Elchixona Xitoydagi o‘zbek talabalari vaziyati nazoratga olinganini bildirdi

Elchixona Xitoydagi o‘zbek talabalariga maxsus niqoblardan foydalanishni tavsiya qiladi.

O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi koronavirus sabab karantin qilingan shaharlardagi o‘zbek talabalari vaziyati to‘la nazoratga olinganini bildirdi.

24 yanvar kuni Ozodlikka murojaat qilgan Xitoydagi o‘zbek talabalari mushkul vaziyatda qolgani, oziq-ovqatdan qiynalayotganidan shikoyat qilgandi.

Konsul Bobur Yahyoyev Xitoydagi o‘zbekistonlik talabalarni vahimaga tushmaslikka chaqirib, ularga zarur huquqiy yordam berish uchun 24 soat aloqada ekanini ta’kidladi.

Ozodlik Xitoydagi o‘zbekistonlik talabalar bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasiga bog‘landi.

Konsul Bobur Yahyoyev o‘zbek talabalari vaziyati to‘liq nazoratga olinganini bildirdi:

"Vaziyat to‘liq nazoratga olingan! Vatandoshlarni tezkor rasmiy ma’lumotlar bilan xabardor qilgan holda, o‘z vaqtida konsullik huquqiy maslahatlari berib turibmiz!

Fuqarolarimiz konsullik xizmatidan samarali foydalanishlari, zarur konsullik-huquqiy maslahatlarni olishi uchun elchixonada barcha sharoit yaratilgan.

Vatandoshlar konsullikning +86 135 1102 4242 mobil raqamiga sutkasiga 24 soat davomida qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin".

Xitoyda koronavirusning yangi turi tarqalishda davom etmoqda. Virus tarqalishi boshlangan Uxan shahrida hozirgacha kamida 6 odam koronavirus oqibatida o‘ldi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Xubey provinsiyasining Uxan shahrida maxsus shoshilinch shtab joylashtirilgan va 23 yanvar soat 10:00 dan boshlab jamoat transporti (avtobuslar, metro, paromlar va boshqalar) vaqtincha to‘xtatilgan, aeroport va temir yo‘l stansiyalaridan chiqadigan reyslar bekor qilingan. Shahardan chiqish yo‘llari yopilgan. Shaharning barcha transport vositalari huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan nazoratga olingan.

Konsullik ma’lumotiga ko‘ra, Uxan shahrida 250 nafar atrofida O‘zbekiston fuqarolari, asosan, talabalar yashaydi. Ularning ko‘pchiligi semestr yakunlanganligi sababli vatanga qaytgan.

Elchixona ma’lumoti bo‘yicha hozirda shaharda 30dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin.

Konsul Yahyoyevga ko‘ra, Uxan shahridagi o‘zbekistonliklar uchun huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Wechat” ijtimoiy tarmog‘ida "Uxan 2020 O‘zbekiston” guruhi tuzilgan.

Yahyoyev talabalarni xotirjamlikni saqlashga chaqiradi:

"Biz ularga zaruriy ehtiyot va profilaktika choralariga amal qilish lozimligini tushuntirdik. Ulardan his-hayajonga berilmaslikni so‘raymiz!".

24 yanvarga kelib Pekin 41 milliondan ko‘proq odam yashovchi 13 ta shaharda karantin e’lon qildi va bu hududlarga kirish-chiqishni taqiqladi. Oqibatda vahimaga tushgan aholi orasida oziq-ovqat va dori vositalarini keragidan ortiq sotib olish jazavasi boshlandi.

Kuni kecha Xitoy Sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi yangi virus odamdan odamga yuqishini tasdiqladi. Aytilishicha, kasallikni xastalanganlar bilan muloqotda yuqtirib olish mumkin.

Shu bois bir necha davlat virus tarqalishini oldi olish uchun chora ko‘rmoqda. Xususan, Osiyo davlatlari aeroportlarida yo‘lovchilar tekshirilmoqda.

Shuningdek Avstraliya, Bangladesh, Nepal, Singapur va AQSh aeroportlarida ham nazorat kuchaytirildi. Virus tarqalishi ortidan O‘zbekistonda ham chegara nazorati kuchaytirilgani xabar qilindi.

O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi koronavirus tarqalgan shaharlardagi o‘zbekistonliklarga quyidagilarni tavsiya etadi:

  • infeksiya yuqtirish xavfining oldini olish maqsadida o‘z turar joylaringizda saqlanishni;
  • jamoat joylariga chiqmaslikni;
  • nafas olish organlari kasallik belgilari mavjud bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilmaslikni;
  • maxsus niqoblardan foydalanishni;
  • hayvonlar oldiga yaqinlashishdan saqlanishni;
  • faqat issiq va yaxshi pishirilgan taomlar iste’mol qilishni;
  • ovqatlanishdan oldin qo‘llaringizni yaxshilab yuvishni;
  • antiseptik mahsulotlardan foydalanishni;
  • agar isitmangiz ko‘tarilib, respirator kasallik alomatlarini sezangiz, darhol tibbiy muassasaga murojaat qilishni.