Sud MIB xodimini boshlig‘ini o‘ldirganlikda ayblab 16 yilga qamadi

Shavkat Ibratov

Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tuman Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Bahrom Jo‘raevni pichoqlab o‘ldirganlikda ayblangan MIB sobiq xodimi Shavkat Ibratovni sud 3 oktabr kuni 16 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Shavkat Ibratovning yaqinlari mahkama adolatsiz o‘tganini, ayblanuvchi foydasiga guvohlik berganlar ko‘rsatmasini sud inobatga olmaganini iddao qilmoqda.

Qashqadaryo viloyat Jinoyat ishlari sudi 3 oktabr kuni Yakkabog‘ tuman Majburiy ijro byurosi sobiq xodimi 23 yashar Shavkat Ibratovni 16 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi. U jazo muddatini umumiy tartibdagi koloniyada o‘taydi.

Shavkat Ibratov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-moddasi, ikkinchi qismi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish), “g” bandi(o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini) bilan ayblandi.

Shavkat Ibratov Yakkabog‘ tumani MIB boshlig‘i Bahrom Jo‘raevni joriy yilning 3 mayida o‘z ish kabinetida pichoqlagan edi.

Bahrom Jo‘raev olgan jarohatlari tufayli kasalxonaga yotqizilgan va oradan uch oy o‘tib, kasalxonada jon bergan.

Bahrom Jo‘raev qo‘l ostidagi xodim - Shavkat Ibratovni ishdan bo‘shatganligi bu janjalning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan edi.

Yakkabog‘ tumani MIBning ismi sir qolishini so‘ragan xodimiga ko‘ra, o‘sha kuni Shavkat mast holda ishxonaga kelgan edi:

“O‘sha kuni Shavkat Ibratov mast holatda kelib, byuroga kirgan. Uni hamma tanigani uchun hech kim yo‘lini to‘smagan. Boshliqning xonasida janjal bo‘lgan va oqibatda Shavkat boshliqni pichoqlagan. Boshliq bilan uning o‘rtasida konflikt bor edi. Bundan bir oylarcha oldin attestatsiyadan o‘tkazilmagan edi, dedi MIB xodimlaridan biri.

Shavkat Ibratovning mahkamada ishtirok etgan opasi Gulsanam Ibratovaning iddao qilishicha, uning ukasiga haddan tashqari katta jazo berilgan:

- Birinchidan, sudda ukamning MIB boshlig‘i qanday odam bo‘lganligi, uni doim “kalamush” deb, haqorat qilib tahqirlagani haqidagi gaplarini inobatga olmadi. Boshliq ukamni kabinetiga chaqirib, uni haqoratlab kaltaklaganida, ukam o‘zini himoya qilish uchun stol ustida turgan oshxona pichog‘ini jon achchig‘ida qo‘liga olgan. Bu haqda so‘zga chiqqan boshqa guvohlar ham ukamning qo‘liga pichoq olishiga MIB boshlig‘ining noqonuniy xatti-harakatlari sabab bo‘lgani haqida ko‘rsatma berishdi. Ikkinchidan, MIB boshlig‘i pichoqlangandan keyin tuzalib, ikki hafta ishlagan. Keyin yana kasal bo‘lib, shifoxonaga yotgan. Boshliqning o‘limi aniq pichoq zarbasidanmi yoki boshqa o‘zining kasalligi bormidi, bu ham sudda isbotlab berilmadi. Sud esa eng og‘ir jazoni tayinladi, dedi Gulsanam Ibratova.

U sud hukmidan norozi bo‘lib apellyatsiya berishini qo‘shimcha qildi.

Ozodlik Qashqadaryo viloyati Jinoyat ishlari sudi bilan bog‘lanib, Gulsanam Ibratovaning iddaosi bo‘yicha izoh so‘radi. Ammo, o‘zini tanishtirmagan mulozim telefon orqali ma’lumot berilmasligini aytdi.

Yakkabog‘dagiga o‘xshash boshliq-xodim janjali shu yil yozda Andijon viloyatida ham qayd etilgan edi. 13 iyul kuni Andijon shahridagi Yangi shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘ining o‘rinbosari qilib tayinlangan Baxtiyor Ahmedov shu kunning o‘zida xodimini ish joyida pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanib, hibsga olingan edi.