Sirdaryoda hasharchilar tushgan traktor pritsepi ag‘darildi, 22 kishi kasalxonada

Illyustrativ surat.

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida paxta ortilgan, paxta ustida esa, hasharchilar bo‘lgan traktor pritsepi ag‘darilishi oqibatida o‘ttizga yaqin odam jarohatlandi.

Jarohatlanganlar Guliston shahridagi Shoshilinch tibbiy yordam markaziga yotqizildi.

Mirzaobod tuman hokimligi va Ichki ishlar bo‘limi rasmiylari Ozodlikka halokat yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini aytdi.

25 oktabr kuni yuz bergan halokat guvohlarining aytishicha, paxta tashiydigan traktor ag‘darilishi oqibatida pritsep ustida bo‘lgan o‘ttizga yaqin hasharchi jarohatlangan.

Guvohlardan biri ismi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka bularni aytdi:

- Traktor pritsepi paxtaga to‘la, uning ustida taxminan o‘ttizta hasharchi ketayotgan edi. Traktorchi birdaniga rulni o‘ng tomonga burib yuborgan, pritsep bir tomonga og‘ib, ustida o‘tirgan hasharchilar bilan ag‘nagan.

Halokat oqibatida pritsep ustida bo‘lgan hasharchilar turli jarohat olgan, shulardan 22 nafari Guliston shahridagi Shoshilinch Tibbiy yordam markaziga yotqizildi.

Shifokorlarga ko‘ra, ularning hayoti xavf ostida emas. Shoshilinch Tibbiy yordam markazi shifokori bunday dedi:

- Kecha olib kelishdi. Boshi yorilgani bor, oyog‘i singani bor. Hammasiga lozim yordam ko‘rsatilyapti. Hayoti xavf ostida emas.

Mirzaobod tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimi traktor halokati yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilayotganini aytdi:

- Haydovchi men hasharchilarni mindirmaganman, o‘zlari pritsepga chiqib olishgan deyapti. Hasharchilarning o‘zlari ham, bir daladan ikkinchi dalaga o‘tishda piyoda yurishga erinib, shu traktor pritsepining ustiga chiqib olishganini aytishyapti.

Shu kunlarda paxta yig‘im-terimiga O‘zbekiston bo‘ylab ommaviy safarbarlik e’lon qilingan.

Har yilgi paxta mavsumida bo‘lgani kabi bu yil ham terim kampaniyasi halokatlarsiz bo‘lmayapti.

11 oktabr kuni Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida terimchilarni paxta dalasiga tashiyotgan “Isuzu” rusumli avtobusi halokatga uchrashi oqibatida 19 odam jarohatlandi.

Sentabr oyida Buxoroning Kogon tumanida yo‘lovchi avtobusining portlashi natijasida 5 kishi qurbon bo‘lgan, 20 dan ortiqrog‘i yaralangandi.

Ayrim mustaqil manbalar xabar tarqatganidek, avtobusda paxta terimchilari bo‘lgan. Lekin, hukumat rasmiylari avtobus mardikorlarni makkajo‘xori terimiga olib borayotganini bildirgan edi.