Samarqand shahar Xalq qabulxonasi sobiq mudiri parlament saylovining 2-turini shaharning 74-saylov uchastkasida kuzatayotgan 30 yashar bloger Timur Sattarovni "gey"ga chiqardi.
Xalq qabulxonasi sobiq mudiri blogerning kamerasiga yopishib, uchastkadan haydab chiqarishga urindi. Bu holat blogerning saylov uchastkasidan jonli reportajida aks etgan.
Viloyat saylov komissiyasi blogerning shikoyati Samarqand viloyat IIBga oshirilganini ma’lum qildi.
Aytilishicha, 30 yashar bloger, kasbi dasturlovchi Timur Sattarov ovoz berish jarayonini yoritish uchun akkreditatsiya berilgan oz sonli mahalliy blogerlardan biri bo‘lgan.
Jonli yoyin
Timur Sattarov 5 yanvar kungi takroriy ovoz berish jarayonini Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi "Ya-Samarkandets" guruhida jonli yoritib bordi.
5 yanvar kuni tarmoqqa joylangan videoda aks etishicha, 74-ovoz berish uchastkasida byulletenlar qutisiga bir necha varaqani birdan tashlayotgan saylovchi blogerni haqoratlaydi.
"Kamerani yig‘ishtir? (saylovchi rus tilida gapiradi - tahr.) Men tasvirga olishingga izn bermayman. Mishiqi! Buning o‘rniga soqolingni ol!" deydi saylovchi.
Bunga javoban bloger: "Men aynan sizni tasvirga olayotganim yo‘q, iltimos menga baqirmang! Men blogerman, mana marhamat, akkreditatsiyam ham bor" deydi.
Ammo, shaxs blogerning bu gaplariga javoban uning tashqi qiyofasiga e’tiroz bildira boshlaydi:
"Sendaqa blogerlar bizga kerak emas. O‘zingga bir qara?! Geymisan sen? Geymisan sen? Yo‘qol bu yerdan! Kimga borsang, bor!" deydi shaxs.
Video bu shaxs blogerning kamerasiga yopishgan kezda uziladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
IIBga ariza
Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bloger Timur Sattarovning aytishicha, hodisadan so‘ng u saylov komissiyasiga arz qilgan.
Ariza ortidan Samarqand viloyat hokimligi o‘sha kuniyoq bergan xabarga ko‘ra, o‘rganishlar natijasida "fuqaro J.U. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8, 35-moddalariga asosan ovoz berish jarayonini akkreditatsiyadan o‘tgan holda tasvirga olib, yoritayotgan bloger T. Sattorovni qonunga zid holda haqorat qilganligi oydinlashgan".
7 yanvar kuni Samarqand viloyat IIB xodimlari ishtirokida bloger uni haqorat qilgan shaxs - Jamshid Umarov bilan uchrashtirilgan.
Sattarovga ko‘ra, Jamshid Umarov blogerdan uzr so‘ragan, ammo Ma’muriy kodeksning 41-moddasi bilan malakalangan ish sudga oshirilgan.
Haqoratlagan shaxs - Xalq qabulxonasi sobiq mudiri
Blogerga keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, uni haqoratlagan va uning kamerasiga tashlangan Jamshid Umarov muqaddam Samarqand shahar Xalq qabulxonasi mudiri bo‘lgan.
Buni Samarqand viloyat Saylov komissiyasi rahbari Salohiddin Nuriyev ham tasdiqladi.
Nuriyevning aytishicha, insident sodir bo‘lgan kuni bloger saylov komissiyasiga arz qilgan:
- Viloyat saylov komissiyasiga Timur Sattarovning o‘zi shaxsan keldi va tegishli chora ko‘rish masalasida bizga murojaat qildi. Bu yerda huquqbuzarlik alomatlari bor-yo‘qligi holati bo‘yicha viloyat IIB mas’ul xodimlari chaqirilib, Timur Sattarovning arizasi olindi va hozirgi kunda bu masala Ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Xalq qabulxonasi mudiri - sobiq tuman prokurori
Samarqand viloyat Xalq qabulxonasi rahbari Shuhrat Uzoqovning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, asli kasbi yurist Jamshid Umarov muqaddam tuman prokurori bo‘lib ham ishlagan. U 2017 martidan 2019 yilning fevraligacha shahar Xalq qabulxonasi mudiri bo‘lgan.
Uzoqovga ko‘ra, 2019 yilda tizimda ro‘y bergan o‘zgarishlar ortidan anchagina mudir ishdan ketgan va ular orasida Umarov ham ishdan bo‘shatilgan.
Uzoqov o‘zining sobiq xodimi bilan 74-saylov uchastkasida bo‘lgan voqeadan xabari yo‘qligini aytish bilan cheklandi.
Ozodlik Jamshid Umarovning o‘zi bilan bog‘lana olmadi.
Blogerga munosabat
Timur Sattarov va Jamshid Umarov o‘rtasidagi insident aks etgan jonli yoyin - 32 ming a’zosi bo‘lgan "Ya-Samarkandets" guruhida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Muhokamaning ayrim ishtirokchilari sobiq prokurorning blogerga munosabatini - viloyat va hatto, respublikadagi bugungi ayrim rahbarlarning blogerlarga munosabati bilan ayni ekani haqida fikr qoldirdi.
So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda blogerlar va hukumat vakillari o‘rtasidagi nizolar ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda.
Jumladan, 6 yanvar kuni Human.uz axborot portali rahbari, jurnalist va bloger Xurshid Daliyevning Andijon shahar hokimligi mulozimi ustidan shikoyati sudga oshdi.
2019 yilning 30 dekabrida esa andijonlik bloger Otabek Nuritdinov Andijon viloyat ma’muriy sudi tomonidan tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda ayblanib, 15 sutka qamoq jazosiga hukm qilindi.