Mayda bezorilik uchun qamalgan haydovchi 8 kunda uyiga qaytarildi va... jon berdi

Illyustrativ surat

Beshariq tumanida (Farg‘ona viloyati) “Damas” haydovchisi bo‘lgan Abdurazzoq Qodirov 19 sentabrga o‘tar kechasi o‘z uyida o‘ldi. Yaqinlarining iddao qilishicha, u o‘limidan bir soat oldin Farg‘ona viloyat, O‘zbekiston tuman IIB tergov hibsxonasidan olib kelingan.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Beshariq tuman sudi kotibining Ozodlikka aytishicha¸ ​Abdurazzoq Qodirov mayda bezorilikda ayblanib 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.​

Ozodlikka o‘qib berilgan sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhum tirikligida bo‘yni singan.

- Ikki nafar O‘zbekiston tuman IIB xodimi 18 sentabr, tungi soat 22 da akamizni olib kelib tashlab ketishdi. Ahvoli og‘ir edi. Milisalar ketganidan sal o‘tib joni uzildi¸ - dedi ismi aytilishidan qo‘rqqan Qodirov yaqinlaridan biri.

Marhumning yoshi, oilaviy ahvoli va shaxsiga oid boshqa ma’lumotlar Ozodlikka noma’lum.

Bezorilik uchun qamalgan edi

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Beshariq tuman sudi kotibining Ozodlikka aytishicha¸ “Qodirov Abdurazzoq Nozimovich 2019 yilning 11 sentabr kuni Beshariq tuman hokimiyati binosida bo‘lib o‘tgan sayyor sud qaroriga binoan MJTKning (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks) 183-moddasiga (Mayda bezorilik) asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosiga” hukm qilingan.

Sud kotibiga ko‘ra¸ o‘sha kuni u O‘zbekiston tuman IIB tergov hibsxonasiga olib ketilgan.

O‘zini Xusniddin deb tanishtirgan O‘zbekiston tuman IIB tergov hibsxonasi boshlig‘ining Ozodlikka aytishicha, Qodirov “Hibsxona jurnaliga 10 sutkaga qamaldi” deb yozilgan.

Mulozim iddaosiga ko‘ra¸ Qodirovning salomatligi yomonlashgani uchun muddatidan ikki kun oldin uyiga eltib qo‘yilgan.

IIB tergov hibsxonasi boshlig‘i Ozodlik savoliga javoban marhum Abdurazzoq Qodirov hibsdaligida unga nisbatan "jismoniy jazo qo‘llanilmaganligini" aytdi.

O‘z ismi aytilmasligini istagan O‘zbekiston tumani prokuratura xodimining iddao qilishicha, Abdurazzoq Qodirov “Bir necha operlar tarafidan kaltaklangan”:

- Qodirov hibsdaligi paytida bir necha marta hushidan ketgan. Uni kaltaklagan operlar "Tez yordam" chaqirishgan.

O‘zbekiston tuman tibbiyot birlashmasi xodimining Ozodlikka aytishicha, IIB xibsxonasida jazo o‘tayotgan Qodirov uchun 12 sentabrdan 18 sentabr oralig‘ida uch marta "Tez yordam" chaqirilgani daftarga qayd qilingan.

Qodirovning Ozodlik suhbatlashgan qarindoshi marhumning badani momataloq bo‘lib ketganini iddao qildi.

Ozodlik Qodirov ishini dastlabki bosqichda malakalab sudga oshirgan IIB xodimi bilan ham gaplashdi.

Beshariq tuman IIB profilaktika inspektori O‘ktam Sapoxonovga ko‘ra¸ marhum yaqinlarining arizasiga binoan tuman prokuraturasi jasadni eksgumatsiya qilib sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazgan.

Sapoxonov o‘zidagi mavjud ekspertiza hujjatini Ozodlik muxbiriga o‘qib berdi. Hujjatda ta’kidlanishicha, marhumning boshi 4- va 5- raqamli bo‘yin umurtqalaridan travmatik ajralgan (bo‘yin uzilgan - tahr.) Orqa miya lat yeyishi¸ to‘sh suyagining 2- va 3- raqamli qovurg‘alar birikkan joyida yopiq sinish va gematomalar mavjud.

- To‘mtoq jism bilan urilganda sodir bo‘ladigan qontalashlar jasadda mavjudligi yozilgan, - dedi O‘ktam Sapoxonov​

Ayni paytda IIB profilaktika inspektori marhum tergov hibsxonasida kaltaklanganmi, degan savolga javob bermadi.

Ozodlik 10 sutkaga hibsga olingan mahkumning 8 kundan keyin o‘lgani qiynoqlar oqibatida bo‘lganmi, degan savol bilan Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ahror Adhamovga telefon qildi.

Savolni eshitgan mulozim bu voqeani izohlay olmasligini bildirdi.

Ozodlik voqea yuzasidan izoh so‘rab, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qilib, javob ola olmadi.

Farg‘ona viliyat prokuraturasi vakilining Ozodlikka aytishicha mavjud xolat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.