Toshkentdagi "Piyoz ishi" doirasida o‘tkazilgan tergov davomida yirik rastratada ayblanib, qamoqqa olingan “Chilonzor buyum savdo kompleksi”ning kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Abdullaev, yaqinlarining iddao qilishicha, tergov izolyatorida qiynab o‘ldirilgan.
Ozodlik bilan muloqot davomida ular Dilshod Abdullaevning qiynab o‘ldirilgani¸ keyin “o‘zini osdi”, deb rasmiylashtirilganini iddao qildi.
Bosh prokuratura Abdullaevga nisbatan ruxsat etilmagan hech qanday metodlar qo‘llanilmagani, "u o‘z joniga qasd qilgani”ni bildirdi.
12 noyabr kuni 1-sonli Toshkent tergov izolyatoridan o‘ligi chiqqan “Chilonzor buyum savdo kompleksi”ning kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Abdullaev yaqinlarining da’vo qilishicha, avvaliga qiynab o‘ldirilgan¸ keyin esa “o‘zini osdi”, deya rasmiylashtirilgan.
“11 noyabr kechki payt qiynab o‘ldirib qo‘yishgan. Keyin o‘zini osgan qilib inssenirovka qilishgan”, - dedi marhumning o‘z ismi ochiqlanmasligini so‘ragan qarindoshi.
Lekin, bu haqda qaerdan bilishi haqida so‘ralganida suhbatdosh aniq jaob berolmadi.
“Dilshod akamni o‘zini osishiga men ishonmayman. Aybni bo‘yniga qo‘yish uchun uni qiynab o‘ldirishgan, badanida qiynoq belgilari bor edi”, - dedi Dilshod Abdullaevning qarindoshi.
Lekin, O‘zbekiston bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlikning 13 noyabr kungi so‘roviga javoban “Abdullaevga nisbatan ruxsat etilmagan hech qanday metodlar qo‘llanilmagani, u o‘z joniga qasd qilgani”ni bildirdi.
Ayni chog‘da Bosh prokuraturaga ham marhum tergov hibsxonasida saqlanayotgan bir paytda, qanday qilib o‘z joniga qasd qilgani va qanday vositadan foydalangani noma’lum.
“D.Abdullaevning o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda”, - deyiladi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bildiruvida.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, ekspertiza xulosasida 43 yoshli Dilshodning hech qanday ruhiy kasallikdan azoblanmayotgani va ruhiy kasalliklar ro‘yxatiga qo‘yilmagani ma’lum bo‘lgan.
“Chilonzor buyum savdo kompleksi” AJ Kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Dilshod Abdullaev shu yilning avgust oyida Toshkentdagi yirik bozorlarda o‘tkazilgan reyd payti bozorning boshqa rahbarlari qatori yirik rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish ishida ayblanib, qo‘lga olingandi.
Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-modda 3-qismi “a” bandi, 168, 210 va 211-moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgandi.
Abdullaevning tergov izolyatoridagi shubhali o‘limi yuzasidan Ozodlik O‘zbekiston Jazoni ijro etish muassasasi rahbariyatidan izoh ololmadi.
Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, Dilshod Abdullaev 13 noyabr kuni Toshkentda dafn etilgan.
Piyoz ishi
Shu yilning avgust oyida piyoz ishi doirasida Toshkentda 11 bozorqo‘m hibsga olingan edi.
Bosh prokuratura bildiruviga ko‘ra, bozorlar rahbarlari, jumladan, “O‘rikzor” bozori rahbari davlat zahirasidagi piyozning chirib ketgani uchun ochilgan jinoyat ish doirasida qo‘lga olingan.
Dastlab piyoz mojarosi sabab ochilgan jinoyat ishi keyinchalik qo‘lga olingan bozorlar rahbarlarining faoliyatini taftishi bilan davom ettirilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati sentabr oyi boshida poytaxtdagi hibsga olingan bozor rahbarlari piyoz mojarosidan tashqari yana bir qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotganini ma’lum qildi.
Ushbu jinoyat ishi doirasida sentabr oyida Toshkentdagi sobiq “Ippodrom”¸ hozirgi “Chilonzor buyum savdo kompleksi”da ham tekshiruv o‘tkazilib, bozor faoliyati taftish qilingan bozor rahbarlari hibsga olingan edi.
Qiynoqlar to‘xtatilsin!
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yili hukumat majlisida tergov jarayonida qiynoq qo‘llagan shaxslar, "kim bo‘lishidan qat’iy nazar, muqarrar javobgarlikka tortilishini aytgan.
2017 yil, 7 dekabr kuni Konstutitsiyaning 25 yilligiga bag‘ishlangan nutqida Mirziyoev: "Bundan buyon O‘zbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa shafqatsiz zo‘ravonlik holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaxs, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi", - deb aytgan edi.
O‘zbekistonlik huquq faollari ham hibsxonalarda qiynoqlar to‘xtatilishini talab qilib keladi.
Ammo ularga ko‘ra, amalda vaziyat o‘zgarishsiz qolgan.
Tergov hibsxonalarida qiynoqlar haqida Ozodlikka Mirziyoevning chiqishidan keyyin ham shikoyatlar kelishda davom etmoqda.
13 noyabr kuni Ozodlik Navoiy shahridagi 46-sonli tergov izolyatorida firibgarlikda gumonlanib ushlab turilgan mahbus qiynoqqa solinishi ortidan tomirini kesish orqali o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgani haqda xabar bergan edi.