Britaniyada chiqadigan The Economist haftaligi O‘zbekistonni yil mamlakati, deb topdi. Nashr nazarida O‘zbekiston Karimov davri totalitarizmi bilan kindigini uzgan va ochiqlik sari yo‘l tutgan.
Kechayotgan yilda "Jasliq" qamoqxonasi yopilgani ham mamlakatning “Karimov zulmatidan uzoqlashayotganiga” misol qilib keltiriladi. Ayni paytda Ozodlikning “Qurultoy” dasturida qatnashgan ekspert va faollar kechayotgan yil siyosiy va insoniy erkinliklar borasida muammolar bilan to‘lib toshganiga e’tibor qaratishdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zbekistonda turib saylov jarayonlarini yoritgan “Amerika ovozi" jurnalisti Navbahor Imomova Shavkat Mirziyoyevning hali-hanuz “Karimovni tanqid qilmaganiga” e’tibor qaratdi:
- Karimov merosini qoraladi. Ammo Karimovning nomini abadiylashtirdi. Shu paradoks 2019 yilda ham davom etdi¸ - dedi jurnalist.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti taklifi bilan Germaniyada safarda yurgan jurnalist Bobomurod Abdullayev nazarida 2019 yil “Mirziyoyev davrining dastlabki ikki yiliga qaraganda erkinlik cheklangan yil“ bo‘lgan:
- Mana bloger Nafosat Olloshukurovaning oldin qamalib keyin ruhiy dispanserga tashlanishi. Yoki uy buzilishlarni tanqid qilgan bloger Farida Sharifning o‘g‘li kaltaklanishi 2019 yilda ro‘y berdi.
Texnika fanlari nomzodi¸ siyosiy faol Mirza Anvar Hamidov 2019 yilda O‘zbekiston Kremlning xatarli loyihalariga yaqinlashganini tanqid qildi.
Samarqandlik muxolifat faoli Ravshan Sodiqov muxolifat partiyalarining saylovda qatnashish talabiga rad javob berilgani “siyosiy islohot yo‘qligidan dalolat” bo‘lganini aytdi.