Navoiy erkin iqtisodiy zonasining yangi rahbari qisqa vaqt ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

51 yashar Habib Abdullaev

Moskva shahar O‘zbeklar milliy-madaniy avtonomiyasi rahbari, 1956-1962 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasiga prezidentlik qilan taniqli geolog va minerolog​ olim¸ akademik Habib Abdullaevning nabirasi Habib Abdullaev (bobosi bilan ismi-sharifi ayni - tahr.) “Navoiy” erkin iqtisodiy zona direktori etib tayinlandi.

Ozodlik bilan telefon orqali gaplashgan 51 yashar Habib Abdullaev bu lavozimga "Buyuk kelajak" xalqaro ekspertlar orasidan tanlab olingani va ish faoliyatini boshlaganini tasdiqladi.

- Bosh vazir bilan kelishilgan holda qaror qabul qilindi, tayinlanganim to‘g‘risida hujjat imzolangan. Shanba kuni ishni boshladim. Bungacha ham men Rossiyadagi erkin iqtisodiy zonalarda ishlab kelganman. Men u yerda ham investorlar va rezidentlarni bu zonalarga jalb qilishga javobgar edim. Bu ish men uchun yangilik emas - 2010 yildan buyon shu sohadaman.

Sodda qilib aytsam, yangi vazifam bu hududda ishlab chiqarishni rivojlantirishga erishishdir. Bu mahsulotlarning eksport yoki import qilinadigan tovarlar o‘rnini bosuvchi bo‘lishi maqsadga muvofiqdir¸ deydi Habib Abdullaev.

Habib Abdullaev shuningdek¸ hukumat tashabbusi bilan tuzilgan “Buyuk kelajak” vatandosh mutaxassislar uyushmasining bir nechta a’zosi allaqachon O‘zbekistonda yuqori lavozimlarda ish boshlaganini qo‘shib o‘tdi.

Habib Abdullaev ota-onasi bilan

600 gektarlik “Navoiy” EIZ respublika sanoat salohiyatini, ishlab chiqarish, transport-tranzit va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 2017 yilning mart oyida tashkil topgan.

Habib Abdullaevga ko‘ra¸ hozirda bu zonada gaz ballonlari, farmatsevtika tovarlari, mobil telefonlar va planshetlar hamda avtomobil ehtiyot qismlari kabi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi 18 korxona faoliyat yuritmoqda.

- Tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirmayman, ammo menga katta vakolatlar berildi. Hozircha erkin hudud faoliyatini boshqaruvchi normativ hujjatlar oxirigacha qabul qilinganicha yo‘q, ammo men oldin yaratilganni buzish istagida emasman, aksincha borini rivojlantirish va yangi zamonaviy imkoniyatlarni ishga solmoqchiman, birqancha sinovdan o‘tgan modellarni joriy etmoqchimiz. Qisqa vaqt ichida natija ko‘rsatishimiz kerak, deydi suhbatdosh.

Habib Abdullaev “Navoiy” erkin iqtisodiy zona direktori etib tayinlanishidan oldin Moskvadagi “Rikor” texnoparki bosh direktori lavozimida ishlagan. U Moskvadagi O‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi raisi, «O‘zbegim» gazetasi noshiri hamdir.