Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev 2 dekabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Quvada gaz yo‘qligiga norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini to‘sish voqeasini ijtimoiy tarmoqqa qo‘ygan shaxsning “janozasi o‘qilmagani” uchun Quva tumani hokimini tergaydi.
Ozodlikka yuborilgan audioyozuvda, Shuhrat G‘aniyev tuman hokimidan “qachon o‘qiladi uning janozasi?” deb ikki marta so‘raydi.
Ozodlik bundan oldin xuddi shu selektor yig‘ilishida viloyat hokimi xalq noroziligini ijtimoiy tarmoqda xabar va video qilib tarqatayotganlarga nisbatan keskin chora ko‘rishni talab qilgani haqida yozgan edi.
Farg‘ona viloyat hokimligi apparati axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov hokimning ovozi montaj qilingan bo‘lishi mumkin dedi.
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev 2 dekabr kuni barcha tuman rahbarlari bilan o‘tkazgan audioselektor yig‘ilishida, gaz yo‘qligi uchun Quvadagi norozilik namoyishini videoga olib Telegram kanaliga joylagan shaxsni jismoniy yo‘q qilish bilan tahdid qilgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Bu audioyozuv ismi sir qolishini so‘ragan mahalliy mulozimlardan biri tomonidan Ozodlikka taqdim etildi.
Shuhrat G‘aniyevning ushbu selektordagi ovozi avvalgi audioyozuvlardagi ovozi bilan bir xil va audioda Quva tumani hokimi ovoz egasiga Shuhrat Madaminovich deb murojaat qiladi.
Audioda Shuhrat G‘aniyev gaz ta’minoti va unga to‘lovlar haqida gapira turib, noyabr oyining oxirgi kunlarida Quvada gaz yo‘qligidan avtomobil yo‘lini to‘sgan odamlarni videoga olgan shaxsni “janozasi” nega o‘qilmaganini tuman hokimi Ravshan Qurbonovdan so‘raydi:
- Mana kecha, Quvada, qarzni to‘lab qo‘yishni o‘rniga nima bo‘lyapti, Quvada? Kim ekan o‘sha, telefonda gapirgan, o‘sha ko‘chaga chiqvolib moshinalar o‘tyapti mana hozir... A, oooov tuman hokimi?
Quva tumani hokimi: - Salomaleykum.
Shuhrat G‘aniyev: - Salomaleykum. Qani o‘sha?
Quva tumani hokimi: - Shuhrat Madaminovich, aniqlashtir deganingizga aniqlashtirish....
Shuhrat G‘aniyev: - Aniqlashtirish kerak emas, qachon o‘qiladi uning janozasi?
Quva tumani hokimi: - Chorasini ko‘rdik...
Shuhrat G‘aniyev: - Chora ko‘rish emas bu og‘ayni, janozasi o‘qilsa keyin hisob endi uni.
Quva tumani hokimi: - Tushunarli...
Shuhrat G‘aniev: - Nima deganing u tushunarli.
Quva tumani hokimi: - Mana reja tuzdik hozir boshlandi...
Shuhrat G‘aniev: - Kattaxolangnikiga boshlandimi? A? Ammangni sumalagi boshlandimi? Hosil bayramidan mahrum bo‘lding, tamom.
Ozodlik hokim bu gaplari bilan nimani aniq nazarda tutganini bilish maqsadida, viloyat hokimining matbuot xizmati boshlig‘i Muhammadjon Obidovning Telegram kanaliga yozdi.
Muhammadjon Obidovning javobini quyidagicha bo‘ldi:
"Birinchidan, audio yozuv montaj qilinganga o‘xshaydi. So‘zlar aniq emas. Uzuq yuluq bir-biriga ulangani shundoq bilinib turibdi. Bunday yozuv ishonchga sazovor emas.
Ikkinchidan, hosil bayramidan xech kim mahrum qilingan emas. Viloyatning barcha tumanlari, jumladan quvaliklar xam ishtirok etganlar.
Uchinchidan, bu aslida kimning ovozi, bu ham munozarali.
To‘rtinchidan, hatto bu yetkazuvchining manfaati yo‘lida qayta montaj qilingan yozuv bo‘lsada, u ichki, tor doirada o‘tgan yig‘ilishdagi hokimlik tizimi xodimlariga nisbatan aytilgan bo‘lishi kerak.
Va nihoyat, Ozodlik voqeadan 15 kun o‘tgach Farg‘ona viloyati hokimiga nisbatan adovatli tuhmat xaltasini qoqishtirishidan maqsadi ne, bizningcha boshqa mavzu topolmaganidan deb hisoblaymiz".
Ozodlikka ushbu majlisdan avval yuborilgan audioyozuvda G‘aniyev¸ Quva tumanida gaz yo‘qligidan odamlar ko‘chaga chiqqani aks etgan video uchun mahalliy rahbarlarni yoppasiga ishdan olganini aytib¸ Quva hokimiga qattiq hayfsan beradi¸ uning viloyat “hosil bayrami”da qatnashishini taqiqlaydi.
Viloyat hokimi chiqishi davomida hokimiyat idoralaridan gaz va svet yo‘qligi va buning xalq noroziligiga sabab bo‘layotgani haqida ijtimoiy tarmoqda xabar va video tarqatayotganlarga nisbatan keskin chora ko‘rishni talab qiladi¸ chora ko‘rmaganlarning o‘zini “maydalashib o‘tirmay” yoppasiga ishdan olishini aytadi.
35 yashar marg‘ilonlik tadbirkor Dilmurod Jalilov Telegram kanalida 29 noyabr kuni tarqagan videomurojaatida Marg‘ilonda gaz va svet yo‘qligi haqida gapira turib¸ xalqni qiynayotgan muammolarni hal qila olmayotgan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevdan iste’foga chiqishni so‘ragan edi.
2 dekabr kungi yig‘ilishda bu videomurojaatga bilvosita munosabat bildirgan hokim G‘aniyev¸ “Marg‘ilonda gaz bo‘p turib¸ gaz yo‘q deb chiqargan” “axmoqlar”ga chora ko‘rmagani uchun Marg‘ilon shahar hokimiga “qattiq hayfsan” bergan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasiga ko‘ra, "har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir".