O‘zbek yoshlari guruhi "Stalin jinoyatlari" haqidagi mashhur filmni dublyaj qildi

Taniqli rossiyalik bloger va jurnalist Yuriy Dudning Stalin jinoyatlarini yoshlarbob tilda tasvirlagan "Kolima" filmi o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

"Kolima - Qo‘rquvlarimiz vatani" deb nomlangan bu dublyajni amalga oshirgan guruh rahbari¸ 30 yashar bloger Nurbek Alimov Ozodlik bilan suhbatda bu tarjima O‘zbekistondagi yoshlar uchun zarurligini ta’kidladi. Jurnalist Yuriy Dudninng rasmiy ijozati bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan kino 1 noyabrdan boshlab ijtimoiy tarmoqning YouTube kanalida namoyishga qo‘yildi.

Shov shuvli film

"Levada-Sentr" tashkiloti tarafidan Rossiyaliklar orasida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning 77 foizi Stalin siyosatini qo‘llashgan. Stalin siyosatini qo‘llaganlar orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Bundan tashqari yoshi 18dan 24gacha bo‘lgan respondentlar Stalin jinoyatlari haqida bilmasligi ham ayon bo‘lgan. Bu raqamlar ochiqlangani ortidan taniqli jurnalist va videobloger Yuriy Dud joriy yil boshida Kolimadagi stalin lagerlari haqida filmni suratga olib tarmoqda namoyish qildi.

Kolыma qamoq kamerasi

Dudning matbuotga aytishicha¸ filmdan maqsad yoshlar ongidagi totalitarizmga moyillik zehniyatini o‘zgartirish.

Shu kungacha ijtimoiy tarmoqda Yuriy Dudning filmini bitta YouTube kanalining o‘zida 17 milliondan ziyod odam tomosha qildi.

O‘zbek yoshlari ham bilsin

O‘zbekistonlik yozuvchi Temur Nizomiddinovning aytishicha 17 million tomoshabin orasida o‘zbek yoshlari oz:

- Keksa avloddan farqli tarzda yoshlar rus tilini bilmaydi. O‘zbek yoshlarining Rossiyadagi men bilgan qismining Stalin haqidagi tasavvuri Rossiya propaganda telekanallari va patriotik kinolari va ota bobolari aytgan cho‘pchaklar asosida shakllangan. Men gaplashgan yoshlar uchun Stalin poraxo‘rlarni ayamay jazolaydigan ideal rahbar. Ayni paytda ko‘pchilik yoshlar Stalin haqida umuman hech narsadan bexabar.

Yozuvchi Nizomiddinov jurnalist Yuriy Dudning filmini o‘zbekcha tarjima qilinganini olqishladi:

- O‘zbekiston ham SSSRning bir parchasi. Rossiya va O‘zbekistonning mushtarak tarixi bor. 1932 yilda Kolimada tashkil qilingan Sevvostlag (Severo-Vostochniy ispravítelno-trudovoy lager) qamog‘ida minglab o‘zbek ziyoli va hur fikrli oydinlari ham jazo o‘tagan. Ya’ni bu qamoq sobiq Sovet respublikalarning mushtarak o‘tmishidir. Yuriy Dud tarafidan Kolimadagi lager haqida suratga olingan hujjatli filmni O‘zbekistondagi bir guruh ziyolilar tarjima qilgani yaxshi ish. Aslida bu ishni yetakchi telekanallar qilsa yanada yaxshi bo‘lardi.

Maryam Sultonmurodova fojiasi

Filmni o‘zbekchaga tarjima qilgan tashabbus guruhi rahbari¸ bloger Nurbek Alimov tarjima qilishga undagan omil haqida gapirdi:

-Ushbu filmni ko‘rish jarayonida, bir epizodida devordagi suratlarga ko‘zim tushib qoldi. Unda Germaniyada o‘qib qaytgan va keyinchalik Stalin qatag‘onlariga uchragan vatandoshimiz Maryam Sultonmurodova aks etgan edi. Shundan keyin bu filmni o‘zbek tiliga o‘girib tarqatish kerakligini, bizning yoshlarimiz ham totalitar tuzum dahshatini bilsin degan maqsadda bunga qo‘l urdik.

Stalin lagerlari mahkumasi Maryam Sultonmurodova

Xiva, Berlin va Magadan

Stalin lagerlarida azob chekkan Maryam Sultonmurodova Germaniyada ta’lim olib qaytgan o‘zbek oydinlarining ilk qaldirg‘ochlaridan biri bo‘lgan.

Sultonmurodova Maryam Jumaniyozovna 1905 yil 13 fevralda Xiva shahrida tug‘ilgan. U avvaliga Berlin universiteti qoshidagi olti oylik tayyorlov kursida o‘qidi. So‘ng Darmshtadt shahridagi "Viktoriya" o‘qituvchilar seminariyasiga kirib ikki yil ta’lim oldi. 1926-27 yillarda esa Potsdamdagi "Fraunshul" ayollar maktabida amaliyot o‘tadi.

Maryam Berlindagi professor Genrix Finkelshteynning olti oylik hamshiralik kursini o‘qib bitirdi va 1928 yil SSSRga qaytdi.

1937 yil sentabrida Maryam Sultonmurodova olti yil Germaniyada o‘qigan, "Turkiston" josuslik tashkiloti a’zosi deb, O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 60 (aksilinqilobiy tashviqot), 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalari bilan ayblanib qamoqqa olindi. Tintuv jarayonida uning pasporti, diplomlari, mehnat daftarchasi, xatlari, kitoblari, 35 ta shaxsiy suratlari xatlanib tortib olindi.

Maryam Sultonmurodova 1957 yil 2 avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi.

Biroq, u to‘liq oqlanganidan keyin ham ro‘shnolik ko‘rmadi. Ta’qib to‘xtamadi. Sevgan sohasi bo‘lmish jurnalistika bilan shug‘ullanish u yoqda tursin, uning gazeta yo jurnal o‘qishiga ham to‘sqinlik ko‘rsatildi.

Maryam Sultonmurodova 1971 yilda olamdan o‘tdi.

Maryam Sultonmurodova jazo o‘tagan qamoqxona haqidagi kinoni o‘zbek tiliga o‘girish tashabbus guruhi rahbari Nurbek Alimov bu qamoqxonaning boshqa o‘zbek mahkumlari haqida o‘zbek tarixchilari tadqiqot olib borishidan umid qiladi:

- Bu lager bir vaqtning o‘zida 170 ming mahkumni sig‘dirgan. Ular orasida o‘zbeklar ham ancha bo‘lgan. Men aynan shu lagerda bo‘lgan Maryam Sultonmurodovani bilaman, shu film tarjimasi sabab tarixchilarimiz ushbu mavzuni chuqurroq ochib berishlariga umid qilib qolaman.

O‘zbekistonda Stalin qatag‘oni haqida deyarli gapirilmaydi

"O‘zbekistonda Stalin jallodlari ulug‘lanmoqda"

O‘zbekistonlik yozuvchi Temur Nizomiddinov fikricha¸ shu kunlarda O‘zbekistonda “Stalin qatag‘onlarini O‘zbekistonda amalga oshirganlar¸ xususan Usmon Yusupov xotirasi romantiklashtirilayotgani achinarli holdir”

Stalin haqida doston yozgan Hamid Olimjon kabi shoirlar ulug‘lanayotgan bir paytda stalinizm qurbonlari haqidagi film dublyaj qilinishi tahsinga loyiq ish.

Nurbek Alimov ta’kidicha¸ O‘zbekistondagi davlat va jamoat tashkilotlari bu film o‘girilishida ishtirok etmagan:

-Yo‘q, xech qanday davlat tashkiloti qo‘llab quvvatlagani yo‘q, biz xech kimga murojat ham qilganimiz yo‘q. Bu proekt shunchaki oddiy o‘zbek yoshlarining birdan tug‘ilgan g‘oyasi va o‘z kuchimiz bilan yaratilgan mahsulot. Bu filmni yaratishda yaqindan yordam bergan do‘stlarim Furqat Usmonov, Shuhrat Melikov, Akmal Aminov va g‘oyamizni qo‘llab quvvatlagan va motivatsiya bergan Jurnalist Adham Arslonovlarga katta rahmat demoqchiman.