Vesti.uz Ukrainadagi urushda o‘lgan yollanma "o‘zbek"ni "qahramonga" chiqardi. Bu borada qonunchilik nima deydi?

Donbassda otib o‘ldirilgan o‘zbekistonlik yollanma askar Hojiakbar Sharipov¸ mamlakat qonunchiliga ko‘ra¸ qahramon emas¸ balki jinoyatchidir.

O‘zbekistonda Kreml manfaatlarini targ‘ib qiluvchi Vesti.uz (O‘zbekiston milliy domeni ) internet nashri Donbassda Ukraina hukumat qo‘shinlariga qarshi separatchilar tarafida urushib o‘lgan o‘zbek yollanma jangchisini “qahramonga” chiqardi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining "Yollanish" haqidagi 154-moddasiga ko‘ra¸ "chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish” og‘ir jinoyat hisoblanadi va u 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi bu haqda maxsus eslatma ham chop etgan.

Ozodlik 3 iyul kuni Ukraina sharqida davom etayotgan qonli to‘qnashuvlar paytida DNR tuzilmasi tarafida jang qilgan yollanma askar Hojiakbar Sharipovning otib o‘ldirilgani to‘g‘risida 9 iyul kuni xabar qilgan edi.

O‘zbekiston milliy domenida faoliyat yurituvchi Vesti.uz axborot portalida tan olinmagan “Donetsk xalq respublikasi” tuzilmasi tarkibida jang qilgan o‘zbekistonlik to‘g‘risida maqolaga “O‘zbek Donbass ozodligi uchun jon berdi” (Uzbek otdal jizn za svobodu Donbassa) deb sarlavha qo‘yilgan.

32 yashar qaxramon jasadi 6 iyul kuni O‘zbekistonga, Navoiy viloyatiga jo‘natildi. “O‘zbek” pozivnoyiga ega soldat Donetsk aeroporti, Blesna, Avdeevka va Promkadagi janglardan o‘tgan. Do‘stlari u o‘z vatanini juda sog‘inganini aytishmoqda”, deb yoziladi 10 iyul kungi maqolada.

Ozodlik xabaridan bir kun o‘tib chop etilgan Vesti.uz maqolasiga Donbassda Ukraina tarafida urushayotgan xorij legionerlari haqidagi Ozodlik videolavhasi ham ilova qilingan.

Ozodlik 3 iyul kuni Ukraina sharqida davom etayotgan qonli to‘qnashuvlar paytida DNR tuzilmasi tarafida jang qilgan yollanma askar Hojiakbar Sharipovning otib o‘ldirilgani to‘g‘risida 9 iyul kuni maqola e’lon qilgan edi.

Ozodlik gaplashgan Sharipovni yaqindan bilganlar¸ uning kriminal faoliyati ortidan Rossiyaning Tomsk shahridan Donbass separatchilariga yollanib ketganini aytgan edi.

O‘zbekiston media hududi Rossiyaning imperiyaviy propagandasi uchun ochiq maydon?

Vesti.uz.O‘zbekistonda Rossiya manfaatlarini ochiq targ‘ib qilib kelayotgan nashrlardan biri sifatida ko‘riladi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning 31 may kuni Toshkentga qilgan safari arafasida bu nashr bir guruh rus tilli ziyolilarning rus tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi tashabbusini chop etgan edi.

Milliy davlatchilik ustunlariga qarshi harakat sifatida baholangan bu tashabbus jamoatchilik orasida keskin e’tirozga sabab bo‘lgan edi.

Ayni nashr¸ yillardan beri Kreml propagandasining yangi ramzi - Rossiya imperiyasidan qolgan “Georgiy lentasi” va “O‘lmas polk” tadbirlari targ‘ib etib keladi.

Vesti.uz nashrining rossiyalik asoschisi Vladimir Berezovskiy 2010 yili O‘zbekiston prokuraturasi tomonidan javobgarlikka tortilgan edi. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Ommaviy kommunikatsiya sohasini monitoring qilish markazi saytda chop etilgan 16 ta xabarni “O‘zbekistonga qarshi tuhmat va o‘zbek xalqini haqorat qiluvchi”, deya topgan edi.

“Vesti.uz” Rossiya elchixonasining moliyaviy ko‘magida tashkil topgan. Hozirda esa MDH va boshqa xorij davlatlarida yashaydigan ruslar va xalqaro gumanitar hamkorlik masalalari uchun mas’ul tuzilma sifatida 2008 yilda tashkil qilingan “Rossotrudnichestvo” federal agentligi moliyasi bilan faoliyat yuritadi.

Karimov o‘limidan so‘ng Rossiya imperiyaviy propagandasiga O‘zbekistonda yashil chiroq yondimi?

Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladimir Jirinovskiy doxil rus siyosatchilarining sobiq SSSR hududida Rossiya hukmronligini tiklash iddaolari ortidan “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi faolligi kuchaygani o‘zbek siyosatshunoslari xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

Qator tahlilchi va ziyolilar mustaqillikka rahna soluvchi Kreml propagandasining O‘zbekistonda bemalol olib borilayotganiga jiddiy munosabat bildirish o‘rniga¸ O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi kabi tuzilmalarning, turk seriallarning o‘zbek mentalitetiga to‘g‘ri kelish-kelmasligi va blogerlarni soliqdan ozod qilish masalalari ko‘proq mashg‘ul etayotganini tanqid qilmoqda.

Shundaylardan biri Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovdir.

Mustaqil Ukraina davlatiga qarshi rossiyaparast separatchilar tomonida jang qilib o‘lgan o‘zbekistonlikning Rossiya nashri tomonidan "qahramon"ga chiqarilishi¸ Rabbimov fikricha¸ Kreml imperiyaviy ishtahasining O‘zbekistonda kuchayib borayotgani ifodasidir.

- Bu judayam jiddiy masala. Bu o‘zbek ma’muriyatiga Rossiya bosimining oshib borishidir. Ukrainada yutqizib, Rossiya imperiyachiligi, davlatchiligi yoyilishiga O‘zbekiston ham uchradi. Bu informatsion-psixologik kampaniya! O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha ham bu g‘irt jinoyat, chunki O‘zbekiston fuqarosi o‘zining davlatidan tashqarida u yoki bu tarafda jang qilishi jinoyatdir. Bu yerda siyosiy nyuanslar ham bor. Bosh vazirimiz Aripov Georgiy lentasiga qarshi chiqdi, lekin uni bezbetlarcha targ‘ib qilishni davom etdi. Rossotrudnichestvo, rusparast kuchlarga qarshi O‘zbekiston davlatchiligi hech narsa qilolmadi. “O‘lmas polki” ham o‘tdi. Bundan buyon bunday bosim Rossiya tarafidan kuchayib boradi.

O‘zbekiston yangi hukumati kim bilan manfaat bo‘lsa – o‘sha bilan munosabat yaxshilashga, ko‘p vektorli siyosat yurgizishga urinmoqda. Lekin Karimov davriga nisbatan O‘zbekistonda Rossiya rayiga qarash kuchaydi, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

K.Rabbimov:Karimov davriga nisbatan Rossiya rayiga qarash kuchaydi

“Vesti.uz” internet nashri Rossiyadagi “Parlamentskaya gazeta”ning Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Vladimir Berezovskiy tomonidan 2005 yilda tuzilgan. Bosh muharrir Berezovskiy “Vesti.uz” “Rossiya matbuotidagi maqolalarni qayta chop etish” bilan shug‘ullanayotganini ta’kidlab keladi.

Vladimir Berezovskiy 1989 yilda O‘zbekistonda ochilgan birinchi Rus madaniy markazining raisi ham bo‘lgan.

Vesti.uz barobarida O‘zbekistonda Kreml propagandasini yozish bilan Sputnik nashri ham shug‘ullanadi.

Sputnik agentligi dunyo bo‘ylab dezinformatsiya tarqatayotgan agentlik sifatida 10-12 iyul kunlari Londonda o‘tayotgan matbuot erkinligi bo‘yicha global konferensiyaga qo‘yilmadi.

Joriy yil yanvar oyida Facebook Rossiyadan boshqarilayotgan 471 akkauntni¸ "shubhali faoliyati" uchun taqiqladi. Facebook rahbariyatining bu haqdagi bayonotida dezinformatsiya yopilgan akkauntlarning kattagina tarmog‘i Sputnik agentligi tomonidan boshqarilgani aytilgan.