2019 yil yakunlari: Otabek Umarov Prezident tansoqchisidan yil "shoumeniga" aylandi

Prezident Shavjat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov

Tugayotgan 2019 yilning O‘zbekiston jamoatchiligi yodida qolgan shov-shuvli voqealaridan bir nechtasi prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov bilan bog‘liq.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan uning tansoqchisiga aylangan Umarov¸ mahalliy matbuot xabariga ko‘ra¸ ko‘p o‘tmay Prezident davlat xavfsizlik xizmati (PDDX) rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Aksar davlatlarda bu lavozimdagi mulozim ¸ prezident xavfsizligini ta’minlash maqsadida¸ jamoatchilikka ko‘rinmaydi.

Ammo 2019 yil davomida Otabek Umarov xavfsizlik mulozimi sifatidagi vakolati barobarida ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar orasida eng ko‘p gapirilgan yilning o‘ziga xos “shoumeni”ga aylandi.

Kuyov ham prezident bo‘ldi

2019 yilning 7 mart kuni prezident kenja kuyovi kuchli vakolatlar berilgan davlat lavozimi ustiga O‘zbekiston triatlon federatsiyasi prezidenti etib saylandi.

Bu tayinlovdan ko‘p o‘tmay hukumat o‘zbekistonliklar orasida ko‘p ham ommalashmagan triatlonga alohida e’tibor ko‘rsatishga kirishdi - Vazirlar Mahkamasi aynan triatlon sportini rivojlantirish haqida maxsus qaror chiqardi.

Bu qarorda federatsiyaning davlat byudjeti¸ xayriya mablag‘lari va qonunda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar (aniqlamasi berilmagan – tahr.) hisobidan faoliyat ko‘rsatishi belgilab qo‘yildi. Federatsiya byudjetining miqdori na bu qarorda¸ na boshqa manbalarda ko‘rsatilmadi.

Qaror bilan¸ Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Sijjak” oromgohi ham Umarov federatsiyasi ixtiyoriga bepul olib berildi. Gulnora Karimovaning xos dam olish maskani bo‘lgan bu ulkan oromgohda sport maydonidan tashqari o‘z mehmonxonasi¸ bir nechta basseyni¸ alohida kottej va boshqa hashamatlar mavjud.

2018 yilning 15 mart kuni prezident Mirziyoyev qo‘l qo‘ygan qaror bilan bu oromgoh O‘zbekistondagi eng ommalashgan sport – futbolga ajratilgan va “Sijjak” dam olish zonasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasi tuzish uchun berilgan edi.

Ammo ochiqlanmagan sababga ko‘ra futboldan ko‘ra ko‘proq triatlonni rivojlantirishga qaror qilgan hukumat prezident qarorini bekor qildi.

Arab shahzodalari to‘yining mehmoni

2019 yilni Instagramda bir necha o‘n ming follover bilan boshlagan Otabek Umarov¸ yil oxiriga kelib 1.3 million folloverga ega bo‘ldi va o‘ziga xos “influenser”ga aylandi.

Umarovning instagramchilar orasida nom chiqarishiga uning postsovet va arab dunyosida nom chiqargan hukmdor va selebritilar bilan tushgan surat va videolarining yoyinlashi sabab bo‘ldi.

Xususan Umarov¸ 6 iyun kuni o‘z va Mirziyoyevlar oilasining boshqa erkaklari bilan Dubay amiri Shayx Muhammad bin Rashid al Maxtum o‘g‘illarining to‘yi suratlarini Instagramda tarqatdi.

Prezident Mirziyoyev kuyovlari¸ o‘g‘li va nabirasi Dubay amiri oilasi bilan.

Bu rasmlarda Umarovning Dubay shayxi va shahzodalari bilan quchoqlashib turgani aks etdi.

Ayni paytda Umarov o‘zi va bojasining bu to‘yga O‘zbekiston hukumati rasmiy namoyandasi (soliq to‘lovchi puliga) yoki xususiy mehmon maqomida (o‘z puliga) borganiga oid ma’lumotni ochiqlamadi.

O‘zbek Shumaxeri

Otabek Umarovni ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar orasida keng tanitgan voqea 2019 yil iyulida bo‘ldi.

8 iyulga o‘tar kechasi Otabek_muhammadalievich ( Otabek Umarovning niki – tahr.) Instagram sahifasida jonli video namoyish qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Президент куëвининг тунги пойгаси

Mahalliy vaqt bilan tungi soat 2 dan keyin paydo bo‘lib¸ bir necha soatdan so‘ng o‘chirilgan bu videoda Umarov Toshkent ko‘chalarida (tezlik cheklovi 70 va 50 km. -tahr.) Tesla mashinasini soatiga 201 km tezlikda haydayotganini ko‘z-ko‘z qildi.

Ozodlik jamoatchilikka taqdim etgan bu video ijtimoiy tarmoqda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgani ortidan – voqeadan 12 kun o‘tib - 19 iyulda Otabek Umarov Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizlik xizmati tomonidan ma’muriy jazoga tortildi.

Bu haqda Umarovning o‘zi Instagram sahifasida xabar berdi va eng kam ish haqining 9 baravari miqdorida- 1824570 so‘m jarima to‘langanlik haqidagi kvitansiyani ham ilova qildi.

Ayni paytda Umarov ijtimoiy tarmoqda qayta-qayta so‘ralgan savol - davlat mulozimining narxi 100 ming AQSh dollaridan qimmat mashinani qaysi puliga olganiga doir savollarni javobsiz qoldirdi.

Postsovet selebritilari Toshkentda kunda-shundaga aylandi

2019 yil davomida Otabek Umarov Instagramini kuzatganlar uning shaxsiy mehmonlarining Toshkentda kamida xorij vaziri darajasidagi dabdaba va as’asa bilan kutib olinib¸ shohona bazm qilganiga guvoh bo‘ldi.

Xususan¸ Otabek Umarovning qizi tug‘ilgan kun arafasida Toshkentga kelgan rossiyalik videoblogerlar Erik Davidich va Guseyn Gasanovni kutib olishdan kuzatishga qadar Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari jalb qilindi¸ ko‘chalar ularning ulkan pannolari bilan bezatildi¸ ular sha’niga shohona bazmlar uyushtirildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Президентнинг куёви ҳам имижмейкерликка киришдими?

Rossiyada ikkalasi ham firibgarlikda ayblangan bu videoblogerlar ixtiyoriga¸ egasi kimligi ochiqlanmagan¸ dunyoning eng qimmat avtomobillari taqdim qilindi.

Bu blogerlar o‘z Instagramida bunday mulozamat va mehmonnavozlik uchun hukumat¸ masalan¸ Turizm qo‘mitasi emas¸ balki qayta-qayta Otabek Umarovga rahmat aytdi.

Bor tovog‘im¸ kel tovog‘im...

Iyun oyida Otabek Umarov va Mirziyoyev oilasi erkaklarini to‘yiga chaqirgan Dubay valiahd shahzodasi Hamdam bin Muhammad al-Maktum noyabrning ilk kunlarida O‘zbekistonda mehmon qilindi.

Shahzoda sharafiga nafaqat shohona ziyofatlar berildi¸ balki uning lochinlari qizil kitobga kirgan noyob qushlarni ov qildi.

Bu mehmondorchiliklar surati ham Otabek Umarovning Instagram sahifasida jamoatchilikka namoyish qildi.

Ikki karra prezident

2019 yil kuziga kelib¸ Otabek Umarovga berilgan amal va lavozimlar ro‘yxati yana bittaga uzaydi. PDXX raisi o‘rinbosari¸ Triatlon federatsiyasi prezidenti ustiga Umarov 8 noyabr kuni MMA - Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti ham bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda¸ avvalda bo‘lmagan bunday assotsiatsiyaning o‘zi ham aynan Umarov uchun tashkil etildi.

Tashkil topganidan ikki hafta o‘tib-o‘tmay Umarovning yangi assotsiatsiyasi Toshkentda birinchi xalqaro turnir uyushtirdi.

Turnir arafasida uni prezidentning sportni rivojlantirish siësati ifodasi sifatida taqdim etgan Umarov¸ o‘z maqsadi “yulduzlarni O‘zbekistonga olib kelish ekanini ta’kidladi.

Bu «yulduzlar» Toshkentda o‘zini ko‘p kuttirmadi - 23 noyabr kungi turnirga mehmon sifatida Roy Jons va Jeff Monson kabi sportchilar qatori Nusret Go‘kche (Nusret Gökçe) kabi Instagram yulduziga aylangan turkiyalik qassob ham maxsus samolyotlarda olib kelindi.

Ularning har biri Toshkent aeroportida karnay-surnay sadolari ostida deyarli davlat rahbarlari maqomida qarshi olindi.

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Ozodlikka bu turnir va uning tashkillashtirilishiga aloqasi yo‘qligi¸ sport assotsiatsiyalariga davlat tomonidan mablag‘ ajratilmasligini bildirdi.

Ijtimoiy fikrdagi e’tirozlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgandan keyin hatto O‘zbekiston uchun ham misli ko‘rilmagan nepotizm – hokimiyat boshqaruvidagi qarindosh-urug‘chilikning gullab-yashnashi ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar e’tirozlariga sabab bo‘lmay qolmadi.

Birinchi oilaning Otabek Umarov o‘z Instagramida tinimsiz ko‘z-ko‘z qilgan shohona hayoti bilan millionlab o‘zbekistonliklar kundalik turmushi o‘rtasidagi keskin tafovut ko‘pchilikka marhum prezident Karimov qizlari¸ xususan¸ Gulnora Karimova hayot tarzini eslatdi.

Gulnora Karimova har yil kuzida – millionlab o‘zbekistonlik majburan paxta dalasiga haydalgan faslda G‘arb zodagonlarini Toshkentdagi har xil festival va shoular bahonasida mehmon qilishni an’anaga aylantirgan edi.

Hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan bu bazmlar pulini¸ prokuratura bayonotlaridan tushunilishicha¸ har xil o‘lponlarga tortilgan oddiy o‘zbekistonliklar¸ xususan¸ pora berishga majburlangan tadbirkorlar to‘lagan.