O‘zbekiston prezidenti g‘alla yetishtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhlariga g‘alla hosildorligini kamida 30 foizga oshirishga doir “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishni hamda uning ijrosini ta’minlashni buyurdi.
Bu haqda xabar qilgan O‘zA agentligiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoev raisligida 25 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida g‘alla hosildorligini 30 foizga oshirishning tabiiy va moddiy asoslari mavjudligi aytilgan.
Yig‘ilishda bu yilgi g‘alla hosili uchun o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori xarid narxi belgilangani ham e’lon qilingan.
Ozodlik suhbatlashgan fermerlar g‘alla xarid narxi oshirilganini olqishlar ekan, ayni paytda barcha xo‘jaliklar oldiga hosildorlikni 30 foizga oshirish to‘g‘risida bir xil talab qo‘yish noto‘g‘ri ekanligini o‘z xo‘jaliklari misolida tushuntirishga urindi.
Prezidentning g‘alla plani
25 fevralda o‘tkazilgan yig‘ilishda bu yil yog‘in miqdori o‘tgan yilga nisbatan 2 marta yuqori ekani, Tollimarjon, Chimqo‘rg‘on, Pachkamar va boshqa suv omborlarida o‘tgan yilga nisbatan 2-3 barobar ko‘p suv yig‘ilgani, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv ta’minotini yaxshilash uchun Sardoba suv ombori ishga tushirilgani qayd etilgan.
“Qolaversa, azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar o‘z vaqtida joylarga yetkazib berilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, hosildorlikni va don yetishtirish hajmini o‘tgan yilga nisbatan kamida 30 foizga oshirish uchun barcha imkoniyat mavjud”, deyiladi O‘zA xabarida.
Hukumat hosildorlikni oshirishga g‘alla uchun fermerga to‘lanadigan haqni ko‘tarish bilan ham erishmoqchi.
2019 yilda bug‘doyning har bir tonnasi uchun 1 million 200 ming so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori xarid narxi belgilandi.
“…fermerlarni rag‘batlantirish uchun 2019 yilda bug‘doyning har bir tonnasi uchun 1 million 200 ming so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar yuqori xarid narxi belgilandi. Yuqori hosil olgan fermerlarga davlat xarid narxiga 25 foizgacha, ya’ni har bir tonna don uchun 300 ming so‘mgacha ustama qo‘llash tizimi joriy qilindi”, deyilgan xabarda.
Fermerlarning elementar arifmetikasi
Pop tumanilik (Namangan viloyati) fermer Umida Ibragimova o‘tgan yili o‘z ixtiyoridagi 24 gektar yerning yarmida g‘alla, yarmida paxta yetishtirdi. (Fermerning 27 fevral kuni Ozodlikka bildirishicha, u shu kunda davom etayotgan fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirish jarayonida yersiz qolganki bu - boshqa maqola mavzui)
Prezident o‘tkazgan yig‘ilishdan xabari borligini bildirgan fermer Umida Ibragimova g‘alla xarid narxining oshirilganini olqishlar ekan, dedi:
- 1 mln 200 ming o‘tgan yilgi narxga qiyoslasak, albatta, yaxshi. 16- yili 450 ming so‘m bo‘lgan (1 t. g‘allaning davlat belgilagan xarid narxi – tahr.) 17- yili yana oshdi, o‘tgan yili 750 ming so‘m bo‘ldi. Narx oshgani, albatta, yaxshi.
Fermer Umida Ibragimovaning aytishicha, o‘tgan yili yetishtirgani g‘allaning har gektaridan u ko‘rgan foyda taqriban 200 ming so‘m bo‘lganki, “bu albatta, oz”. (200 ming so‘m = $25)
Tuman hokimidan qo‘rqib ismi aytilmasligini so‘ragan Yozyovon tumanilik (Farg‘ona viloyati) fermer ham o‘tgan yili yetishtirib, davlatga topshirgan g‘allasidan gektar hisobiga taqriban 200 ming so‘mdangina foyda ko‘rganini aytarkan, har gektar g‘allani yetishtirish uchun sarflagan harajatlarini sanab berdi:
O‘tgan yili har gektar yerdan 2,5 tonnadan bug‘doy topshirdim. Bu har tonnasi 750 ming so‘mdan 1875 ming so‘m degani.
“O‘tgan yili har gektar yerdan 2,5 tonnadan bug‘doy topshirdim. Bu har tonnasi 750 ming so‘mdan (o‘tgan yilgi narx) 1875 ming so‘m degani. Mana bu esa, har gektar uchun harajatlarim:
Yerni haydatish – yonilg‘i va boshqa harajatlarni qo‘shganda 450 ming so‘m;
azotli o‘g‘it – 500 kg – 450 ming so‘m;
fosforli o‘g‘it – 200 kg – 300 ming so‘m;
bank xizmati uchun to‘lovlar, kengashga o‘tkaziladigan pul – 30 ming so‘m atrofida;
hosil o‘rimi – 200 ming so‘m;
hosilni davlat omboriga tashish – 100 ming so‘m;
Yer solig‘i – 120 ming so‘m”.
Shunday qilib, yozyovonlik fermer 1 gektar maydonda g‘alla yetishtirish uchun 1650 ming so‘m sarflagan. Shuncha xarajat evaziga 1 ga maydonda 2,5 tonna g‘alla yetishtirgan va hosilni 1875 ming so‘mga sotgan. Fermerga 215 ming so‘m ($27) foyda qolgan.
Yozyovonlik fermer xarajatlarini hisoblar ekan, ishchilariga to‘lanadigan haqni hisobga kiritmadiki, surishtirib, ishchiga haq to‘lash alohida “san’at” ekanligini tushundik.
Prezidentning dalaga to‘g‘ri kelmayotgan gapi
Prezident o‘tkazgan yig‘ilish to‘g‘risidagi O‘zA xabarida mana bu gap bor:
“O‘tgan yili ob-havo o‘ta issiq va quruq kelgani, janubiy viloyatlarda suv tanqis bo‘lganiga qaramay, fermerlarimizning fidokorona mehnati tufayli har gektardan o‘rtacha 45 sentnerdan hosil olinib, jami 5 million 200 ming tonnadan ortiq g‘alla yetishtirildi”.
Demak, bu yil har bir fermer yetib borishi lozim bo‘lgan marra kamida 45 sentnerdan boshlanadi. Boz ustiga “hosildorlikni 30 foizga oshirish” lozimligi aniq-tiniq belgilab qo‘yildi.
Biroq Ozodlik 27 fevralda suhbatlashgan ikkala fermer ham bu vazifani bajarish imkonsizligini aytdi.
Suv ikkita nasos bilan tortib chiqariladi. Svet bo‘lsa suv keladi. Bo‘lmasa, suvsiz qolamiz.
Poplik fermer Umida Ibragimovaning aytishicha, u o‘tgan yili har gektar yerdan 27 sentnerdan g‘alla hosili olgan. Bu yil (agar yerini qaytarib ololsa, albatta) hukumat qo‘yayotgan vazifani – hosildorlikni 30 foizga ko‘tarishni – uddalay olmaydi. Chunki:
- Yerim Popning eng og‘ir zonasida. Suv ikkita nasos bilan tortib chiqariladi. Svet bo‘lsa suv keladi. Bo‘lmasa, suvsiz qolamiz. Yerimiz toshloq. O‘tgan yilgi ko‘rsatkichni yana 30 foizga ko‘tara olmaymiz.
Yozyovonlik fermer esa, bunday dedi:
Mening yerlarim 56 banitetlik va men 22-23 sentnerdan g‘alla yetishtira olishim mumkin xolos.
“Har bir fermer yerining ball-baniteti bor. Shunga qarab yerning qancha hosil bera olishi belgilanadi. Masalan, mening yerlarim 56 banitetlik va men 22-23 sentnerdan g‘alla yetishtira olishim mumkin xolos. Endi, mana, Prezident o‘tkazgan yig‘ilishdan keyin kelib aytishdiki, 45 sentnerdan topshirishimiz kerak ekan. Buning sira iloji yo‘q”.
Bosh vazir nazdidagi xiyonat yoki Marra - 40 s.
Bosh vazir Abdulla Aripov 2018 ning 27 noyabrida “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi.
Qaror mohiyatiga ko‘ra, “respublikada yetishtirilayotgan boshoqli don hosilining keskin ko‘paymayotgani uchun ayb yerlarni sifatsiz tayyorlab, urug‘likni belgilangan muddatdan kech ekayotgan¸ agrotexnik tadbirlarni qo‘pol ravishda buzayotgan va hosildorlikni oshirish chorasini ko‘rmayotgan¸ yalpi hosil bo‘yicha aniq hisob bermayotgan" fermerlarga yuklatilgan.
Ana shunday vaziyatga barham berish uchun Bosh vazir Abdulla Aripov 2019 yili sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olishni “yerga nisbatan xiyonat” deb baholagan va bunday xiyonat uchun jazo choralari belgilagan.