Pasport olish oylarga cho‘zilayotgani bois talaba o‘qishga, muhojir ishiga qaytolmayapti

O‘zbekistondagi pasport stollarida ur-yiqit.

O‘zbekistonga ta’tilga kelgan muhojir ishchilar va xorijda o‘qiydigan talabalar biometrik pasport olish oylab cho‘zilayotgani bois ish yoki o‘qishni davom ettirish uchun qaytib keta olmayapti. Ozodlik gaplashgan pasport tizimi mas’ullari so‘nggi uch oy ichida yangi pasport olishga arizalar uch baravarga oshgani bois ularni qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish va vaqtida pasport berishni uddalay olmayotganliklarini tan oldi.

Eski pasportini yangi biometrik pasportga almashtirish uchun Moskvadan Urganchga uchib kelgan xorazmlik Gulnoza ikki oydan buyon har kuni shahar pasport stoliga qatnaydi.

Ikki farzandning onasi bo‘lgan Gulnozaning aytishicha, har safar borganida pasport stolidagilardan “hali chiqmadi, ertaga keling”, degan bir xil javob oladi.

Pasporti yo‘qligi bois Rossiyaga qaytolmayotgan Gulnoza ishidan ayrilgani, farzandlari esa maktabga vaqtida qaytolmaslik xavfi ostida qolganini aytadi:

- O‘n kun oldin Moskvada ishga chiqishim kerak edi. Vaqtida chiqmaganim uchun ishdan bo‘shatishdi. Mayli endi boshqa ish toparman. Lekin, bolalarimni maktabi qolib ketayapti. 3-sinfdagi o‘g‘lim maxsus fizika-matematika maktabiga boradi, kelasi haftadan o‘qish boshlanayapti. Lekin hali pasport qo‘limizga tegmadi. Hali OVIR olishim kerak. Qaytish chiptalarim kuyib ketdi. “Qachonga bilet olaylik”, desak bilmaymiz¸ deyishadi. Hozir farzandlarimiz maktabsiz, biz ishsiz qolib ketayapmiz, - deydi Gulnoza.

AQShda tahsil oladigan o‘zbekistonlik talaba ham Ozodlik bilan suhbatda yozgi ta’tilga kelib, pasport ololmayotgani sabab o‘qishini davom ettirish uchun Amerikaga qaytib ketolmayotganini aytadi:

- Yozgi ta’tildan foydalanib O‘zbekistonga kelib muddati tugagan pasportimni almashtirib¸ OVIR stikerini yangilashga kirishdim. Mana ikki oy bo‘ldiki¸ hamon pasportdan darak yo‘q. Men bu 2 oylik ta’til davrimda pasport olishim, OVIRni yangilashim va elchixonadan vizamni yangilashim kerak edi. Qaytib ketish biletim kuyib ketdi¸ hali ham pasport olganim yo‘q. Muddatidan kechikkanim uchun elchixona hali viza beradimi-yo‘qmi¸ bu masala endi savol ostida. Nega vaqtida pasport olmaganlarga jazo qo‘llaniladiyu, pasport vaqtida berilmasa kompensatsiya berilmaydi? Meni qaytish biletim kuyib ketdi, kim buni kompensatsiya qiladi? Pasportni bepulga olayotganimiz yo‘qku, - deydi ismi ochiqlanishini istamagan o‘zbekistonlik talaba.

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyulidan boshlab eski (nobiometrik) pasportlarning amal qilish muddati tugashi, shu muddat ichida eski pasportini yangi biometrik pasportga almashtirmaganlar javobgarlikka tortilishi belgilangan edi. Shu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi​ tarqatgan ogohlantiruv ortidan mamlakatdagi pasport bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi.

Shundan so‘ng odatda 10 ish kunida berilishi kerak bo‘lgan pasport aksar viloyatlarda, ikki oydan oshiqroq vaqtda berilmoqda.

Pasport tizimi rasmiylari murojaatlar ko‘payib ketgani bois pasport tayyorlash jarayoni cho‘zilib ketayotganini tan olishadi.

- 1 iyulgacha hamma pasport stollari ertalab 8 dan kech 9 gacha ariza qabul qildi. Shu davrda odatdagidan uch baravar ko‘p ariza tushdi. Shuning uchun bu arizalarni ko‘rib chiqish cho‘zilayapti. Pasport faqat bir joyda, Toshkentdagi Davlat personifikatsiya markazida tayyorlanadi. U yerda kunlik nagruzka 10 ming, lekin hozir nagruzka kuniga 30 mingtani tashkil etayapti. Pechatniy ustanovka bu nagruzkani ko‘tarolmayapti. Shuning uchun kechikayapti, - dedi Ozodlik suhbatlashgan Toshkent shahar pasport tizimi mulozimi.

Toshkentdagi Davlat personifikatsiya markazining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi bu xolatni tasdiqlar ekan, hajga, o‘qishga yoki davlolanish uchun xorijga ketayotganlarga birinchi bo‘lib pasport tayyorlab berilayotganini aytdi.

- Hozir juda ko‘p ariza tushgan. Shuning uchun birinchi bo‘lib kasallar yoki chetga o‘qishga ketayotganlar qilib berayapmiz. Hozir shunaqa bo‘lib qoldi, yaqin kunlarda hammasi joyiga tushadi, - dedi Davlat personifikatsiya markazi mulozimi.

O‘zbekistonda 2011 yilning yanvaridan boshlangan biometrik pasportga o‘tish jarayoni 2015 yilning dekabriga qadar to‘la yakunlanishi ko‘zda tutilgan edi.

Dastlab eski rusumdagi pasportlarning 2015 yil 31 dekabrigacha amalda bo‘lishi e’lon qilingan.

Keyinchalik Vazirlar Mahkamasi eski pasportlarning mamlakat ichidagi amal qilish muddatini 2018 yil 1 iyuligacha uzaytirdi.

Endilikda O‘zbekiston kelasi yil boshidan xorijga chiqish uchun alohida pasport joriy etmoqchi.

Hukumat esa hali to‘liq almashtirib berolmayotgan biometrik pasportlar o‘rniga¸ biometrik pasport xorijga chiqish uchun barcha talablarga javob berasa-da¸ yangi xorij pasporti joriy etish rejasiga rasmiy tushuntirish bergan emas.