Kelini foydasiga qaror chiqqanidan norozi qaynota sud zalida o‘z joniga qasd qildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining (Xorazm viloyati) 12 mart kungi qaroridan norozi bo‘lgan javobgar sud zalida bo‘g‘zini piska bilan kesib o‘z joniga qasd qildi.

Xazorasp tuman kasalxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan qaynota ajrashgan kelinining kiyimlarini qaytarish to‘g‘risidagi sud qaroridan noroziligini shu yo‘sinda bildirdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ voqea yuzasidan Bog‘ot tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mol achchig‘i..

Bog‘ot tumanlararo sudida yuz bergan voqea guvohi bo‘lgan mahalliy advokatning (ismi aytilishini istamadi) aytishicha¸ eridan ajralgan xazorasplik ayol Z.A. birga ro‘zg‘or yuritgan paytida sotib olingan kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shak berilmaganidan norozi bo‘lib sobiq eri J.A. ustidan sudga shikoyat qilgan:

- Sud ko‘rib chiqib, kelinning da’vo arizasini qondirdi va ust-boshi qaytarilsin, dedi. Sudda da’vogar kelinning o‘zi qatnashmadi. Sobiq er xam yo‘q edi. Da’vogar vakili sifatida sudda qatnashgan kelinning sobiq qaynotasi R.A. sud qaroridan norozilik bildirib, soqol oladigan lezvie bilan bo‘yin tomirini kesib tashladi. Qon oqib ketdi. Doktor chaqirishdi.

Rasmiy ma’lumot

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ joriy yilning 12 mart kuni “Bog‘ot tumanlararo sudining raisi Jamol Quryazov raisligida da’vogar Z.A.ning javobgar J.A.ga (sobiq turmush o‘rtog‘i) nisbatan “mol-mulk undirish to‘g‘risida”gi da’vo arizasi advokat D.B., da’vogar vakillari M.A. va Z.E.lar hamda javobgar sifatida J.A.ning otasi R.A.lar ishtirok ko‘rib chiqilgan”.

Ma’lumotnomada aytilishicha¸ “Sud raisi da’voni qanoatlantirib, Z.A.ning foydasiga hal qiluv qarori chiqarilganini e’lon qilganidan so‘ng javobgarning otasi R.A. sud ishtirokchilari oldida, jahl ustida o‘zining bo‘yin sohasiga o‘tkir kesuvchi lezvie bilan jarohat yetkazgan”.

Yarador qaynota kasalxonada

Bog‘otlik advokatning aytishicha¸ “sud qaroridan norozilik sifatida o‘zini yaralagan qaynota Xazorasp tuman kasalxonasiga olib ketilgan”.

Ozodlik bilan 15 mart kuni gaplashgan Xazorasp tuman kasalxonasi vrachining aytishicha¸“Bemor hozirda xushiga kelgan va ko‘p qon yo‘qotgani bois xolsiz bo‘lsa ham ahvoli stabil o‘rtacha holatda”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lumotnomasida “Ish bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasi o‘tkazilib R.A.ning bo‘yin sohasi oldingi yuzasida aylanasimon kesilgan jarohat” qayd qilingani aytiladi.

Qaror o‘z kuchida qoldi. Kelinning kiyimlari qaytariladi

Ozodlik Bog‘ot tumanlararo sudi hakami Jamol Quryozov bilan gaplashdi. Quryozov o‘z sud tajribasida ilk bora bunday norozilik bilan yuzlashganini aytarkan, dedi:

- Sud qarorini o‘qib bo‘lishim bilan javobgar tomon vakili¸ ya’ni kelinning sobiq qaynotasi baqir-chaqir qilib o‘z bo‘ynini kesib tashladi. Shuncha yil sudyalik qilib ilk bor ko‘rdim shunday voqeani. Lekin qaynotaning norozi bo‘lib o‘z joniga qasd qilgani sud qaroriga ta’sir qilmadi. Chunki bundan oldin qarorni o‘qib bo‘lgan edim. Bu qaror ustidan shikoyat qilinmadi. Demak kelinning kiyim-kechak va ko‘rpa-yoëstiqlarini javobgar taraf qaytarishga majbur.

Bog‘otdagiga o‘xshash voqea 2018 yilning mart oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida binosida yuz bergan, o‘shanda hukmdan norozi bo‘lgan mahkum pichoq bilan tomog‘ini kesib tashlagan edi.