Toshkentni bosib olishda halok bo‘lgan 24 chor askariga atalgan butxona ta’miri boshlandi

Toshkent Kamolon mahallasidagi rus okkupantlariga qo‘yilgan Avliyo Georgiy butxonasi

Toshkent shahar Shayxontohur tumani “Kamolon” mahallasidagi Toshkentni bosib olishda o‘lgan rus bosqinchi askarlariga xotirasiga bundan 150 yil oldin qurilgan butxona ( ruschada chasovnya) 28 sentabr kuni ta’mirlana boshlandi.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston madaniyat vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mulozimga ko‘ra¸ butxona ta’miri yuzasidan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori asos qilib olingan.

- Kabmin qarori asosida O‘zbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev 2019 yil 28 iyunda 411-sonli buyruq chiqarib, chasovnyani madaniy meros yodgorligi sifatida tezda ro‘yxatdan o‘tkazdi. Shundan keyin uni qayta tiklash loyihasi boshlandi.

Restavratsiya emas, rekonstruksiya

Butxona rekonstruksiyasini amalga oshirish “Meros chashmasi” loyihalash shirkati tarafidan amalga oshirilmoqda.

Shirkat binoni restavratsiya emas, balki rekonstruksiya qiladi¸ deya bildirdi toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiyev Ozodlik bilan suhbatda.

- Masalan, butxona oldidagi rus askarlari nomi yozilgan yodgorlik va xoch yo‘qolib ketgan. Bu xoch qayta tiklanadi. Latun lavhaga 24 nafar rus askarining nomi birma-bir yoziladi. Bu matn 1865 yildagi matnni aynan takrorlaydi. Ya’ni "Rossiya uchun jon fido qilib, dushmanlar qo‘lida o‘lgan askarlarga xudo yor bo‘lsin" degan jumla ham bo‘ladi. Bu yerda dushmanlar deganda o‘z shahrini himoya qilgan toshkentliklar tushuniladi albatta.

Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ binoning zudlik bilan tarixiy meros ro‘yxatiga kiritilishi va Moliya vazirligidan to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalanadigan qimmat rekonstruksiya boshlanishi O‘zbekiston yangi rahbariyatining Kremlga mulozamatidir:

- 28 iyun kuni Rus provoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi mitropoliti Vladika Vikentiy bu yerga tashrif buyurib binoni qayta cho‘qintirdi. Qo‘liga supurgi olib, muqaddas suv sepib, tabarruk qildi. Vladika Vikentiy butxonaga rus haloskor askari timsoli bo‘lgan avliyo Georgiy ikonasi qo‘yilishidan mamnunlik bildirdi. Buxoro va Samarqanddagi yodgorliklar ta’miriga pul yetmayotgan paytda rus bosqinchilariga qo‘yilgan butxona ta’mirining ustuvor loyihaga aylanishi shubhali.

Turdiyevga ko‘ra¸ butxona rekonstruksiyasi ikki oy davom etadi.

- Tantanali ochilish marosimi 3 noyabrga belgilandi. Aynan o‘sha kuni bu obidani tiklagan Turkiston general-gubernatori Mixail Chernyayevning tug‘ilgan kuni. Shu jihatnig o‘zi ko‘p narsani oydinlashtiradi.

Butxonada ta’mir ishlari boshlandi

Tarixchi olim Umid Bobomatovga ko‘ra¸ Butxona 1865 yilning 15 iyulida Toshkentni bosib olgan paytda halok bo‘lgan 24 nafar Chor bosqinchi askarlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida Rossiya imperatori Aleksandr Ikkinchi farmoni bilan qurilgan.

- Kamolon mahallasida rus bosqinchi askarlariga Qo‘qon xoni Alimqulixon sarbozlari va mahalliy aholi qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Aynan shu mahallada chor bosqinchi armiyasi katta talafotga uchragan. 1300 nafar rus bosqinchi askarlariga qarshi 30 ming mahalliy aholi faol qarshilik ko‘rsatgan. Rus askarlari tarafidan qirg‘in qilingan toshkentliklar soniga oid aniq tarixiy ma’lumotlar yo‘q. Rus bosqinchilariga qarshi kurashgan toshkentliklar xotirasiga hech qanday yodgorlik o‘rnatilmagan.

Toshkentlik bloger Anvar Nazir 2015 yilning iyunida ijtimoiy tarmoqlarda bunday deb yozgan edi:

“Uni (butxonani) 150 yildan beri mahalliy aholi supurib- sidirib, obod qilib ushlab turibdi. Xatto sovet davrida uni g‘ishtga buzib olamiz deyishganda ham mahalla oqsoqollari "tegmanglar, o‘lganlarning ruhini bezovta kilib nima qilasizlar", deb saqlab qolishgan ekan. Biroq, yuz metr naridagi Kamolon masjidining orqasidagi mozorda shu jangda halok bo‘lgan, shaharni himoya qilaman, deb shahid bo‘lgan minglab toshkentlik va asosan qo‘qonlik askarlar qabrini hech kim obod ham kilmaydi, nomi-nasabini ham bilmaydi. Xatto kecha shu sanaga bag‘ishlab rus ruhoniylari, tarixchilari halok bo‘lgan o‘sha 64 o‘ris askarni nomma-nom xotirlab ularning ruhlariga duo, jasoratiga hamd o‘qib turgan paytda ham biron musulmon, xatto Kamolon masjidida usha , 150 yildan buyon nomsiz yotgan himoyachi shahidlarning nomiga xutba yoki xatm ham eslanmagani xayron qoldiradi”.