"Mavjud tuzumni qoralamang", "Islom Karimovni tanqid qilmang", "Muhammad Solih nomini tilga olmang".
Bunday buyruqlar "Adabiyot gazetasi"ning joriy yil may oyidagi sonini o‘rganib chiqqan O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi taqdimnomasida aks etgan.
Gazeta bosh muharriri Baxtiyor Karimovga yuborilgan taqdimnomada Agentlik "Islom Karimovning nomini qoralashga urinish" va muxolifatchi shoir "Muhammad Solihga bo‘lgan extirom ochiq bildirilganligi" qonun buzilishi deya malakalanadi.
Shuningdek, agentlik taqdimnomasida shoir Hamroqul Asqarning gazetada nashr qilingan she’rida "Erkaklarning yarmi mardikor" degan jumlasi jamiyat ongiga salbiy ta’sir qilayotgani ta’kidlanadi.
Ayblovga nishon bo‘lgan gazeta muharriri Baxtiyor Karim mazkur hujjatni "1937 yil uslubidagi tsenzura", deya qoraladi.
Ozodlik suhbatlashgan agentlikning ikki mulozimi o‘z idorasining senzura bilan shug‘ullanmasligiga Ozodlik muxbirini ishontirishga urindi.
Ulardan biri esa "bu xujjat qanday qilib Ozodlik qo‘liga tushib qolgan"ini bilishga qiziqdi.
Hujjat oxirida "Qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan ma’sul xodimlarga nisbatan intizomiy chora qo‘llash" talab qilinadi.
Gazeta Bosh muxarriri Baxtiyor Karim Ozodlik bilan suhbatda "Bitta o‘zi ishlashini" aytadi:
- Demak o‘zimga o‘zim chora ko‘rar ekanman.
"Islom Karimovni tanqid qilmang"
Ozodlik O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining 31 may kuni 05-66 raqam bilan "Adabiyot gazetasi"ga yuborgan taqdimnoma nusxasini qo‘lga kiritdi.
Olti varaqlik taqdimnomani agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Avaz Xodjimetov imzolagan.
Xujjatda ta’kidlanishicha ¸ "Adabiyot gazetasi" o‘z sahifasida Islom Karimov davrini salbiy talqin qilgani O‘zbekiston qonunlarining buzilishidir.
Ayni hujjatda shoir Hamroqul Asqar she’ridagi "Erkaklarning yarmi mardikor. Qolganlari bir-bir qamoqda" degan jumlasi "ijtimoiy ongni buzadigan satr", deya qoralanadi.
Shuningdek, sobiq davlat maslahatchisi Mavlon Umrzoqovning "Adoqsiz o‘ylar" maqolasidagi "yakkahokimlik balosi" degan satr agentlik xulosasiga ko‘ra¸ "Karimov rahbarlik qilgan davrni qoralashga hizmat qiladi".
"Muhammad Solih nomini yozmang"
Taqdimnomada "o‘zi xorijda turib O‘zbekiston respublikasi siyosatiga qarshi keskin fikrlar bildirib kelayotgan Muhammad Solih nomining nashrda tilga olinishi qonun buzilishi" sifatida talqin qilingan.
Hujjatda yozuvchilar Nabijon Boqiy¸ Nurulloh Muhammadxon Raufxon "o‘z maqolasida Muhammad Solih" nomini tilga olganlikda ayblangan.
Ozodlik bilan suhbatda Nurulloh Muhammadxon Raufxon bu xolatni "g‘irt be’manilik", deb atadi:
- 1937 yildagi qatag‘onlar isi keladigan hujjat bo‘libdi. Agentlik rahbari Komiljon Allamjonov "so‘z erkinligini himoya qilaman", deb turganda uning o‘rinbosari so‘z erkinligini cheklaydigan hujjatga qo‘l qo‘yib o‘tiribdi. "Muhammad Solihning ismi gazetada yozilmasin" degan cheklov yo‘q. Umuman, bu hujjatni imzolagan mulozim prezident siyosatiga qarshi chiqmoqda¸ - deydi taniqli adib.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Adabiyot gazetasi" bosh muharriri Baxtiyor Karim Ozodlik bilan suhbatda o‘ziga bildirilgan ayblovlarni "asossiz va kulgili" deya atadi:
-"Gulchexra Nurillaevaning she’rini chiqaribsizlar," deb dakki berdi agentlik. "Nima bo‘libdi?" desam, "u “Birlik” a’zosi", deyishdi. "Xo‘sh nima bo‘libdi “Birlik “ a’zosi bo‘lsa? Erkin Vohidov ham Shukrillo ham a’zo bo‘lgan," dedim. "Muhammad Solihni nomini yozmang," deb talab qo‘yishdi. Balki prezidentning nomi unutilar, ammo shoir Muhammad Solih nomi adabiyotda mustahkam turadi¸ - dedi Baxtiyor Karim
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Zolimlar uslubi"
Nomi tilga olinishiga to‘siq qo‘yilgan siyosatchi va shoir Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda¸ bunday hujjat Karimov davrida ham bo‘lmaganini aytdi:
- Bunday hujjatni tuzishdan hatto Karimov davri mulozimlari ham or qilgan edi. Bu hujjat dastxati o‘sha Qodiriy va Fitratlarni qamatgan zolimlar uslubida. Demak hech narsa o‘zgarmagan, - dedi Muhammad Solih.
Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik huquqshunos Odilbek Rahimberdievning ishonishicha, milliy qonunchilikda u yoki bu shaxs haqida tanqidiy fikr bildirmaslik yoki muxolifat a’zosi bo‘lgan shoir-yozuvchilar tilga olinmasin, degan "to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq yo‘q":
- O‘zbekiston konstitutsiyasining 12 moddasi "fikrlar xilma-xilligi", 29 moddasi esa "fikrlash va so‘z erkinligi"ni kafolatlaydi. Agentlik taqdimnomasi mohiyatan shu konstitutsiya kafolatini shubha ostiga qo‘yadi. Bundan tashqari "Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risidagi" qonunning 4 moddasida "senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi" aytilgan. Taqdimnomadagi ayblovlarni senzura deb malakalash mumkin. Bu esa mavjud qonunchilikka zid, - deydi huqushunos Odilbek Raximberdiev.
Huquqshunos keltirgan omillarni Ozodlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot kotibi Hikmatilla Po‘latovga savol sifatida yo‘lladi.
Agentlik matbuot kotibi savollarga javob bermadi.