Buxoroda yashovchi 46 yoshli mardikor Rustam Mavlonov "militsiya zobiti uni do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlikka shikoyat qildi.
Mavlonovning iddaosicha, kapitan unvonidagi Jamshid ismli militsiya zobiti uni 19 oktabr kuni sherigi bilan birga ushlab, Buxoro tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib borgan va maqsadsiz yurganini pesh qilib, kaltaklagan.
Mavlonov Buxoro shahar kasalxonasiga yotqizilgani va qovurg‘asi singani haqdagi hujjatlarni Ozodlikka taqdim etdi. Lekin u militsiya xodimi kaltaklagani yuzasidan huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilmagan.
Buxoro tumani bozorida mardikorlik qiluvchi Rustam Mavlonovning Ozodlikka aytishicha, 19 oktabr kuni u sherigi bilan uyiga qaytayotganida kapitan unvonidagi militsiya zobiti ularni "maqsadsiz yurganlik"da ayblab, militsiya bo‘limiga olib borgan va do‘pposlagan.
- Sherigim Shavkat bilan ishdan qaytayotganimizda, militsiya xodimi bizni to‘xtatib hujjat so‘radi. "Nimaga maqsadsiz yuribsizlar", deb militsiya bo‘limiga olib ketdi. "Nega maqsadsiz yurar ekanmiz, bozorda mardikorlik qilamiz, o‘g‘irlik qilganimiz yo‘q, jinoyat qilganimiz yo‘q, nega bu yerga asossiz olib keldingiz", desak, "xohlasam qamab ham qo‘yishga haqqim bor", deb qornimga tepdi. Yotib qoldim, yerga yiqildim. “Seni hozir kameraga qamayman”, deb yerda yotgan holimda yana tepdi. Sherigimni ham do‘pposladi, - deb iddao qildi Rustam Mavlonov.
Buxorolik yana bir mardikor, 38 yoshli Shavkat To‘raev sherigi Rustam Mavlonovning militsiya bo‘limida kaltaklanganiga shaxsan guvoh bo‘lgani, o‘zi ham militsiya zobitidan kaltak eganini Ozodlikka aytdi:
- Hammasi mening ko‘z o‘ngimda bo‘ldi. Bo‘limga olib borib do‘pposlashdi, sherigimni yomon qilishdi, qovurg‘asiniyam sindirishdi, men gap qaytarmaganim uchun uncha ko‘p urishmadi. Militsiyadan chiqqanimizdan so‘ng tez yordam chaqirtirib, Buxoro shahar kasalxonasi xirurgiya bo‘limiga olib bordik, u yerda qovurg‘asi singanini aytishdi.
Mavlonov Buxoro shahar kasalxonasiga yotqizilgani va qovurg‘asi singani haqdagi hujjatlarni Ozodlikka taqdim etdi.
Ozodlik Mavlonov yotgan Buxoro shahar Tibbiyot birlashmasiga qo‘ng‘iroq qildi.
Kasalxona shifokori kaltaklanish belgilari bilan shunday ismli bemor 19 oktabr kuni kuni olib kelingani, ahvoli yaxshi ekanini aytish bilan cheklandi.
Mavlonov ham To‘raev ham militsiya bo‘limida kaltaklangani yuzasidan huquq-tartibot idoralariga arz qilishmagan.
- Arz qilsalaring "qamattirvoraman", deb qo‘rqitdi. Kasalxonadagilar ham "shikoyat qilishing kerak", deyishdi, men "yo‘q" dedim. Shikoyat qilganning foydasi yo‘q, ular doim o‘zinikini himoya qilar ekan, aybli biz bo‘lib qolar ekanmiz, - deydi Mavlonov.
Ozodlik buxorolik mardikorlarning iddaosi yuzasidan Buxoro tumani Ichki ishlar boshqarmasiga ham telefon qildi.
Militsiya navbatchisi Ozodlik muxbiri savolini eshitgach, boshlig‘i bilan qisqa maslahatlashuvdan so‘ng telefonni qo‘yib qo‘ydi.
Militsiya hodimlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi intsidentlar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.
Shu yilning iyun oyida Qashqadaryoning Kitob tumanida homilador ayol militsiya zobiti uni kaltaklashi oqibatida u qornidagi homilasidan ajralib qolish xavfini boshidan kechirgan haqida Ozodlikka shikoyat qilgan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shu yilning may oyi oxirida esa surxondaryolik fermer prokuratura xodimlari uni do‘pposlab, qovurg‘asini sindirgani haqda da’vo qilib, O‘zbekiston bosh prokuraturasi va O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga shikoyat qilganidan 45 kun o‘tib mahalliy prokuratura fermerning o‘zini organ xodimiga qo‘l ko‘targanlikda ayblab, uning ustidan jinoyat ishi ochilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.