“O‘zdonmahsulot” kompaniyasida ishlovchi bir-biridan mustaqil mulozimlarning Ozodlikka bildirishicha, shirkat raisi Surat Haydarov va unga kotiblik qilib kelgan kuyovi Jamshid Sharipov respublika DXX xodimlari tomonidan olib ketilgan. Voqea tafsilotlaridan xabardor mulozimlar iddaosicha, Haydarovning kuyovi katta miqdorda pora olayotgan payti ushlangan.
Hozircha rasman “O‘zdonmahsulot” raisi lavozimida qolayotgan Haydarovning jinoiy ishga tortilgan-tortilmagani¸ uning ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan-olinmagani Ozodlikka ma’lum emas.
“O‘zdonmahsulot” kompaniyasini bir yilu 5 oydan buyon boshqarib kelayotgan Surat Ochilovich Haydarov 28 iyun kuni Toshkentdagi uyida Respublika DXX xodimlari tomonidan olib ketilgan.
Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan “O‘zdonmahsulot” mulozimi iddaosiga ko‘ra, Haydarovning kuyovi Jamshid Sharipov Toshkent viloyatidagi un zavodlaridan birini sotish uchun pora olayotgan payti ushlangan.
“Surat Ochilovichning kuyovi o‘sha kuni Jamshid Sharipov Jizzaxning Zomin tumanidagi Dashtobod don qabul qilish shoxobchasiga borib, qaytib kelayotganida yo‘lda katta miqdordagi dollarni pora sifatida olayotgan payti ushlangan. Pora Toshkent viloyatidagi un zavodlaridan birini sotish uchun olingan. Bu voqeadan avvaldan xabar topgan Respublika DXX xodimlari pora bermoqchi bo‘lgan yigitlar bilan birga bo‘lgan ya’ni Haydarov un zavodni sotish uchun pora so‘ragach, o‘sha yigitlar DXXga chiqishgan va birgalikda ushbu operatsiyani amalga oshirishgan. Haydarov kuyovi bilan birgalikda Jizzaxda komandirovkada bo‘lgan. Kuyovi DXX tomonidan ushlangach, Haydarov darrov Jizzaxdan qochib, Toshkentga kelgan. Lekin o‘sha kuni kechqurun u Toshkentdagi uyida qo‘lga olingan”, dedi voqea tafsilotlaridan xabardor “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi mulozimi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.
Ayni paytda Ozodlik ixtiyorida Surat Haydarov va uning kotibi bo‘lib ishlagan kuyovi Jamshid Sharipovning qo‘lga olingani va voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini tasdiqlovchi rasmiy hujjat yo‘q.
Hozirda Haydarov va kuyovining qaerda saqlanayotgani ham Ozodlikka ma’lum emas.
“O‘zdonmahsulot” shirkatining Ozodlik gaplashgan xodimiga ko‘ra, boshliq va kotib ushlangani haqidagi xabarlar ortidan DXX xodimlari Surat Haydarovning ish kabinetini muhrlab ketgan.
“Haydarovning kabinetini pechatlab ketishdi. Boshliq kotibi ham hibsda bo‘lgani uchun Haydarov qabulxonasiga navbatchi qo‘yilgan. Bir necha xodim navbati bilan qabulxonada navbatchilik qilib, kelgan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berayapti”, deya “O‘zdonmahsulot” xodimi Haydarovning muhrlangan kabineti suratini Ozodlikka jo‘natdi.
O‘zini Haydarov qabulxonasida navbatchilik qilayotgan xodim sifatida tanishtirgan "O‘zdonmahsulot" xizmatchisi¸ Ozodlikning Surat Haydarov ushlanganiga oid savollariga javob bera olmasligini bildirdi.
“O‘zdonmahsulot” kompaniyasi rasmiylaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Surat Haydarov ishga chiqmayotgani bois shirkatning “Don resurslari va ularni tashishni tashkil etish” boshqarmasi boshlig‘i Feruzbek Niyazovga “kompaniya boshqaruviga qarab turish” topshirilgan.
Feruzbek Niyazov Ozodlik bilan suhbatda bu ma’lumotni inkor qilmadi, biroq o‘zining hozircha boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib rasman tayinlanmaganini ta’kidladi.
“O‘zdonmahsulot” rasmiy saytida 3 iyun kuni ham Surat Haydarov kompaniya boshqaruv raisi lavozimida qayd etilgan.
Kompaniya kadrlar bo‘limining Ozodlik bog‘langan xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Haydarov hozircha “xizmat safarida” deb rasmiylashtirilgan.
“Haydarov g‘alla o‘rimi boshlanganidan buyon komandirovkada yuribdi. Hozir ham komandirovkada deb qayd qilingan. Bizga uni bo‘shatish to‘g‘risidagi ma’lumot kelmadi”, dedi kadrlar bo‘limining ismini ochiqlamayotganmiz xodimasi.
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining rasmiy sayti yo‘qligi bois ular bilan bog‘lanish uchun telefon raqamlari Ozodlikda mavjud emas.
Ozodlik muxbiri hozircha DXX bilan bog‘lanishning yagona yo‘li- tashkilotning Feysbukdagi rasmiy sahifasi orqali Haydarov va uning kuyovi voqeasi bo‘yicha izoh so‘radi.
3 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:31da yuborilgan so‘rovga rus tilida "Tez orada javob berishga harakat qilamiz va siz bilan yaqin orada bog‘lanamiz" degan javob olindi¸ ammo 3 iyul kun davomida DXXdan boshqa javob bo‘lmadi.
49 yashar Surat Haydarov asli samarqandlik bo‘lib, 1994 yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Bir necha yil Samarqanddagi qator lavozimlarda ishlagan, keyin Respublika Hisob palatasi va “O‘zkimyosanoat” shirkatida nufuzli lavozimlarda ishlagan.
2017 yil 21 fevralida “O‘zdonmahsulot" aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi etib tayinlangan.