1 mln so‘m, 1 qop un, 7,5 litr yog‘. Traktorda yonib ketgan haydovchi hayoti shuncha baholandi

Shag‘al yuklagichning yonib ketgandan keyingi holati

Farg‘ona viloyat, Beshariq tuman hokimligi tadbirkordan tekinga olib ishlatgan yuklagich-traktor 3 dekabr kuni gaz quvurini teshib, portlab ketganidan so‘ng, traktorni vaqtincha boshqargan haydovchi kasalxonada bir hafta yotib, jon berdi.

Haydovchi yaqinlarining aytishlaricha, tuman Obodonlashtirish bo‘limi ish paytida halok bo‘lganning oilasiga 1 million so‘m, bir qop un va 7,5 litr yog‘dan boshqa yordam bermagan.

Erining ma’rakasini o‘tkazishga 500 ming so‘m yordam so‘ragan ayolning iltimosi ham rad etilgan.

Obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i tergov tugab ishni sud ko‘rsa 70 million so‘mdan ortiq tovon puli berilishi mumkinligini aytdi.

Beshariq tuman hokimining o‘rinbosari Avaz Abdurahmonov dekabr oyi boshida “Premier class leasing” MChJga qarashli 735 million so‘mlik yangi traktorni shag‘al yuklash uchun uning egasi Baxtiyor Sultonovdan iltimos qilib, so‘rab olgan edi.

Traktorni hokimlikning obodonlashtirish bo‘limi haydovchisi, 59 yashar Mirzajon Dehqonov boshqargan.

U hokim o‘rinbosari Avaz Abdurahmonov ko‘rsatgan joydan 2-3 dekabr kunlari shag‘al olib, mashinalarga yuklab bergan.

3 dekabr kuni traktor kovshining tishi, yer ostidan o‘tgan magistral gaz quvurini teshib yorib yuborgan va portlash sodir bo‘lgan.

Portlash oqibatida Mirzajon Dehqonov 60 foiz kuyish jarohati olgan va kasalxonada o‘ziga kelmay, 10 dekabr kuni vafot etdi.

Shag‘al ortilayotgan joydan gaz quvuri o‘tganligi haqida hech qanday ogohlantiruvchi belgilar bo‘lmagan.

Marhum Mirzajon Dehqonovning xotini Muqaddasxon Maqsudovaning Ozodlikka aytishicha, davlat ishida ishlab halok bo‘lgan odamning oilasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan:

Eng past sort bir qop va 750 gramlik o‘n baklajka yog‘ tashlab ketishdi.


- Bir million so‘m profsoyuzdan pul berdi. O‘zimizning Qo‘qon unining eng past sortidan bir qop va 750 gramlik o‘n baklajka yog‘ tashlab ketishdi. Bugun qirqini o‘tkazdik. Xo‘jayinimni hamma tanirdi, ko‘p odamga yaxshilik qilgan, fotihaga kelib ketuvchilar ko‘p bo‘ldi. Obodonlashtirishdan bir kishi ham kelmadi.

Muqaddasxon Maqsudova Obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘iga telefon qilib ham boshqa yordam ololmaganini aytdi:

Oylik chiqsa beramiz deb nasiyaga olib kelib, marakani o‘tkazib oldik.


- Iltimos aka, to‘rt-besh yuz ming so‘m bo‘lsa ham berib turing, qirqini o‘tkazib olaylik, kreditlarimiz bor, biz bu falokatni o‘ylaganimiz ham yo‘q edi, oyog‘imizning tagidan chiqib qoldi, o‘g‘illarim ishga chiqsa qaytarib beramiz desam, iloji yo‘q buni deb, telefonni o‘chirib qo‘ydi. Xudoga shukr novvoylar, qassoblar tanishimiz, o‘shalardan oylik chiqsa beramiz deb nasiyaga olib kelib, ma’rakani o‘tkazib oldik.

Beshariq tuman hokimligi Obodonlashtirish bo‘limi rahbari Ilhomjon O‘rozaliyev marhum ishchisi oilasiga kerakli yordamlar berib turilganini aytdi:

Katta tovon puli chiqadi, 70 million so‘mning naryog‘ida bo‘ladi.


- Hali tovon puli chiqadi, tergov tugab ishni sud ko‘rsa katta tovon puli chiqadi, 70 million so‘mning naryog‘ida bo‘ladi. 15-20 kunlarning ichida bu masala hal bo‘ladi. Ijtimoiy ta’minot bo‘limidan dafn puli chiqib keladi, uni beramiz. Bir million so‘mni profsoyuz berdi. Mana qirqiga qo‘y olib bermoqchimiz.

Ozodlik marhumning qirq ma’rakasi o‘tib bo‘lgani, uning xotini yordam so‘rasa berilmagani haqida so‘raganda Ilhomjon O‘rozaliyev bunday dedi:

- Men qirqi o‘tganidan bexabarman. Endi bu yerda boshqa gaplar ham bo‘lganu, sizga aytishmaganda. Men inson qadrini juda yaxshi bilaman. Xarakterim shunaqa. Men uchun amal, ish keyingi masala.

Ozodlik Farg‘ona viloyat, Beshariq tumanidagi “Premier class leasing” MChJga qarashli 735 million so‘mlik traktor tuman hokimligi olib ishlatayotgan payti yonib ketgani haqida 10 dekabr kuni xabar bergan edi.

Tadbirkorning yangi, hali ishlatilmagan traktor-yuklagichini tuman hokimining o‘rinbosari Avaz Abdurahmonov undan iltimos qilib, shag‘al ortish uchun so‘rab olgan edi.

Traktorning cho‘michi yer ostida gaz quvurini teshib yuborishi natijasida portlash sodir bo‘lgan va va haydovchi Mirzajon Dehqonov qattiq kuyish jarohati olib, bir haftadan so‘ng kasalxonada jon bergan.

Tadbirkor Baxtiyor Sultonov yonib ketgan traktori pulini to‘lab berishni so‘rab hokimlikka arz qilgan, hokim o‘rinbosari Avaz Abdurahmonov "hokimiyat to‘lab beradi" deb Ozodlikka aytgan edi.

Ammo, shu kungacha tadbirkorga traktorining puli to‘lab berilmagan.