Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining birinchi majlisi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Abdulla Aripov hukumatinig uch yil ichidagi faoliyatini qattiq tanqid qildi.
Shuningdek prezident deputat va senatorlarni faollikka chorladi.
Ozodlikning "Qurultoy" eshittirishda Mirziyoyev nega o‘zi tanqid qilgan hukumatni yana o‘zi saqlab qoldi? degan savolni muhokama qildik.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Eshittirishda qatnashgan jurnalist Ismat Xushev yangi parlament va hukumat Mirziyoyevning yangi qanoti ekani va bu qanot bilan prezident “misli ko‘rilmagan parvozlar” qilishi haqida gapirdi.
O‘zbekistonlik jurnalist va huquqshunos Zafarbek Solijonov esa “erkin parlamentarizm haqida prezident gapirgan Senat majlisining eskisidan farqi yo‘qligini" ta’kidladi.
Nukuslik siyosiy faol Azimboy Otaniyozov esa “eski uslubdagi yoshi kattalardan tarkib topgan Senat jimligi fonida Mirziyoyev muxolifat vazifasini bajarganiga” e’tibor qaratdi.
- Prezident tanqid qilayapti¸ senatdagilar chapak chalib o‘tiribdi. Qani gapiring desa chiqib¸ qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib¸ prezident sha’niga maqtov yog‘dirdi.
Otaniyozovga ko‘ra “faqat prezident gapirib qolganlar jim o‘tirib chapak chaladigan parlamentdan” foyda yo‘q.
- Qonun chiqaruvchi organ vakili bo‘lgan senatorlarning bir vaqtning o‘zida ijro organi vakilining ayni paytda hokim bo‘lishining o‘zi demokratiya mantig‘iga zid. Bu holatda qudratlar muvozanati va cheklash richaglari yo‘q. Ikkinchi tarafdan¸ prezident qattiq tanqid qilgan hukumat eski tarkibda yana 100 foiz ovoz bilan saylangani biz saylovchilarda savol uyg‘otdi.
Eshittirishda qatnashgan jurnalist Bobomurod Abdullayev bu mavzuni davom ettirib “nega hokimlar o‘zboshimchaligini tanqid qilgan prezident ularni saqlab qoldi?” deya savol qo‘ydi.
"Qurultoy"da aytilgan fikr-mulohazalar bilan quyida to‘lig‘icha tanishishingiz mumkin.