OzodTa’sir: O‘quvchilar ommaviy kaltaklangan maktabning uch xodimi ishdan bo‘shatildi (VIDEO)

Navoiy shahridagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi o‘quvchilarining ommaviy kaltaklangani borasidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng ushbu maktabning uch xodimi ishdan olindi. Madaniyat vazirligi rasmiysiga ko‘ra, o‘z tasarrufidagi maktabda sodir bo‘lgan ushbu voqea bo‘yicha prokuratura ham surishtiruv boshlagan.

Ozodlik orqali 18 fevral kuni e’lon qilingan “Madaniyat vazirligi maktab o‘quvchilari ommaviy kaltaklanganini o‘rganmoqda” sarlavhali maqoladan so‘ng Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining uch xodimi ishdan olingan. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Mavluda Asqarxo‘jaeva Ozodlikka ma’lum qildi.

“O‘quvchilarning kaltaklanish voqeasi bo‘yicha Madaniyat vazirligi o‘z surishtiruvini olib borayapti. Bu voqea vazirlikdan umuman yashirilgan. Hozirda ish prokuraturaga berildi”, dedi Asqarxo‘jaeva.

Madaniyat maktabi xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, yana ikki kishiga hayfsan ham berilgan.

“Ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Hasanova Gulshan, yotoqxona komendanti Jabborov Fayzulla va yotoqxona tarbiyachisi Sulaymon Qo‘chqorov 19 fevral kuni ishdan haydaldi. Yoshlar yetakchisi Ashurov Farhod va ruhshunos Haqberdieva Sharofatga xayfsan berildi. Starosta yigit bilan Ichki ishlar xodimlari suhbat o‘tkazib, undan tushuntirish xati olishdi”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz maktab xodimi.

Ozodlikka yo‘llangan videoda o‘ndan ziyod bolaning saf tortib, qator bo‘lib turgani va bir yigit ularga birma-bir musht tushirgani aks etgan. Urayotgan yigit xuddi bokschidek, bolalarga kuch bilan musht tushiradiki, har urganida musht ovozi eshitiladi. Video davomida “Bokschi” yigit “Men qaysingni urdim, kimni urdim”, deb so‘raydi. Musht yegan bolalar jo‘r ovozda “Hech kimni” deb javob berishadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Маданият вазирлиги мактаб ўқувчилари оммавий калтакланганини ўрганмоқда

Ozodlik o‘tkazgan surishtiruvlari natijasida videodagi voqea Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi yotoqxonasida sodir bo‘lganini aniqladi. Voqea guvohlaridan biriga ko‘ra, video o‘quvchilardan biri tomonidan yashirin ravishda tasvirga olingan.

18 fevral kuni maktab direktori G‘olib Sattorov Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchilarning kaltaklanish voqeasi 14 oktabr kuni sodir bo‘lgani va voqea bo‘yicha ikki kishiga xayfsan berilganini aytgandi.

Ayni paytda Ozodlikka bog‘langan voqea guvohlaridan biri kaltak egan o‘quvchilar aybdorlarga berilgan jazodan qoniqmagani uchun videoni matbuot orqali namoyish qilishga qaror qilganliklarini ta’kidlagan.