Surxondaryoda 200 konchi 2 kun ish tashladi, Toshkentdan komissiya keldi

Sharg‘un shahridagi ko‘mir koni ishchilari noroziligi

Surxondaryo viloyat, Sariosiyo tumanidagi Sharg‘un ko‘mir konining qariyb 200 nafar ishchisi 14-15 avgust kunlari ish tashlab, norozilik bildirgan.

Bu xabar Ozodlikka 22 avgust kuni keldi.

Ishchilarning aytishicha, ular "ish haqining nihoyatda ozligi, korxona rahbarlarining g‘ayriqonuniy ishlari, davlat mulklarining talon-toroj qilinayotganiga" norozilik bildirgan.

15 avgust kuni Toshkentdan yetib kelgan “O‘zbekko‘mir” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning maxsus komissiyasi bir haftalik tekshiruvdan so‘ng, konchilarga ko‘ra, muammolarning birortasini ham hal qilmasdan qaytib ketgan.

"Sharg‘unko‘mir"​ AJ direktori ishchilarning "noroziligiga asos yo‘q"ligini aytar ekan, Toshkentdan kelgan komissiya ham shunday xulosa bilan ketganini bildirdi.

Sharg‘un ko‘mir konining qariyb ikki yuz nafar ishchisi 14 avgust kuni ertalabdan ish joylarini tashlab, konga kirish yaqinidagi maydonda yig‘ilgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Шарғун кўмир кони ишчилари норозилиги

O‘sha kuni ish tashlash qilgan ishchilar hokimiyat tazyig‘idan qo‘rqib, ismi sir qolishini iltimos qildi.

Norozilikning birinchi kuni

Aksiya ishtirokchilaridan birining aytishicha, ishchilar “pichoq borib suyakka yetganidan” so‘ng, ish tashlashga majbur bo‘lgan:

“14 avgust kuni ish joyimizga bordik, kiyindik, lekin ish joyimizga chiqmadik. Hamma ko‘chaga chiqib rahbariyat kelishini talab qildi. Direktor Anvar Ochildiyev keldi. U bilan janjal bo‘lib, kelisholmadik. Keyin ichki ishlardan o‘ntacha xodim keldi. Tuman hokimi keldi. Ular kechqurun rahbarlarni ishdan olish masalasini ko‘ramiz, muammolarni hal qilamiz, deb va’da berishdi. Shunga kelishdik. Soat birlarda hamma uyiga ketdi, ish bo‘lmadi”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Шарғун кўмир кони ишчилари норозилиги

Ishchining aytishicha, o‘sha kuni kechqurun “Sharg‘unko‘mir” idorasida ishchilar bilan uchrashuv bo‘lgan:

“Yig‘ilishni tuman hokimi olib bordi. Endi, uning gapi boshqacha chiqdi. Ishchilar qolib, faqat rahbarlarning bolalarini lagerga jo‘natgan, kefir pulini yeb yuborgan profsoyuz raisini hokim ishdan olib tashladi. Bo‘ldi, boshqa rahbarlar masalasi ko‘rilmadi. Ishchilar bundan yana norozi bo‘ldi”.

Rahbarlar masalasi ko‘rilmaganidan norozi bo‘lgan ishchilar shundan so‘ng, Sharg‘un shahrini obodonlashtirish masalalarini o‘rgangani kelgan prezident maslahatchisi Alisher Usmonovning oldiga borishgan:

“Soat kechqurun 9 bo‘lgan edi. Yuzlab odam ko‘chama-ko‘cha Alisher Usmonov oldiga keldik. U kishiga vaziyatni tushuntirdik. Alisher Usmonov ertaga rahbarlarni ishdan bo‘shattiraman, deb va’da berdi. Keyin tarqaldik. Lekin amalda ertasi kuni ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi”

Ish tashlash va norozilik

Norozilikning ikkinchi kuni

Hamkasbining gapini davom ettirgan boshqa konchining Ozodlikka aytishicha, 15 avgust kuni ishchilar yana kon oldida yig‘ilgan:

“Biz rahbarlarning ishdan olinishini, maoshlarimiz oshirilishini, davlat mulkini talon-toroj qilganlar javobgarlikka tortilishini yana talab qildik. Lekin hech kim kelmadi. Yana yuzga yaqin odam pastga, 20 kilometr masofadagi idoramizga bordik. Borsak Toshkentdan “O‘zbekko‘mir” va “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan kechagi ish tashlashni eshitib maxsus komissiya kelgan ekan. Biz komissiyaga barcha dalillarni taqdim etdik. 7 tonna solyarka o‘g‘irlab sotilgani, korxonamizga tegishli bino yarim kechasi buzilib, materiallarini rahbarlar uylariga olib ketganini video va suratlar bilan taqdim etdik. Bilasizmi komissiya nima dedi? Endi, hammalaring bir joyning odamlarisizlar, bunaqa janjaldan foyda yo‘q, dedi. Bu komissiyadan boshqa nima kutish mumkin?”

Muammolar

Sharg‘un ko‘mir konida yig‘ilib qolgan muammolar haqida Ozodlik bilan suhbatlashgan ishchilar shunday fikr bildirdi:

Konchi: “Biz ming metr chuqurlikdan ko‘mir qaziymiz. Har safar konga tushganimda o‘limni bo‘ynimga olib kiraman. Shu qora mehnatimizga bir million so‘m oylik beradi. Bugungi narxda bu nima bo‘ladi? Shaxtyorning qadri qolmagan”;

Uchastka boshlig‘i: Bizda ishchilarning razryadi bor. O‘shanga qarab haq beriladi. Masalan, 1-razryad ishchining oyligi 630 ming so‘m! Eng baland, 5-razryadli ishchining oylik ish haqi 958 ming so‘m! Tasavvur qilyapsizmi, bir million ham emas! Lekin hamma 5-razryadli ham emas-da!;

Qurilish uchastkasi ishchisi: “Rahbarlarning noqonuniy ishlarini hokimga ham, komissiyaga ham disk shaklida yetkazdik. Barcha tashkilotlarga shikoyat xatlari yozganmiz. Hech qanday natija yo‘q. Sharg‘un ko‘mir koni “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga o‘tganidan so‘ng, rasvosi chiqib ketdi. Ba’zan shanba-yakshanba ham ishlatadi.”

Direktor: Hammasi yaxshi, "yozuvchi"lar nizo chiqaryapti

"Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyati direktori Anvar Ochildiyev Ozodlik bilan suhbatda konchilarning ish tashlaganini tasdiqlar ekan, bunga korxonadagi ayrim “yozuvchilar”ni sabab qildi:

- Bizda bir-ikkita “yozuvchi” bolalar borda. Ular yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni boshqacha talqin qilyapti. Hamma ishchilar bilan o‘sha kuni gaplashdik, to‘g‘ri tushuntirdik, hammasi o‘z ish joyiga tarqalib ketdi. Ish haqining ozligi masalasiga kelsak, Mehnat vazirligining tarif setkasiga qarab ish haqi belgilangan, men undan oshirib ish haqi berolmaymanku/! Keyin, ishlab chiqarilgan mahsulotga qarab ish haqi beriladi. Masalan, bir oylik plan to‘rt ming tonna bo‘lsa, olti oydan buyon 800, 700, 600 tonna ko‘mir qazsak, qanday oylikni oshirish mumkin, Toshkentdan kelgan komissiya ana shu masalarni o‘rganib chiqib, norozilik bildirgan ishchilarning da’volarida asos yo‘q, degan xulosaga keldi. Bugun ularni kuzatib qo‘ydim.

Prezident Mirziyoyev "O‘zbekko‘mir" va "Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyatlarini (AJ) "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni 2018 yilning 8 noyabr kuni imzolagan edi.