Paxta pulini ololmayotgan yuzga yaqin sirdaryolik fermer "Agrobank"da to‘polon ko‘tardi

Fermerlar Oq oltin tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Ummatovdan hosil pulini tushirib berishni talab qilayapti.

23 yanvar kuni Sirdaryo viloyat, Oq oltin tumanida qariyb yuz nafar fermer avval tuman hokimligi, so‘ngra "Agrobank"ning tuman bo‘limi rahbariyatiga 2019 yil paxta pulini berishni talab qilib bordi.

Bu fermerlar davlat bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq¸ ular sotgan paxta puli kechi bilan 2019 yilning 31 dekabr kunigacha bank hisobiga o‘tkazilishi lozim edi.

Fermerlar iddaosicha¸ "Sardoba" paxta tozalash zavodi bosh buxgalteri va bank boshqauvchisi fermerlardan tuman markazida fontan qurilishi uchun 5-6 million so‘mdan pul o‘tkazishga rozi bo‘lsagina, paxta puli to‘lanishini aytgan.

Bosh buxgalter va bank boshqaruvchisi bunday talabni tuman hokimi Dilmurod Fozilov buyrug‘i deb taqdim etgan.

Fermerlar bundan norozi bo‘lib, bankda to‘polon ko‘targan va bank qo‘riqchilari ularni tashqariga haydab chiqargan.

Paxta zavodining Ozodlik gaplashgan mulozimi hokimdan shunday topshiriq bo‘lganini tasdiqladi.

“Agrobank”ning Oq oltin tumani filiali boshqaruvchisi fermerlar puli tushgani, lekin paxta zavodi qaysi fermerga qancha pul o‘tkazish haqidagi reestrni bermayotganini aytdi.

Tuman hokimi Ozodlik bilan gaplashishni istamadi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan fermerlardan birining aytishicha, yuzga yaqin fermer avvaliga davlatga topshirgan paxtasi pulini so‘rab hokimlikka borgan.

"Bugun ertalab yuzga yaqin fermer hokimning oldiga pulimizni talab qilib bordik. Hokim bank boshqaruvchisi Umid Anvarov va zavodning bosh buxgalteri Sharof Rahimovni chaqirib, xonasida ancha maslahat qilishdi. Keyin ular chiqib, ketdik, ishlaring hal bo‘ldi, dedi. Keyin "Agrobank"ka bordik."

Fermerning aytishicha, ular bilan gaplashgan bank boshqaruvchisi va bosh buxgalter ularning qonuniy puli to‘lanishi uchun "noqonuniy" talab qo‘ygan:

"Hokimning topshirig‘i shunday, 5-6 milliondan fontan qurilishiga o‘tkazib berasizlar, yordam bermasalaring, fontanni qurmasak bo‘lmaydi, dedi. Shunda yoshi katta bir fermer, mayli yordam beramiz, lekin bug‘doyning pulidan fontanga deb olgan edilaring u qayerga ketdi, dedi. Shunda bank boshqaruvchisi u pullaring paxtada avtobuslar odam tashigani uchun avtobazaga o‘tkazib yuborildi, fontanni endi quramiz, dedi. Yarim odam ko‘nganday bo‘ldi, yarmi ko‘nmadi, to‘polon bo‘lib ketdi. Keyin militsiya hammani bankdan chiqarib yubordi".

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermer ham qariyb 100 million so‘m hosil pulini ololmay, sarson bo‘layotganini aytdi:

Hokimga yaqin bo‘lgan fermerlar va fontanga pul o‘tkazib berganlar pulini olishdi.


“Paxta zavodi bilan qilgan shartnomamiz muddatidan qariyb bir oy o‘tdi. Hokim pulni bergizmay ushlab o‘tiribdi. Hokimga yaqin bo‘lgan fermerlar va fontanga pul o‘tkazib berganlar pulini olishdi. Hozir qariyb yuzta fermer pulini ololmagan. Shartnomaga ko‘ra, zavod agar pulni kechiktirib bersa, har bir kuniga umumiy pulning 0,4 foizi miqdorida ustama(penya) to‘lashi kerak. Bu mening pulim hisobiga 10 million so‘mdan ko‘p bo‘ladi. Endi zavodni sudga beramiz, deb maslahat qilayapmiz”.

Ozodlik “Agrobank”ning Oq oltin bo‘limi boshqaruvchisi Umid Anvarov bilan bog‘lanib, fermerlar iddaosi bo‘yicha izoh so‘radi:

Zavod reestrni bergan zahoti pullar o‘tkaziladi.


“Pul tushayapti. Paxta zavodi bizga reestr, ya’ni qaysi fermer hisobiga qancha pul o‘tkazish kerakligi haqida ro‘yxat berishi kerak. Shuni bermay turibdi. Zavod reestrni bergan zahoti pullar o‘tkaziladi”, dedi Umid Anvarov.

“Sardoba” paxtani qayta ishlash zavodining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, haqiqatan ham fermerlar puli tushgani, lekin hokimning topshirig‘i bilan to‘xtatib turilganini tasdiqladi:

Hokim to‘xtab turinglar debdi.


“Fermerlarning puli to‘liq tushgan. Lekin nimagadir hokim to‘xtab turinglar debdi. Nima sababdan bunday deganini bilmayman”.

Ozodlik gaplashgan oqoltinlik fermerlarning aytishicha, yoz oylarida tumandagi 50 foiz fermerning bug‘doy pulidan 5-6 million so‘mi "fontan qurilishiga ko‘ngilli yordam" degan asosda noma’lum shaxsning plastik kartasiga o‘tkazib yuborilgan.

Ozodlik hozircha fermerlar hisobidan xususiy shaxsning bank hisobiga mablag‘ o‘tkazilganini tasdiqlovchi rasmiy hujjatni ko‘rganicha yo‘q.

Bu iddaoni aytgan fermer¸ huquqni muhofaza qilish idoralari bankdagi hisob-kitoblarni ko‘tarsa, aynan kimning plastik kartasiga "fontan" bahonasida qaysi fermerdan qancha pul o‘tkazilgani aniqlanishini aytdi.

Fermerga ko‘ra, hokim yozda o‘tkazgan majlislaridan birida, tuman markazida qurilgan ko‘p qavatli uylarning oldiga fontan qurilishi haqida gapirgan.

"Bu fontanni kim qurishi va aynan qayerga qurilishini hech kim aniq bilmaydi. Hali bu yerda fontan bo‘ladi deb, to‘rtta cho‘p ham qoqilmagan. Yo‘q narsaga pul yig‘ilayapti. Bankda ham fermerlar, bilamiz bu pullar kimlarnidir cho‘ntagiga kirib ketadi, yo‘q narsaga ikki martadan pul to‘lamaymiz, deb janjal qilishdi".

Ozodlikda fontan qayerda qurilishi, loyiha qiymati va qaysi quruvchi tashkilot uni qurishi haqida ma’lumot yo‘q.

23 yanvar kuni fermerlar iddaosiga munosabat olish uchun Oq oltin tumani hokimligiga qo‘ng‘iroq qildi.

Go‘shakni ko‘targan rasmiy hokim Dilmurod Fozilovning majlisda ekanligini aytib, aloqani uzdi.

Ozodlik qo‘ng‘iroq qilgan paytda hokimlik binosida bo‘lgan fermerlardan biri hokim hech qanday majlis o‘tkazmayotganini aytdi.

So‘nggi bir oy ichida fermerlarga 2019 yil uchun paxta pulini bermayotgan paxta tozalash zavodlari va klaster korxonalari haqida Ozodlikka shikoyatlar oqimi ko‘paydi.

Ozodlik 14 yanvar kuni Andijon viloyati fermerlari davlatga sotgan paxta pulini “O‘zpaxtasanoat” korxonalaridan ololmayotgani, "O‘zpaxtasanoat" AJ boshqaruvi raisi bu muammo uch-to‘rt kuni orasida hal qilinishini aytgani haqida xabar bergan va 15 yanvardan boshlab fermerlar hisoblariga pul tushgan edi.

Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tumani fermerlari 2019 yil paxta hosili pulini klaster korxonasidan ola olmayotganidan Ozodlikka arz qildi.

Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi 48 fermer O‘zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “Bahodir Log‘on Tekstil” klaster korxonasi ustidan arz qilib, shikoyat yozdi.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.