Andijonlik 36 yashar Jasurbek Hamroqulovning militsiya xodimi tomonidan kaltaklanishi yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi 3 fevralda navbatdagi xizmat tekshiruvini boshladi.
Jabrlanuvchidan olingan bu ma’lumotni IIB mas’ul xodimi Ozodlikka tasdiqladi. Jasurbek Hamroqulov o‘tgan yilning sentabrida shahar IIB xodimlari tomonidan kaltaklangan edi.
Ayni paytda Xatirchi tumanilik (Navoiy viloyati) Oblaqul To‘rayev Samarqand prokuraturasi xodimlari tomonidan qiynoqqa solinganini bildirdi. Samarqand viloyat prokuraturasi bu borada Ozodlik so‘roviga javob bermadi.
"Ezgulik" huquq himoyasi tashkiloti raisi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan birinchi yilda qiynoqlar ko‘rsatkichi pasaygani sezilgan, lekin ayni paytga kelib qiynoqqa solish holatlari yana ko‘paya boshladi.
Andijonlik o‘zini kaltaklagan ichki ishlar xodimiga nisbatan ikkinchi xizmat tekshiruvi o‘tkazilishiga erishdi
Jasurbek Hamroqulovning aytishicha, ichki ishlar xodimi Sardor (familiyasi noma’lum) uni 2019 yilning 11 sentabrida Andijon shahar 6-sonli Ichki ishlar bo‘linmasi binosida kaltaklagan.
Jasurbekning aytishicha, o‘sha kuni u «Kamelot» kafesida bir odam bilan janjallashib qolgan, bu voqea ustiga kelgan militsiya xodimlari uni bo‘limga olib ketgan. Uning kaltaklanishi voqeasi bo‘limdagi videokamera tasviriga tushib qolgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Jabrlanuvchi Ozodlikka taqdim qilgan videoda ichki ishlar xodimi formasidagi shaxs ikki nafar formali hamkasbi va uch nafar fuqarolik kiyimidagi odam guvoh bo‘lib turgan bir paytda yoshi 35 lardagi bir yigitni kaltaklayotganini ko‘rish mumkin.
Oradan bir oz o‘tgach, ichki ishlar xodimning hamkasblari va fuqarolik kiyimidagi odamlar ularni ajratib olishga harakat boshlaydilar. Ammo ichki ishlar xodimi changalidan ajratib olingan yigit yerga yiqilib tushadi va ancha vaqtgacha o‘ziga kela olmay yotib qoladi.
Videoda, shundan so‘ng, ichki ishlar formasidagi bir xodim stul olib kelgani va unga yigitni ko‘tarib o‘tqizganlari, ammo u hanuzgacha o‘ziga kelmagani ham aks etgan. Shu bilan video yakunlanadi.
Aytishicha, videoda kaltaklangani aks etgan yigit Jasurbek Hamroqulovdir. Uning aytishicha, 2019 yilda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi hech qanday natijasiz tugagan. Shundan so‘ng Hamroqulov 8 yanvar kuni Respublika DXXga, Bosh prokuraturaga va Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘rab murojaat qilgan.
Jasurbek Hamroqulovning aytishicha, ayni paytda uning kaltaklanishi bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim hujjatlar, jumladan, kaltaklanganidan so‘ng viloyat kasalxonasida 10 kun davolangan vaqtdagi hujjatlari yo‘qolgan:
“Urmaganman qovurg‘asiga deb tan olmagan edi. Ammo men rentgenga tushgan joyimdan haqiqatan ham qovurg‘am singani to‘g‘risidagi qog‘ozni oldim. Meni bo‘limdan tez tibbiy yordam olib ketgan edi o‘shanda. Shundan so‘ng viloyat shifoxonasidan ko‘rikdan o‘tganman. Vipiskalarimni prokuratura rasmiy xat bilan viloyat kasalxonasidan olibdi. Men borib olay desam, prokuratura olib ketgan, deyishdi. Ammo bu hujjatlar prokuraturada deloning ichida ham yo‘q, kasalxonada ham yo‘q, qayerga qo‘yishganini bilmayman”.
Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasining mas’ul xodimi Ozodlik bilan suhbatda Sardor ismli militsiya xodimiga nisbatan qayta xizmat tekshiruvi boshlanganini tasdiqladi, ammo boshqa tafsilotlarni aytmadi.
Ozodlik Sardor ismli ichki ishlar xodimi bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo u telefonini ko‘tarmadi.
Xatirchilik Oblaqul To‘rayev Bosh prokurorga qiynoqqa solingani haqida xat yozdi
Xatirchi tuman Tasmachi qishlog‘da yashovchi Oblaqul To‘rayev o‘zining Samarqand viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan qiynoqqa solingani yuzasidan 2 fevral kuni O‘zbekiston Bosh prokuroriga ochiq xat bilan murojaat qildi.
Oblaqul To‘rayevning aytishicha, u Samarqand viloyat prokuraturasi qoshidagi Valyuta va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan:
“Departament xodimlari 27 yanvar kuni o‘lasi qilib do‘pposlashdi. Ichim ezilgan, tanamda jarohat izlari hali ham turibdi. O‘shandan beri qon siyyapman. Samarqanddagi shifoxonalar qabul qilmayapti, boshqa joyga borishga pulim yo‘q”.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Oblaqul To‘rayevning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, uning bozorda mayiz sotish bilan tirikchilik qiladigan tanishi 70 million so‘mni dollarga ayirboshlashi kerak bo‘lgan. U katta pul bo‘lganligi uchun Oblaqul To‘rayevdan pul ayirboshlash paytida birga bo‘lishni iltimos qilgan.
Ular dollar sotib olish uchun Hatirchi tumanidan Kattaqo‘rg‘on tumaniga kelishgan va bu yerda bir "valyutachi"dan dollar olishgan.
Shu paytda Samarqand viloyat prokuraturasi qoshidagi Valyuta va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti reyd o‘tkazib, ularni qo‘lga olgan.
Noqonuniy ravishda valyuta ayirboshlashda gumonlanganlarning barchasi Samarqandga olib borilib, so‘roq qilingan.
So‘roqlar davomida xodimlar tomonidan qiynoqqa solinganini aytayotgan To‘rayevning advokati Umid Davlatov uning tanasida qiynoq izlari hamon saqlanib qolgani, bu masalada mustaqil sud tibbiy ekspertizasi o‘tkazish uchun advokatlik so‘rovnomasi kiritayotganini aytdi:
“Hozirda To‘rayev ishi bo‘yicha ekspertiza talab qilyapmiz. Hatto biror qilmishda rasman ayblanmagan fuqaroni qiynoqqa solgan zo‘ravon xodimlar javobgar bo‘lishi lozim. Afsuski, Chiroqchidagi so‘nggi qiynoqlar holati biz adokatlarni ham shokka tushirdi”.
Oblaqul To‘rayev o‘zini qiynoqqa solganlar qatorida Departamentning Zafar, San’at va Avaz ismli uch xodimini tilga oldi. U qiynoqqa solinganidan tashqari cho‘ntagidagi 500 ming so‘m puli ham xodimlar tomonidan tortib olinganini iddao qildi.
Samarqand viloyat prokuraturasi mazkur ishga oid Ozodlik so‘rovini izohsiz qoldirdi.
Ekspert: Chiroqchi Ichki ishlar bo‘limidan yaqinda jasad chiqdi
Toshkentdagi “Ezgulik” inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti raisi Abdurahmon Tashanov O‘zbekistondagi qiynoqlar to‘g‘risida xalqaro tashkilotlarga hukumat hisobotlariga muqobil hisobotlar mualliflaridan biri. Uning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan dastlabki yilda qiynoqlar ozaygani qayd etilgan, ammo oradan bir yil o‘tgach bu masala yanada dolzarblasha boshlagan:
- Mirziyoyev hokimiyatga kelganida qiynoqlarga qarshi populistik qadamlar bo‘ldi, farmonlar chiqarildi. O‘sha paytda qiynoqlar tempi bir oz pasayganday bo‘ldi. Afsuski, shu kunlarga kelib, men shu kunlar deganda so‘nggi 3-4 oyni nazarda tutayapman, qiynoqlar masalasi yana avj oldi. Buning ob’ektiv va sub’ektiv tomonlari bor. Ob’ektiv sababi, qonunlarning mukammal ishlanmayotgani, bundan tashqari hukumat qamoqxonalarga videokameralar qo‘ygani to‘g‘risida hisobot bermoqda. Aslida,bu islohotlar hali joylardagi tergov izolyatorlarigacha yetib borgani yo‘q. Sub’ektiv tomoni - tergovchilarning professional malakasizligi. Tergov harakatlarini bilmasligi, tergovni zo‘ravonlikka asoslangan holda olib borishidir.
Tashanovga ko‘ra, qiynoqlar sistematik tus olganini Chiroqchi tuman Ichki ishlar bo‘limidan uch nafar odamning jasadi chiqqani ham misol bo‘la oladi.
- Chiroqchi tumanidagi so‘nggi voqea jamoatchilikni larzaga soldi. Lekin bundan avval Chiroqchi tuman jinoyat qidiruv bo‘limida bundan tashqari yana ikki odam urib o‘ldirilgani to‘g‘risida jamoatchilikka ma’lum qilganman. Masalan, 2012 yilning noyabrida 30 yoshli Alimardon Berdiqulov, 2013 yilning iyunida 32 yoshli Husniddin Oqqo‘ziyev jinoyat qidiruv bo‘limiga olib kelinganidan bir necha soat o‘tgach, jasadlari qarindoshlariga berilgan. Bitta tuman ichki ishlar bo‘limining jinoyat qidiruv bo‘limidan uch nafar odamning jasadi chiqqani, qiynoqlar haligacha sistemali ravishda davom etayotganining belgisidir, - dedi huquq faoli.
Ozodlik radiosi 27 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 23 yanvar kuni mol o‘g‘irlaganlikda gumonlanib qo‘lga olingan 32 yoshli erkak bo‘limga yetkazilganidan so‘ng o‘sha yerda jon bergani haqida xabar bergandi. Abdurahmon Tashanov “so‘nggi voqea” deganda mana shu hodisani nazarda tutdi.
Mazkur hodisa ortidan IIBning kamida ikki nafar xodimiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.