Rishtonda buz-buz boshlandi. Nima, qachon, qanday qurilishi kelasi oyda ma’lum bo‘ladi (Fotoreportaj)

Shu kunda Farg‘ona viloyat Rishton tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha Vazirlar Mahkamasiga 7 iyungacha taqdim etilishi lozim. Lekin tuman markazidagi qayta qurish ishlari hozirdanoq boshlab yuborilgan.

Ozodlik SizdanTelegram darakchilari yordamida Rishtondan fotoreportaj tayyorladi. Ushbu material e’lon qilinishi arafasida Farg‘ona viloyat hokimligi Axborot xizmati Rishton tumanida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot tarqatdi.

Hokimlik bayonotida Ozodlikning fotoreportajida tilga olingan holatlar: bozor yonidagi hovli-joylar bozorni kengaytirish uchun, tuman markazini kesib o‘tuvchi katta yo‘l bo‘yidagi uylar esa, yo‘lni kengaytirish uchun buzilayotgani hamda "Dehqon bozori" rekonstruksiyasi boshlanayotgani tasdiqlandi.

​Farg‘ona viloyat, Rishton tuman markazidagi uylardan birida yashovchi oila ko‘chib ketmoqda. 2019 yil, 23 may.

Ko‘chib ketayotgan oilaning uyi Rishton “Dehqon bozori”ning sharqida joylashgan taqriban 1 gektar maydondagi 20 dan ortiq uyning biridir. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu uylar bir necha kundan keyin buziladi. Uyi buzilayotganlarga yangi uy qurish uchun yer uchastkasi ajratilgan. Buzilayotgan uy uchun tovon puli masalasi hali hal bo‘lmagani aytildi.

Ekskavator tuman markazidagi sobiq Gastronom binosini buzmoqda. 2019 yil, 23 may.

Buzuvchilar brigadasi tuman markazidagi endilikda sobiq Xo‘jalik mollari do‘koni tomini ochib tashladi. Navbatdagi ish – devorlarni buzish. 2019 yil, 23 may.

Rishton markazidan o‘tuvchi bu yo‘l tuman markazini viloyat markazi – Farg‘ona shahri bilan bog‘laydi. Rishtondan olingan ma’lumotga qaraganda, bu yo‘lni kengaytirish vazifasi qo‘yilgan. 2019 yil, 23 may.

Rishton markazidan o‘tuvchi yo‘l chetidagi bu uy yaqindagina – prezident Mirziyoevning viloyatga tashrifi arafasida sariqqa bo‘yalgan edi. Yo‘lni kengaytirish uchun bu uy ham buzishga tushgan. 2019 yil, 23 may.

Rishton markazidan o‘tuvchi yo‘l chetida qancha uy buzilishi yoki qancha xonadon egalari hovlisining ko‘cha tomon qismidan ajrab qolishi to‘g‘risidagi aniq ma’lumot Ozodlikda yo‘q. 2019 yil, 23 may.

Tuman “Dehqon bozori”dagi “noturar-joy ob’ektlari” egalari ham buz-buzni kutmoqda. Ular kuni kecha hokimlikdan Ogohlantiruv xatlarini ham oldi.

Rishton markazida qayta qurish ishlari prezident Mirziyoevning Farg‘ona viloyatiga 6-7 may kunlari qilgan amaliy safaridan keyin jadallashib ketdi. Ozodlikka kelib tushgan yuqoridagi hujjatda Rishton tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kelasi oyning 7 chislosigacha taqdim etilishi aytilgan.

Rishtondan fotoreportajni tayyorlashda Ozodlikka SizdanTelegramning Rishtondagi darakchilari yordam berdi.

Fotoreportaj e’lon qilinishi arafasida Farg‘ona viloyat hokimligi Axborot xizmati o‘zining Feysbukdagi sahifasida "RISHTON TADBIRKORLARINING XAVOTIRIGA O‘RIN YO‘Q" degan sarlavha bilan quyidagi bayonotni e’lon qildi.

"Bugungi kunda Rishton tumani markazida yirik masshtabda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Chunki Rishton mamlakatimiz va chet ellardan turistlar ko‘p keladigan joy hisoblanadi. Shuning uchun yo‘llarning kengayishi, avtomobil turar joylarining qulay bo‘lishi davr talabidir.

Rishton tumanining sobiq hokimi G‘.Mamadalievning 2017 yil, 7 apreldagi №751-sonli qarori bilan dehqon bozori hududida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishga kirishilgan. Shu paytdan e’tiboran tadbirkorlar va bozor hududidagi aholiga ogohlantirish xatlari berib kelinadi.

Hozirgi tuman hokimi T.Rahimovning bosh rejaga asosan dehqon bozori qayta qurilishi munosabati bilan hududda joylashgan hovli joylar buzilishi hamda tuman hokimligi zahira fondiga qaytarilishi to‘g‘risida 2018 yil, 17 fevral kungi №460-sonli qarori bilan qabul qilingan.

2019 yil, 22 may kuni esa tuman hokimining 68-f farmoyishi qabul qilingan bo‘lib, farmoyish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil, 27 martdagi “2017-209 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruktsiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi №2853-sonli qarori hamda Rishton tumani dehqon bozori MChJning 2019 yil, 21 maydagi 226-sonli aloqa xatiga asosan qabul qilingan.

Fuqarolar iddao qilganidek, ogohlantirish bir kun oldin emas, bir yil oldin tarqatilgan. 21 may kuni esa qayta ogohlantirish berilgan.

Tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sodiqjon Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, avvaldan rekonstruksiya qilinishi kerak bo‘lgan dehqon bozoridagi do‘konlarni buzish uchun kompensatsiya mablag‘lari hal bo‘lmaganligi uchun buzish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Endilikda kompensatsiya to‘lash imkoniyati paydo bo‘lganligi uchun bu ishlar qaytadan boshlangan. Bozor hududi 21 ta buziladigan hovlilar hisobiga kengayishi aytildi.

Mutaxassislar hozirgi kunda reja ustida muhokama ishlarini olib bormoqdalar. Hozirgi kunda bozor hududida yong‘in xavfsizligi uchun sharoit yo‘q, betartib qurilgan do‘konlar yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. Shuningdek, bozor tashqarisida avtomashinalar to‘xtash joyi yo‘q bo‘lib, avtomobillar katta yo‘l yoqasida to‘xtamoqda.

Sodiqjon Haydarov so‘zlariga ko‘ra, nafaqat tuman markazida obodonlashtirish ishlari olib boriladi, balki chora-tadbirlar rejasida aholi hayotini farovonlashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra tuman aholisini qiynab kelayotgan toza ichimlik suvi va oqova tarmoqlarini qayta qurish va yangilash ishlariga 8,6 mlrd so‘m, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 7,1 mlrd so‘m, tabiiy gaz tarmoqlarini yangilash uchun 5,2 mlrd so‘m, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 11 mlrd so‘m mahalliy byudjetdan sarflanadi. Bundan tashqari, ko‘pqavatli uylarning tom qismi va fasadini ta’mirlash ishlari ham ko‘zda tutilgan.

Tuman hokimi bilan suhbatlashganimizda “Kompensatsiya to‘lovi to‘lanib, tadbirkorlarning zarari qoplab berilmaguncha do‘konlar buzilishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas” dedi rahbar.

Hozirda tuman markazida yo‘lni kengaytirish tufayli ayrim aholi uylari ham buzilmoqda. Tuman hokimligi tomonidan ushbu xonadon egalarining zararlari qoplab berilmoqda, imkon darajasida qurilish materiallaridan ham yordam qilish rejalashtirilgan.

Ushbu holat o‘rganilganidan so‘ng fuqarolarimizning xavotirlari o‘rinsiz ekanligini bildiramiz. Ayni damda tuman hokimligi tomonidan bozor tadbirkorlari orasida tushunmovchiliklarga barham berib, ular bilan suhbatlashish jarayonlari olib borilmoqda".