlarning 80-90 foizi g‘alla rejasini bajara olmadi. Viloyat va tuman rahbarlari fermerlardan g‘alla topib, davlatga topshirishni talab qilmoqda. Joylardagi g‘alla qabul qiluvchi punktlar 1 kilo bug‘doy uchun 1200 so‘mdan naqd pul olmoqda. Shu yilning bahor oylarida fermerlar suv bo‘lmayotganligi sabab g‘alla ayni o‘sish davrida 1,5-2 oylab suvsiz qolib ketganligi borasida tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan edi. Lekin rahbarlar qurg‘oqchilikni inobatga olmasdan, zo‘ravonlik bilan fermerlardan rejaga yetmay qolgan g‘allani topishni talab qilmoqda”, deydi surxondaryolik fermer ismini ochiqlamaslik sharti bilan.
Viloyatning Qiziriq tumanidagi fermerlardan birining aytishicha, Majburiy ijro byurosi (MIB) boshchiligidagi mutasaddi idoralar vakillari rejani bajarmagan fermerlarning chorva mollarini sotib, pulini g‘alla uchun topshirishni talab qilmoqda.
“MIB, soliq va boshqa idora xodimlari hech qanday ijro hujjatisiz va sud buyrug‘isiz kelib, fermerlarning mollarini majburan zo‘ravonlik bilan olib ketishga urinmoqda. Qiziriqdagi bir fermerning bitta ho‘kizi, sigiri va buzog‘ini shunday qilishdi. MIB boshchiligidagi vakillar fermerning uyiga kelib, mollarini sotishga majburlashdi. Ular o‘zlari bilan xaridor ham topib kelishgan. Fermer ho‘kiz va sigir hamda buzog‘ini 12 million so‘mga sotgan va pulini g‘alla uchun to‘lagan. Yana bir fermerning sigirini 3,5 million so‘mga sottirib, pulini g‘alla uchun olib ketishdi. Hozir boshqa fermerlar ham xavotir olib o‘tiribdi”, deydi qiziriqlik yigit.
Qiziriq tumanidagi fermerlardan birining akasi Ozodlik bilan bog‘lanib, ukasining sigirini MIB xodimlari olib ketishga harakat qilishgani¸ biroq sigir olib qolingani haqida gapirdi.
“Ukam bug‘doy planini bajara olmadi. Kecha MIBdan kelib sigirini olib ketmoqchi bo‘lishdi. Bir amallab sigirni olib qolishdi. Lekin baribir sotib¸ pulini g‘alla uchun berasan¸ deyishgan. Hozir ukam sigirini sotish harakatida yuribdi. Muzrobot tumanidagi qarindoshlarimiz ham fermerlik qiladi. Ular ham sigirini olib ketish va sottirish bilan bog‘liq ikkita voqeani aytishdi. Bittasi Pariqishloqda bo‘lgan”, dedi qiziriqlik fermerning akasi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan.
Ozodlik bog‘langan Qiziriq tuman MIB xodimlari g‘alla bilan bog‘liq barcha savollarga byuro boshlig‘i Suhrob Qurbonovdan javob olish mumkinligini aytishdi. 18 iyun kun davomida Qurbonov bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.
Surxondaryo viloyat MIB mulozimlari esa g‘alla rejasini bajarmagan fermerlarni majburlash holatlari borligini inkor qilishdi.
Joriy yilda nafaqat Surxondaryo¸ balki mamlakatning boshqa hududlarida ham yog‘ingarchilik kam bo‘lgani va suv tanqisligi sabab g‘alla hosilining kamligi aytilmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyatida g‘alla hosilining o‘tgan yilga nisbatan 35-40 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda. Viloyat hokimi Turobjon Jo‘raev hokimlik va mutasaddi tashkilotlar vakillarini g‘alla pishishidan 10 kun avval dala shiyponlariga haydagan edi.
Ozodlik O‘zbekiston g‘alla jabhasidan kelayotgan turli ma’lumot va shikoyatlarga “O‘zdonmahsulot” shirkatidan izoh olishga urindi.
Shirkatning Ozodlik gaplashgan rasmiylari savollarga Qishloq xo‘jalik vazirligidan javob olishni tavsiya qildi. Ushbu vazirlikda esa mutassaddi rahbarlar barchasining g‘alla bo‘yicha xizmat safariga ketgani va shu bois ular bilan bog‘lanish imkonsizligini bildirishdi.