“Avtotest” imtiyozi fosh qilingan maqolalar mahalliy matbuotdan olib tashlattirildi

O‘zbekistonlik haydovchilarning malakasini “Avtotest” MChJga qarashli kurslardagina oshirishga yo‘l ochuvchi qonun tanqid qilingan maqolalar Uza.uz¸ Kun.uz¸ Minbar.uz saytlaridan 7 may kuni olib tashlandi. Tilga olingan nashrlar xodimlarining aytishicha¸ maqolani olib tashlash buyrug‘i DXXdan kelgan.

Ayni paytda “Avtotest”ga berilgan imtiyozlar haqida fikr bildirgan Muxrim A’zamxo‘jaev¸ Xurshid Yo‘ldoshev kabi blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari ham 7 may kuni o‘chirilgan.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik jurnalistning aytishicha¸ saytlardan olib tashlangan maqolalarda Senat tasdiqlagan qonun matni va prezident imzolagan matn orasida farq borligi fosh qilingan edi.

Minbar.uz saytida faqat 6 soat umr ko‘rib, 7 may kuni olib tashlattirilgan maqola «Endi barcha tashkilotlarning haydovchilari majburiy o‘qitiladi, lekin parlament ma’qullagan qonun boshqacha edi» degan jumla bilan boshlanadi. (Maqolaning to‘liq matni Ozodlikda bor)

Minbar.uzning ismi aytilishini istamagan jurnalistining aytishicha, maqolada Oliy Majlis deputatlari tomonidan rasman qabul qilingan qonun loyihasi imi-jimida o‘zgartirilgan holda prezident tarafidan tasdiqlangani fosh qilingan edi. "DXX dan qo‘ng‘iroq qilishib, maqolani zudlik bilan olib tashlashni buyurishdi",- dedi jurnalist.

Ozodlik bilan suhbatlashgan yana bir jurnalistning aytishicha, Uza.uz va Kun.uz nashrlaridagi “Avtotest” ga doir maqolalar Xavfsizlik kengashi mulozimining talabi ortidan olib tashlangan.

O‘zbekiston ichidagi nashrlardan faqat Gazeta.uz nashridagina “Avtotest”ning monopoliyasi haqida 3 may kuni chop qilingan maqola 8 may kuni ham olinmay turgan edi.

“Avtotest”monopoliyasi haqidagi maqolalar kimni hurkitdi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 2019 yil 6 fevralda ma’qullagan qonun asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlar malaka oshirish sertifikatiga ega bo‘lmagan haydovchilarga jarima qo‘llashni nazarda tutadi.

Joriy yilning 28 fevralida senatorlar tasdiqlagan qonun loyihasida ham malaka oshirish sertifikati barcha yuridik shaxslarga emas, balki faqat yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilarga taalluqli ekani belgilangan.

Ammo 2019 yil 3 mayda prezident imzolagan va matbuotda e’lon qilingan qonunning rasmiy matnida malaka oshirish sertifikati yana barcha yuridik shaxslarga taalluqli ekanini ko‘rish mumkin.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik jurnalistning aytishicha¸ Senat tasdiqlagan qonun matni va prezident imzolagan matn orasida farq bor.

- Deputat va senatorlar ma’qullagan qonun loyihasida har ikki yilda malaka oshirish barcha yuridik shaxs haydovchilariga emas, faqat yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarning haydovchilariga majburiy bo‘lishi belgilangan. Prezident 3 may kuni imzolagan qonunda esa barcha tashkilotlarning haydovchilari majburiy o‘qitilishi aytiladi¸ - deydi suhbatdosh.

Uning ta’kidicha «Senat avval qabul qilinganidan ancha farqli qonunni ma’qullagani ortida yana o‘sha “Avtotest”ning “qulog‘i” ko‘rinmoqda»

- Endi faqat yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarning haydovchilari emas, barcha yuridik shaxslarning haydovchilari har 2 yilda “Avtotest”da malaka oshirishi kerak. Sertifikati bo‘lmagan haydovchilar EKIHning bir baravari (taxminan 202 ming so‘m) miqdorida jarima to‘laydi. Endi barcha tashkilotlarning haydovchilari majburiy o‘qitiladi, lekin parlament ma’qullagan qonun boshqacha edi¸ - dedi suhbatdosh.

Toshkentlik jurnalist nazarida “Avtotest”ning monopoliyasi rasman bekor qilingan bo‘lsa-da, amalda hali ham vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda.

O‘zini "Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati yordamchisi", deb tanishtirgan va ismi aytilmasligini so‘ragan mulozim Ozodlik bilan suhbatda “Avtotest” monopoliyasi haqidagi maqolalar kimni va nega qo‘rqitgani to‘g‘risida fikr yuritar ekan, dedi:

- Qanday qilib Oliy Majlis kitobcha shaklida chop etgan qonun matni prezident imzolagan qonun matnidan farqli bo‘lishi mumkin? Demak kimdir o‘z manfaati yo‘lida qonun loyihasini o‘zgartirib prezidentga taqdim qilgan. Bu aslida jinoyat. Buni fosh bo‘lishidan qo‘rqqan odam, albatta, «Avtotest»ga yaqin odamdir.

Internetdagi qator nashrlar¸ chunonchi kommersant.uzning yozishicha¸ "Avtotest-Report" MChJning muassisi Davlat soliq qo‘mitasining, keyinchalik shaxsan prezidentning endilikda sobiq matbuot kotibi, ayni paytda esa prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari maqomida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini boshqarayotgan Komil Allamjonovdir.

“Avtotest”ga berilgan imtiyozlar haqidagi maqolalar mahalliy matbuotdan olib tashlangani va Senat ma’qullagan qonun matni va prezident imzolagan matn orasidagi farq borasida izoh so‘rab, Ozodlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini boshqarayotgan Komil Allamjonovga maktub yozdi.

Allamjonovdan “tez orada javob berishga xarakat qilaman” degan javob keldi. Lekin maqola bitguniga qadar va’da qilingan javob kelmadi.

O‘tgan yili O‘zbekiston parlamenti deputatlari "Avtotest-Report" MChJ monopoliyasiga qarshi chiqib, yuridik shaxslar avtomobillari uchun aynan ushbu firmadan majburiy sertifikat olishi borasidagi hukumat qaroriga qarshi chiqqandi.

Fevral oyi boshida deputatlar ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga so‘rov jo‘natgan edi.

Ozodlik "Avtotest" bilan bog‘liq mavzuni bir necha bor ko‘targan.