Husan Moskovskiyga sheriklikda ayblanaëtgan "Obid karam" va ukasi hibsga olindi

Jinoyat olamida “Obid karam” nomi bilan tanilgan Obid Bahromov (o‘ngda) hamda ukasi Olim (chapda) va Ravshanlar 2014 yilgacha O‘zbekistondan Rossiyaga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanishgan.

2015 yildan beri og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ qidiruvga berilgan yirik tadbirkorlar - Obid va Olim Bahromovlar Moskvadan Toshkentga qaytishi ortidan 26 iyun kuni qo‘lga olindi. Bu haqda Ozodlikka Bahromovlar otasi va ularga advokatlik qilayotgan Farhod Tursunov ma’lum qildi. Jinoyat olamida “Obid karam” nomi bilan tanilgan Obid Bahromovning kriminal avtoritet Husan Ziyomuhammedovning (postsovet hududida Husan Moskovskiy deb tanilgan "vor v zakone" - tahr.) biznes sherigi bo‘lgani aytiladi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ aka-ukalar ustidan 2015 yili ochilgan jinoiy ish tergovini O‘zbekiston DXXsining Toshkent tuman tergovchilari olib bormoqda.

"Obid karam"

Jinoyat olamida “Obid karam”¸ "Obid vagon" nomlari bilan tanilgan Obid Bahromov hamda ukasi Olim va Ravshanlar 2014 yilgacha O‘zbekistondan Rossiyaga katta miqdorda qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilish bilan shug‘ullangan.

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ 2015 yilda aka-uka tadbirkorlar qamalish tahdidlari ortidan Moskvaga qochishgan.

Obid va Olim Bahromovlarning O‘zbekistonda qolgan sheriklari hamda kenja ukasi Ravshan Bahromov 2015 yili Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudi tomonidan savdo qoidalarini buzish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilib¸ 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

Qochib ketgan aka-uka Bahromovlarga qidiruv e’lon qilinib, ularning ko‘chmas va ko‘char mulki musodara etilgan.

Obid Bahromov 2015 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan.

Obid Bahromovning ukasi Olim ham qidiruvdagilar ro‘yxatida bo‘lgan.

O‘zbekistonda hokimiyat almashinuvi bo‘lgani va o‘zlariga qarshi "urush boshlagan" MXXning qudratli generali Shuhrat G‘ulomovning o‘zi umrbod qamoqqa hukm etilganidan so‘ng¸ 2018 yil iyunida aka-ukalar vatanga qaytish va sud oldida javob berishga qaror qilgan.

Advokat Farhod Tursunovning Ozodlikka aytishicha, shu yilning 7 iyun kuni Olim va Obid Bahromovlar Moskvadan Toshkentga uchib kelishgan:

- Yaqinda¸ 2018 yilning mart oyida Toshkent tumani hokimiga ularning mahalladoshlari kafillikka olamiz, aka-uka tadbirkorlar qaytib kelishsin, deb xat yozishgandi. Hokim ham kafillikka oldi, ishini boshqatdan ko‘rib chiqishni so‘rab shahar sudiga xat kiritdi. Shahar sudi ularning ishini ko‘rib chiqib, qamoqni garovga o‘zgartirdi. Tergov davomida ochiqda yursin¸ degan ma’noda. O‘sha kunning o‘zida har biriga 5 million so‘mdan garov puli to‘ladik. Tergov jarayonida ochiqda bo‘lishlariga ishonib aka-ukalar O‘zbekistonga qaytib kelishdi. Mamlakatga kelishlari bilan Bosh prokuraturadan ko‘rsatma berish uchun taklifnoma olishadi. Ko‘rsatma berishganidan so‘ng garov evaziga ular qo‘yib yuboriladi. Oxirgi marta 26 iyun kuni tuman Davlat xavfsizlik xizmati idorasiga so‘roqqa borishganida sudning garov qarorini qamoqqa o‘zgartirib, hibsga olishayapti. O‘shandan buyon aka-uka tadbirkorlar hibsda qolmoqda, - deydi tadbirkorlarning advokati Farhod Tursunov.

Ayni paytda aka-uka Bahromovlar O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 177-moddasi (noqonuniy valyuta ayirboshlash), 188-moddasi (soliqdan qochish), 189-moddasi (savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 211-moddasi (pora berish) va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) da ko‘zda tutilgan jinoyalarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Tadbirkorlarning otasi Botir Bahromov Ozodlik bilan bilan suhbatda farzandlari faqat qonun doirasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishganini iddao qildi:

- Uch farzandim tadbirkor bo‘lgan edi. Ular O‘zbekistondan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini MDH davlatlariga eksport qilish bilan shug‘ullangan. Farzandlarim Bahromov Obid, hamma uni “Obid Vagon” deydi, Bahromov Olim va Bahromov Ravshanlarni avval MXX raisi o‘rinbosari bo‘lgan generel Shuhrat G‘ulomov va boshqa sobiq MXX zobitlari¸ biznesini egallash uchun qamamoqchi bo‘lgandi. Ikki o‘g‘lim Rossiyaga qochdi, Ravshanni va 13 sherigini qamashdi. Qiynoqqa solib, aybini bo‘yniga qo‘yishdi. Ikki farzandim Bahromov Obid va Olim uch yildan ortiq qidiruvda bo‘lib, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlab, qidiruvdagilarni kechirib, qo‘li qonga botmagan bo‘lsa qamalmaydi, degan so‘zlariga ishonib o‘z vatanlariga qaytishni niyat qilishdi. Lekin qamab qo‘yishdi, - deydi Botir Bahromov.

Jinoyat olamida “Obid karam” nomi bilan tanilgan Obid Bahromovning Husan Moskovskiy taxallusi bilan mashhur kriminal avtoritet Husan Ziyomuhammedovning hamkori bo‘lganiga ishoniladi.

Husan Moskovskiy Salimboy nomi bilan tanilgan tadbirkor Salim Abduvalievning qudasidir.

​O‘zbekistonda Salimboy deb nom chiqargan tadbirkor Salim Abduvalievning qudasi Husan Moskovskiy ham O‘zbekistondan Rossiyaga iznsiz qishloq ho‘jalik mahsulotlari, jumladan, ho‘l meva jo‘natganlik va noqonuniy valyuta oldi-sotdisini tashkil etganlikda ayblanib, 2016 yilda uning ustidan jinoiy ish ochilgan. Moskovskiyning 2015 yildan beri Rossiyada yashab yurgani aytiladi.

Advokat Farhod Tursunov o‘z mijozlari Obid va Olim Bahromovlarning Husan Moskovskiy ishiga aloqador bo‘lganini rad etdi.

- Mening mijozlarimning Moskovskiyga umuman aloqasi yo‘q, lekin shunaqa ayb qo‘yishayapti, o‘sha bilan sherik bo‘lgan holat bor jinoyat ishida. Barchasi 2014 yilda boshlangan edi. Toshkent viloyatida yashovchi Rossiyaga meva-sabzavot eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi Obid, Olim va Ravshan Bahromovlarning oldiga Zafar Oripov kelib, ularni o‘zi bilan ishlashga taklif qiladi. Rad javobini olgan Oripov biznesmenlarga katta muammolarga duchor bo‘lishlarini va’da qiladi. Tahdidlardan so‘ng ikki katta aka-uka Moskvaga ketishadi. 2015 yili Ravshan Bahromov va uning sheriklari qo‘lga olinadi, qolgan aka-ukalarga esa xalqaro qidiruv e’lon qilinadi,- dedi Farhod Tursunov.

Ozodlik Davlat xavfsizlik xizmatidan aka-uka Bahromovlar ishi yuzasidan izoh ololmadi - hozircha bu idora O‘zbekistonda o‘z rasmiy saytiga ega bo‘lmagan¸ matbuot xizmati bilan aloqa qilish haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmagan yagona davlat tizimi bo‘lib qolmoqda.