"O‘zbekkino" "Soyuzmultfilm" bilan hamkorlikda Xo‘ja Nasriddin haqida multserial yaratadi

Uzbekkino direktori F. Abduholiqov

"O‘zbekkino" milliy agentligi Rossiyaning "Soyuzmultfilm" kinostudiyasi bilan hamkorlikda Xo‘ja Nasriddin to‘g‘risida multiplikatsion serial olishga kelishib oldi.

Ozodlik savollariga javob bergan "O‘zbekkino" bosh direktori Firdavs Abduholiqov O‘zbekistonda kino va multiplikatsiya industriyasida katta islohotlar amalga oshirilishi kutilayotganini aytdi.

12 noyabr kuni "O‘zbekkino" Milliy agentligi bir guruh xodimlari Moskvadagi “Soyuzmultfilm” kinostudiyasida bo‘ldi.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi delegatsiyasi "Soyuzmultfilm" kinostudiyasining yangi studiyasida kutib olindi. O‘zbek kinochilari va multiplikatorlari rus mulfilm ustalari faoliyati va ularning yangi loyihalari bilan tanishdilar, ijodiy jarayonlarni kuzatdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum va qator shartnomalar imzolashdi.

Ozodlik savollariga javob bergan delegatsiya boshlig‘i - «O‘zbekkino» bosh direktori Firdavs Abduxoliqov “O‘zbekkino” va “Soyuzmultfilm” hamkorlikda Xo‘ja Nasriddin haqida animatsion serial ishlashga kelishib olganini ma’lum qildi.

- Uchrashuv davomida “Soyuzmultfilm” bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum va qator hujjatlar imzoladik. Jumladan, aytishim mumkin –“O‘zbekkino” va “Soyuzmultfilm” hamkorlikda Xo‘ja Nasriddin haqida animatsion serial ishlashga kelishib oldi, chunki bularda kuchli texnologik baza mavjud. Biz o‘z islohotlarimizga O‘zbekistondagi barcha katta animatorlarni jalb qildik, ularning dardlari va tilaklarini eshitdik. O‘zbek multiplikatsiyasiga milliy qadriyatlarimizni yetkazuvchi yangi milliy qahramonlar kerak! - dedi Firdavs Abduholiqov.

O`zbekkino vakillari Soyuzmultfilmda,12.11.2019

“Soyuzmultfilm” kinostudiyasi bosh direktori Boris Mashkovtsev Ho‘ja Nasriddin haqidagi animatsion film yaratish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanganini tasdiqladi.

Firdavs Abduholiqov O‘zbekistonda yaqin kelajakda ijodiy uyushmalarni birlashtiruvchi O‘zbekiston Animatorlar assotsiatsiyasi tuzilishi rejalashtirilganini ham ochiqladi. U hozirda O‘zbekiston multiplikatsiya sohasida jahon zamonaviy tajribasini o‘rganishga bel bog‘laganini bildirdi.

Shu yilning 4 dekabrida “Soyuzmultfilm” kinostudiyasi bir guruh ijodkorlari O‘zbekistonga kelishi va maxsus treninglar o‘tkazishi aytildi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi delegatsiyasi ijodiy safar davomida 1-5 oktabr kunlari Rossiyada o‘tkazilgan “O‘zbek kinosi kunlari“da imzolangan memorandumlar asosida 5 ta rus kinokompaniyasi bilan uchrashuv rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Kino sohasida yillar davomida jiddiy muammolar yig‘ilib qolganini e’tirof etgan “O‘zbekkino” rahbari yaqin kelajakda o‘zbek kinosida “tarixiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda”, dedi:

- Kino sohasida katta o‘zgarishlar kutsa bo‘ladi. Biz yangi o‘zbek filmlarini yaratishga, o‘zbek kinosini qo‘llab-quvvatlashga nafaqat davlat ko‘magi, balki jamiyatimiz vakillarini ham jalb qilmoqchimiz. Biz yangi tomoshabop filmlar yaratilishi uchun imkoniyat va sharoit yaratishimiz ham kerak. Shu bilan birga, davlatning kinoga aralashuvini qisman saqlab qolamiz. Shuningdek, yangi kinofilmlar yaratilishiga xorijda faoliyat yuritayotgan kino ustalari, rejissyor va aktyorlarni jalb qilamiz.

Firdavs Abduholiqov yaqin orada O‘zbekistonda yangi kinofestivalni uyushtirish ustida maxsus ishchi guruh ish boshlaganini ham aytdi.

Moskvada 1-5 oktabr kunlari o‘tkazilgan “O‘zbek kinosi kunlari”da rossiyaliklarga 10 ta badiiy va uchta hujjatli film namoyish etildi.

Rossiya va O‘zbekiston kinochilari beshta memorandum imzolagan, jumladan, "Mars-media", "Megogo" kinoshirkatlari va “O‘zbekkino” o‘rtasida “Toshkent -66” hamda “Xo‘ja Nasriddin” filmlarini suratga olish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.