Kimyoviy quroldan jabrlangan 100 ming eronlik hayoti koronavirus tufayli xavf ostida qoldi

Tehronliklar koronavirusga qarshi vositalar olish uchun navbatda turibdi. 2020, 15 mart.

O‘lim xavfini soluvchi koronavirus Eronda ko‘proq tarqalgani sari nafas yo‘llari kasalliklaridan va sildan aziyat chekayotgan o‘n minglab kimyoviy urush jabrdiydalariga ikki karra xavf solayotganidan xavotirlar paydo bo‘lmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Iroq diktatori Saddam Husayn Eron-Iroq urushi vaqtida uyushtirgan kimyoviy qurollar hujumidan omon qolgan 100 ming eronlik bor. Ularning aksariyati xantal va asabni falajlovchi gaz ta’sirida surunkali xastaliklar orttirib nogiron bo‘lib qolgan.

O‘sha kimyoviy hujum oqibatida sog‘lig‘ini yo‘qotgan bir necha kishi yaqinda koronavirus yuqtirib o‘ldi. Ayni virus keksalar, ayniqsa yurak-qon tomir va o‘pka kasalliklariga chalingan kishilar uchun o‘ta xavflidir.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi 16 martda tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, shu kungacha COVID-19 virusini yuqtirgan jami 16 169 kishidan 998 nafari vafot etdi. Kasallik yuqtirganlarning haqiqiy soni ushbu raqamdan bir necha bor ko‘p bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Islom inqilobi soqchilari korpusining (IISK) iste’fodagi generali Haj Murtazo Malik va G‘amsardagi sobiq juma namozlari peshvosi, hujjat ul-islom Abulqosim Oromiy kimyoviy qurollardan zarar ko‘rganlardan bo‘lib, yaqinda koronavirus yuqtirgani sabab dunyodan o‘tdi.

Ikkalasi ham Eron-Iroq urushi vaqtida Saddam Husayn Eron g‘arbida ushbu mamlakat askarlari va tinch aholisiga qarshi bir necha marta kimyoviy qurollar bilan hujum uyushtirgan paytda zarar ko‘rgan edi.

Khabaronline.ir saytiga ko‘ra, Malik o‘tgan haftada Damg‘onda, Oromiy esa 15 martda Kashandagi shifoxonada o‘lgan.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, IISKning kimyoviy qurollardan zarar ko‘rgan boshqa veteranlari ham yaqinda koronavirus yuqtirgandan so‘ng vafot etgan.

Islohotlar tarafdori bo‘lgan siyosiy faol Fayzulloh Arabsurxiy 6 martda Tvitterda ma’lum qilishicha, kimyoviy qurollardan zarar ko‘rgan 18 kishi koronavirus sabab o‘lgan. Ammo u ushbu ma’lumotni qayerdan olganini aytmadi.

Hokimiyat idoralari kimyoviy qurollar hujumidan omon qolgan kishilardan aynan necha kishi COVID-19 ni yuqtirib o‘lgani haqida hech qanday ma’lumot bergani yo‘q. Lekin ayni paytda 31 ta viloyatga tarqab ketgan virus o‘sha kishilar hayoti uchun o‘ta xavfli bo‘lishidan ogohlantirdi.

Pandemiya shusiz ham mamlakat iqtisodiyoti AQSh sanksiyalaridan qattiq zarar ko‘rayotgan paytda kasalxonalar va tibbiyot xodimlari gardaniga og‘ir yuk bo‘lib tushdi.

Shahidlar va veteranlar masalalari bo‘yicha fond 26 fevralda bergan bayonotga ko‘ra, kimyoviy qurollar hujumidan zarar ko‘rgan veteranlar koronavirusga bardosh berishi qiyin. O‘sha bayonotda ular va oilalari himoya choralari ko‘rishga, jumladan, qo‘llarni sovunlab yuvish, gripp alomatlari bor odamlardan uzoqroq yurishga da’vat etiladi.

Parlament a’zosi va urush vaqtida kimyoviy qurollar hujumiga duchor bo‘lgan Pironshahr va Sardasht shaharlari vakili Rasul Hizriy 15 martda o‘sha joyda yashayotgan va hujumlardan omon qolgan bir necha ming kishining salomatligidan xavotir izhor qildi.

Eronning Qizil yarim oy jamiyati ko‘ngillilar tashkiloti rahbari Muhammad Nosiriy 14-15 martda 1987 yil iyunidagi kimyoviy qurollar hujumi jabrdiydalari bo‘lgan sardashtliklarga 4000 dona ichida bakteriyaga qarshi gel, va niqoblar bor dori qutilari jo‘natilganini va koronavirus yo‘q qilingunga qadar yana jo‘natib turilishini aytdi.

O‘sha kimyoviy qurollar hujumidan omon qolgan Hamidrizo Haqshunos koronavirus keng tarqalayotgan paytda o‘ziga o‘xshash uyidan chiqa olmaydigan kishilarni Shahidlar va veteranlar masalalari bo‘yicha fond kislorod niqoblari bilan ta’minlab turishi shartligini aytdi.

Kimyoviy urush jabrdiydalariga ko‘pincha nafas olish bilan bog‘liq muammolarni yengillatish uchun ingalyatorlar va kislorod niqoblari kerak bo‘ladi.