36 ming yaponiyalik erkak orasida o‘tkazilgan uzoq muddatli tadqiqot natijalari muntazam ravishda qo‘ziqorin iste’mol qilish prostata saratoniga chalinish xavfi ozayishiga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Tadqiqot natijalari sentabr oyida International Journal of Cancer jurnalida chop etildi.
Prostata saratonida faqat erkaklarda uchraydigan prostata bezidagi hujayralar nazoratsiz bo‘lina boshlaydi. Prostata saratoni erkaklar orasida eng ko‘p uchraydigan saraton bo‘lib, 2018 yilda jahon bo‘ylab 1,2 million odamga ilk bor ushbu kasallik tashxisi qo‘yildi. Kasallikka chalinish xavfi yosh o‘tishi bilan oshib boradi.
Tohoku universitetining tibbiyot maktabi professori, tadqiqot bosh muallifi Shu Jang probirkalarda hamda tirik organizmlarda o‘tkazilgan tajribalar qo‘ziqorinlar prostata bezi saratonining oldini olishga qodir ekanligini ko‘rsatganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan oldin qo‘ziqorin iste’mol qilish va prostata beziga chalinish ehtimoli o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganilmagan.
- Bilishimizcha, bu qo‘ziqorinlarning prostata bezi saratonining oldini olishdagi qobiliyati aniqlangan va aholi darajasida o‘tkazilgan ilk tadqiqotdir, - dedi Jang.
Tadqiqotda umumiy hisobda 40-79 yoshlardagi 36499 kishi qatnashgan. Miyagi shahridagi ishtirokchilar 1990 yildan 2014 yilgacha kuzatilgan. Osaka shahridagi ishtirokchilar esa 1995 yildan 2008 yilgacha kuzatilgan. Tadqiqot qatnashuvchilari ovqatlanish, jismoniy harakatlanish, chekish va ichish odatlari hamda ta’limlari, oilalari va tibbiy tarixlari haqida ma’lumot ko‘rsatilgan anketalarni to‘ldirib borgan.
Tadqiqot davomida qatnashuvchilarning 3,3 foizida prostata saratoni boshlangani kuzatilgan. Haftasiga bir martadan kam qo‘ziqorin yeganlarga solishtirganda haftasiga bir yoki ikki marta qo‘ziqorin iste’mol qilganlarda prostata saratoniga chalinish xavfi 8 foizga ozroq ekanligi kuzatilgan. Haftasiga uch yoki undan ko‘p marta qo‘ziqorin yeganlarda esa haftasiga bir martadan oz iste’mol qilganlarga solishtirganda prostata saratoniga chalinish xavfi 17 foizga ozroq bo‘lgan.
- Tadqiqotimiz natijalari qo‘ziqorinlar sog‘liqqa ijobiy ta’sir ko‘rsata olishini ko‘rsatdi. Bu natijalar asosida boshqa aholi guruhlari orasida va sharoitlarda qo‘ziqorin iste’moli to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot beradigan tadqiqotlar o‘tkazib, aniqlangan bog‘lanishni tasdiqlash kerak bo‘ladi, - dedi Jang.