Xorazmda o‘quvchi qizni homilador qilgan 43 yashar erkak ustidan jinoyat ishi ochildi

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylanish hollariga oid aniq statistika jamoatchilikka ma’lum emas.

Xorazmda voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilganlikda gumonlanayotgan 43 yoshli erkakka nisbatan jinoiy ish ochildi. Viloyat huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, olti oy avval Shovot tumani qishloqlaridan birining 9-sinf o‘quvchisi (Ozodlikka qiz va gumonlanuvchining shaxsi¸ qiz o‘qigan maktab va yashagan qishloq nomi ma’lum¸ ammo axloq nuqtai nazaridan e’lon qilinmayotir - tahr.) homilador bo‘lgach¸ qizning nomusiga tajovuz qilganlikda gumonlanib, ikki farzandning otasi qo‘lga olingan.

Shovot tumanining 9-sinf o‘quvchisi homilador bo‘lgan maktabida ishlovchi o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, voqea olti oy avval ro‘y bergan.

14 yashar qiz homilador bo‘lgani aniqlangach¸ maktab rahbariyati va tuman xalq ta’limi bo‘limi rasmiylarining so‘rovi asosida militsiya oyoqqa turgan.

Qizning ko‘rsatmasi asosida Yangibozor tumanida yashovchi ikki farzandning otasi bo‘lgan 43 yoshli erkak avgust oyida qo‘lga olingan.

- Nomusiga tekkan yigit qo‘shni Yangibozor tumanidan bo‘lib chiqdi. 1975 yilda tug‘ilgan Damas haydovchisi ekan. Shu voqeadan olti oy o‘tib¸ endi ish ochilayapti, yigit qamoqda, - dedi shovotlik o‘qituvchi Ozodlik bilan suhbatda.

Yangibozor tumani Ichki ishlar bo‘limi mulozimi 14 yoshli qizni homilador qilganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan erkakka nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi, voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi.

Ayni paytda homilador bo‘lgan qiz qo‘shmachi ayol tarafidan fohisha sifatida ishlatilgan, degan iddaolar ham aytilmoqda.

Qiz yashovchi mahalla faollaridan biri yangibozorlik qo‘shmachi ayol voyaga yetmagan qizlarni qo‘shni tumanga olib borib, kuniga 30 ming so‘m haq evaziga fohisha sifatida ishlatgani, oqibatda ular orasida bo‘lgan 9-sinf o‘quvchisi homilador bo‘lganini bildirdi.

- Shunday qilib ishlatib yurgan paytida qiz uni ishga tashiydigan Yangbozor tumanida yashovchi “Damas” xaydovchsidan homilador bo‘lib qolgan. Qiz bergan ko‘rsatma asosida shu yigit qo‘lga olindi. Lekin, bu qizdan fohisha sifatida foydalanib kelgan qo‘shmachi ayolga hech qanaqa chora ko‘rilmadi. O‘rtada hali voyaga yetmagan qiz homilador bo‘lib, vnematochniy bo‘lib, bolasi o‘lik tug‘ildi, - dedi qizning qo‘shnilaridan biri.

Shovot tumani Xalq ta’limi bo‘limi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda qizga ruhiy yordam ko‘rsatilib, maktabni to‘liq tugatishi uchun imkoniyat yaratib berilayotganini aytdi.

- Biz bu qizni normal hayotga qaytarish uchun mutaxassislar yollab, ruxiy yordam ko‘rsatdik. Maktabda boshqa sinfdoshlari uni masxara qilmasligi uchun bu holat sir tutildi¸ dedi Shovot tuman ta’lim tizimi mutasaddisi.

Shovot tumani hokimligining yoshlar siyosatiga mas’ul mulozimi Ozodlik bilan suhbatda homilador bo‘lgan qiz o‘qiydigan maktab alohida nazorat ostiga olinganini aytdi.

- Biz hozir bu qizni hamma o‘quvchilarning qatoriga qo‘shib, alohida nazorat ostida o‘qityapmiz. Yoshlarimiz hamma sharoitlar bo‘lishiga qaramay, chet el filmlari ta’sirida shunday beboshlikka yo‘l qo‘yishyapti-da, - dedi Shovot tumani hokimligining mulozimi.

Ozodlik o‘tmishda ham Xorazm viloyatida voyaga yetmagan qizlarning homilador bo‘lgani oid ayrim holatlar haqida xabar bergan edi.

To‘rt yil avval Shovot tuman Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 13 yashar qiz o‘z tug‘ishgan akasidan farzand ko‘rgan edi.

2015 yilda Xorazm viloyati Gurlan tumanining Guliston qishlog‘ida istiqomat qiladigan 12 yashar qiz ham o‘z akasidan farzand ko‘rgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yili esa Xiva tumani Sayot qishlog‘ida yashovchi 15 yashar o‘quvchisi Xiva tuman tug‘ruqxonasida o‘g‘il tuqqan edi.