Hujjatlar: "O‘zbekiston temir yo‘llari"da 2 oyda 8 baxtsiz hodisa, 7 o‘lim!

Mutaxassislar ta’kidicha¸ O‘TY qurilish ob’ektlarida baxtsiz hodisalar ko‘payishining bosh sababi arzon va malakasiz¸ aksar hollarda majburiy ish kuchidan foydalanishdir.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” (O‘TY) aksiyadorlik jamiyatiga qarashli ob’ektlarda keyingi 2 oy ichida, 18 dekabr kuni Toshkent metropolitenining Yunusobod stansiyasida 5 ishchining o‘limiga sabab bo‘lgan tuproq o‘pirilishidan tashqari, yana kamida 7 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan¸ ulardan 2 tasi o‘lim bilan tugagan.

Bu ma’lumot jamiyatning Ozodlikka taqdim etilgan ichki hujjatlaridan olindi.

Hujjatlarga ko‘ra¸ “og‘ir” deb tasniflangan baxtsiz hodisalardan eng so‘nggi uchtasi aynan keyingi bir oy ichida Toshkentdagi yangi metro stansiyalari qurilishida ro‘y bergan.

Hujjatlardagi insoniy fojialar

Ozodlikka “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mulozimlaridan biri tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda jamiyatga qarashli qurilish ob’ektlarida ro‘y bergan baxtsiz hodisalar tafsiloti yozilgan.

2019 yilning 21 noyabridan to 2020 yilning 26 yanvariga qadar bo‘lgan muddatni qamragan bu hujjatlarda ishlab chiqarish bilan bog‘liq yettita baxtsiz hodisa qayd qilingan.

Hujjatlarda yozilishicha¸ 21 noyabr kuni Buxoroda poyezdlar xavfsizligini ta’minlash o‘qchisi¸ 27 yashar Shohruh Olimov tungi smenada ishlayotganda is gazidan zaharlanib o‘lgan.

Hujjatdan nusxa

9 dekabr kuni O‘TY tizimidagi “Ko‘prikqurilishfoydalanish” UKsining Farg‘onadagi kelishilgan shartnoma asosidagi ishchisi 50 yashar Nuriddin Turdialiyev katta yo‘lni tozalashga chiqarilgan paytda¸ mashina urib o‘lgan.

Shuningdek:

Toshkentdagi yer usti metrosi qurilishida ishlash uchun Sirdaryodan yuborilgan xovoslik montyor Elmurod Abdullayev tungi soat 01:30 da ishlatilayotgan mahal balandlikdan yiqilib og‘ir jarohat olgan;

5 yanvar kuni “Do‘stlik” yer usti metrosida fuqarolik shartnomasi bilan ishlayotgan namanganlik Rustamjon Saydullayevning¸ 17 yanvar kuni esa¸ “Yunusobod” metro qurilishida kelishuv shartnomasi bilan ishlayotgan surxondaryolik Tohir Pirimovning boshiga opalubka tushib¸ ikkalasi ham og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Hujjatdan nusxa. Yunusobod metrosi qurilishida 17 yanvar kuni ham baxtsiz hodisa ro‘y bergan.

Og‘ir jarohat va o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalarga oid hujjatlarning hammasida kelajakda qilinishi lozim deyilgan ishlarni qilish¸ asosan¸ texnika xavfsizligiga rioya etish topshirilgan.

“Bu hali hammasi emas!”

Bu O‘TYga qarashli ob’ektlar¸ ayniqsa¸ metro qurilishida bo‘layotgan baxtsiz hodisalarning ayrimlaridir”¸ deydi hujjatlarni shaxsi sir qolish sharti bilan izohlagan O‘TY mutaxassisi.

Kelishuv shartnomasi bor deganlarga qandaydir malakasi bor, tibbiy ko‘riklar¸ kasb bo‘yicha imtihon va tekshiruvlardan o‘tgan, temir yo‘l shtatiga o‘tkazilgan yoki qaysidir temir yo‘l korxonasidan komandirovka qilinganlar kiradi. Fuqarolik kelishuvi degani qandaydir ish hajmini bajarish maqsadida ishga vaqtincha olingan mardikorlardir. Odatda bular hech qanday tibbiy ko‘rik, imtihonlardan o‘tmaydi, ular ko‘chadan, ya’ni mardikor bozoridan avtobuslarga solib olib kelinadi. Yunusobod metrosida o‘lgan 5 ta ishchi ham mardikor bo‘lgan. O‘lgandan keyin hujjatlarni orqa chislo bilan to‘g‘rilab, xuddi vaqtincha ishga qabul qilingandek rasmiylashtirishgan​”¸ deydi tizim mulozimlaridan yana biri.

Bu mulozim ta’kidicha¸ baxtsiz hodisalarning birlamchi sababi¸ O‘TY rahbariyatining maxsus qurilish ob’ektlariga bu yerda ishlash malakasiga ega bo‘lmagan arzon ish kuchini jalb etishidir.

Ayni paytda¸ ishchilarning xavfsizlikni ta’minlovchi maxsus kiyimsiz¸ texnika xavfsizligi deyarli yo‘q sharoitda uzoq soatlab ishlashi ham baxtsiz hodisalar ko‘payishiga sabab bo‘lgan.

“Metro qurilishida majburan ishlatilayotgan O‘TY tizimi xodimlarini ayrim insofi borlar¸ maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlashgan. Ammo “O‘ztemiryo‘lyulovchi” AJ tizimida ishlovchi xodimlarga maxsus kiyimbosh u yoqda tursin¸ hatto oddiy qo‘lqop xam berishgani yo‘q. Yunusoboddagi fojiadan keyin rahbariyat shu kamchiliklarni tuzatish o‘rniga¸ ishchilarning og‘ir ahvoli videoga chiqib ketmasin¸ deb mobil telefon bilan ishga kelishni taqiqladi. Mana bularning aqli qaergacha yetadi!”¸ deydi O‘TY ob’ektlaridagi qurilishlar vaziyatidan xabardor mulozim.

O‘TY tizimida ishlovchi mutaxassis va xodimlar bildirgan bu kabi tanqid va e’tirozlarga jamiyatdan rasmiy javob olishning imkoni bo‘lmadi. O‘TY rasmiysi Ozodlikning Telegram kanali orqali baxtsiz hodisalarga izoh so‘rab qilgan murojaatini javobsiz qoldirdi.

“Ikki oyda 12 ta baxtsiz hodisa - juda xunuk statistika!”

O‘TYga aloqador yana bir mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ tarkibiga o‘nlab korxona va tashkilot kiruvchi butun O‘TY tizimida o‘rtacha yiliga ishlab chiqarishdagi jarohatlar soni (proizvodstvennaya travma) yiliga 15-20 tani tashkil etadi.

So‘nggi ikki oy ichida tizimda ro‘y bergan baxtsiz hodisalar soni¸ Yunusobod metrosida o‘lgan 5 ishchini qo‘shganda¸ 12 tani¸ shundan o‘lim 7 tani tashkil qiladi.

Ikki oyda shuncha baxtsiz hodisa va o‘lim! Bu achinarli statistikani qo‘pol qilib aytganda buzadi¸keskin oshirib yuboradi. Bu tizim boshqaruvini butunlay tozalab¸ ish uslubini mutlaq o‘zgartirish kerak”¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi.

“O‘zbekiston temir yo‘lllari” AJ¸ qolaversa butun Transport vazirligi faoliyati Yunusobod metrosi qurilishidagi fojiadan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev tanqidiga uchradi.

22 yanvar kuni O‘TYning bevosita rahbari¸ Toshkentdagi yangi metro liniyasi qurilishining asosiy mas’uli Ochilboy Ramatov Transport vaziri lavozimidan olindi.

28 yanvar kungi maxsus yig‘ilishda esa Mirziyoyev transport sohasidagi holatni qattiq tanqid qildi.

Bu tanqid ortidan 29 yanvar kuni hukumat transport sohasidagi rahbarlar¸ xususan¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi Husniddin Hosilovni rais vazifasini vaqtincha bajaruvchi darajasiga tushirdi.

Bu o‘zgarish¸ ayrim soha mutaxassislarining ishonishicha¸ butun transport-logistika tizimi¸ xususan¸ O‘TY boshqaruvida yaqin kelajakda bo‘ladigan kadr o‘zgarishlaridan darakchi bo‘lishi mumkin.

Ozodlik umrbod majruh bo‘lgan ishchilar va o‘lganlar oilalariga ish joyida ro‘y bergan baxtsiz hodisa uchun tovon puli to‘langaniga oid rasmiy ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.