Mahkumlarning yaqinlari va faollar qamoqxonalarda koronavirus tarqalishidan xavotirda

O‘zbekistonning endilikda yopilgan "Jasliq" qamoqxonasi sil epidemiyasi o‘chog‘i bo‘lib kelgan.

O‘zbekistondagi o‘ndan ziyod mahkumlarning qarindoshlari va faollar "qamoqxonalarda koronavirusni yuqtirib olish xavfi juda yuqoriligi bois" xavfli jinoyat etmagan va keksa yoshdagi mahbuslarni vaqtincha uy qamog‘iga chiqarishni so‘rab O‘zbekiston prezidenti portali va Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasiga murojaat qildi.

Murojaatchilar fikricha, shu yo‘l bilan O‘zbekistondagi "mahbuslarga to‘lib-toshgan qamoqxonalarda koronavirusga ommaviy chalinish xavfini kamaytirish mumkin".

Murojaatchilar 2 aprel kungi xatiga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasidan ham, Prezident portalidan ham hali javob olmadi.

Boshqarma rasmiy saytida 4 aprel xolatiga ko‘ra, jazo muassasalarida koronavirus xolatlari qayd etilmagani, kuchli karantin tartibi e’lon qilingani, tergovchi va advokatlar hamda mahkumlar qarindoshlarining qamoqxonalarga ziyoratlari va peredachalar qabul qilish vaqtincha to‘xtatilgani aytilgan.

Toshkentlik ayol (ismi matbuotda ochiqlanishini istamadi) o‘g‘rolik uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan va Navoiydagi qamoqxonada jazo muddatining to‘rtinchi yilini o‘tayotgan 26 yashar o‘g‘lini uy qamog‘iga o‘tkazishni so‘rayotganlardan biridir.

- Ohirgi marta fevral oyida ko‘rgani borganimda shamollab qolgan edi. Oldin sil kasali ham bo‘lgan. Agar koronavirus tarqalsa bormi birinchi mening o‘g‘limga yuqadi. Chunki immuniteti slabiylashib qolgan. Shuning uchun jazoning qolgan bir yilini uyda o‘tasa, deyapmiz. Mayli yana muddat qo‘shsin, lekin uyda o‘tasin, - deydi mahbusning onasi.

O‘zbekistonda davlatga xiyonatda aybanib shu yil boshida 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, hozirda Navoiydagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan 68 yoshli sobiq diplomat Qodirjon Yusupovning Londonda yashayotgan o‘g‘li Bobur ham otasi zudlikda qamoqdan chiqarilishini so‘ramoqda.

Qodirjon Yusupov qamalishidan oldin kasalxonadaligi payti olingan surat..

Agar O‘zbekistondagi hukumat insonparvar bo‘lsa dunyo tajribasidan kelib chiqib, og‘ir jinoyat sodir etmaganlarni ozodlikka chiqarishi kerak


- Hozirgi vaziyatda otam zudlikda uyga qo‘yib yuborilishi kerak. Otamning hayoti xavf ostida. Biz bu haqda prezidentga ham murojaat qildik. Chiqarilgani bilan u hech qayerga qochmaydi, qocholmaydi. Yoshi yetmishga yaqinlashib qoldi, buning ustiga kasal. Yurak kasali va boshqa kasalliklarni boshdan kechirgan. Ruhiy axvoli ham og‘ir. Koronavirus birinchi navbatda yoshi keksalarni yiqityapti. Hozir men yashayotgan Britaniyada zo‘ravonlik qilmagan barcha maxbuslarni chiqarishyapti. Favqulodda choralarga qo‘l urilyapti. Chunki, birinchi galda insonning hayoti muhim. Agar O‘zbekistondagi hukumat insonparvar bo‘lsa dunyo tajribasidan kelib chiqib, og‘ir jinoyat sodir etmaganlarni ozodlikka chiqarishi kerak, - dedi Bobur.

Shvetsiyada yashayotgan faol, O‘zbekistonda 25 yillik qamoq muddatini o‘tayotgan mahbus Iskandar Hudoyberganovning singlisi ​Dilobar Erkinzoda ham Facebook sahifasida koronavirus tarqalishi manzarasida ba’zi maxbuslar ozod etilishi kerak, degan chaqiriq bilan chiqdi.

Karantinga qaramay mahkumlar ishlatilmoqda

O‘g‘li Jizzaxdagi manzil koloniyasida jazo o‘tayotgan ayol u yerda mahkumlar karatinga qaramay ishlatilayotganini aytdi:

- O‘g‘lim besh yilga qamalgan. Sentabrda chiqishi kerak. Karantinga qaramay Jizzaxdagi kraska zavodida ishlatishyapti. Har kuni ertalabdan kechgacha ishlashadi, keyin koloniyaga olib borishadi. Karantin payti ishlatishmay, izolyatsiyada ushlab turishsa bo‘lardi, - deydi ismi matbuotda oshkor etilishini istamagan samarqandlik ayol.

Xalq orasida "Panelniy" nomi bilan mashhur bo‘lgan Toshkentdagi ma’muriy qamoqxonada ham karantin qoidalari buzilayotgani haqida shu qamoqxona yaqinida yashovchilar Ozodlikka ma’lum qildi.

- Peredachaga ocheredda turishibdi. Hammanikini olyapti. Ahir bu bilan o‘zlarini qarindoshlariga jabr qilishyaptiku, - deydi poytaxtliklardan biri 7 aprel kuni.

Karantin doirasida mahbuslarga qarindoshlari tarafidan yeguliklar olib kelish taqiqlangan bo‘lsa-da nega "Panelniy"da ularni qabul qilish to‘xtamayapti?

Bu haqda Ozodlik qamoqxona ma’muriyatidan ham O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasidan ham izoh ololmadi.

Xalq orasida Panelniy deb ataluvchi qamoqxonaning mahkumlarga oziq-ovqat uzatiladigan derazasi.

"Qamoqxonalarida koronavirus tarqalishi uchun ideal sharoit bor"

O‘zbekiston qamoqxonalarida o‘tirib chiqqanlar koloniyalar bir zumda koronavirus o‘chog‘iga aylanishi uchun sharoit yetarli ekanini aytishadi.

10 yillik qamoq muddatini o‘tab chiqqan 66 yashar o‘zbekistonlik inson huquqlari faoli, mahkumlarni uy qamog‘iga olish yuzasidan murojaat tashabbuschilaridan biri A’zamjon Turg‘unov O‘zbekistondagi qamoqxona sharoitlarini tasvirlar ekan, bunday dedi:

- Bir kamerada o‘ndan ziyod mahbus saqlanadi, ularning barchasi umumiy idish-tovoqdan ovqatlanadi. Kameralar ventilyatsiya qilinmaydi. Bu esa koronavirus tarqalishi uchun ideal sharoit. Shuning uchun biz hozir soxta ayblovlar bilan qamalganlar, zo‘ravonlik qilmagan, jamiyat uchun havf tug‘dirmaydiganlarni uy qamog‘iga olishni so‘rayapmiz. Bu jazo muassasalari uchun ham bir yengillik bo‘lar edi. U yerda qoladigan mahbuslar uchun ham yaxshi bo‘lar edi.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva ham O‘zbekiston hukumati koronavirus pandemiyasi manzarasida mahkumlar sonini qisqartirish masalasini ko‘rib chiqishi kerakligini aytarkan, dedi:

- O‘zbekistondagi qamoqxonalarda sil kasalliklari qanday tez tarqalganini ko‘rganmiz. Silga chalinganlar boshqa mahkumlar bilan aralash saqlanadi. Mahbuslar bilan to‘lib ketgan muassasalarning ventilyatsiya qilinmasligi O‘zbekistondagi penitensiar tizimining eng katta muammosi hisoblanadi, bu esa kasallikning tez sur’atlar bilan tarqalishiga olib keladi. Hozir hukumat mahbuslar sonini keskin qisqartirish masalasini ko‘rib chiqishi kerak, aks xolda bu Jazoni idro etish boshqarmasi uchun ham katta tashvish bo‘lishi mumkin, chunki penitensiar tizimlar epidemiyaga tayyor deb o‘ylamayman.

Murojaatchilar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasidan o‘z takliflariga hanuz javob olmaganlar.

Boshqarma rasmiy saytida 4 aprel xolatiga ko‘ra, jazo muassasalarida koronavirus xolatlari qayd etilmagani, kuchli karantin tartibi e’lon qilingani, tergovchi va advokatlar hamda mahkumlar qarindoshlarining qamoqxonalarga ziyoratlari va peredachalar vaqtincha to‘xtatilgani aytilgan.

O‘zbekistonlik inson huquqlari faoli A’zamjon Turg‘unov qamoqxonalar karantin joriy qilingani bilan u yerga koronavirus xodimlar orqali kirishini istisno qilmaydi.

Qamoqda bir odam koronavirusni yuqtirsa bormi butun muassasani changaliga oladi.

- Qamoqxona shundoq ham izolyatsiyadaku, koronavirus qanday kiradi, deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin, qo‘riqchilar orqali kirishi mumkin. Ular doim almashib turadi. Hozir mahbuslar ham koronavirusdan himoyalanish uchun niqob taqib yurganini eshitdik. Lekin, mahbuslarga to‘la, bir kamerada 10-15 mahbus yotib-turadigan, bir idish-tovoqda ovqatlanadigan qamoqxonalar uchun bu chora yetarli emas. Hozir O‘zbekistonda bu kasallik soat sayin ortib bormoqda. Qamoqda bir odam koronavirusni yuqtirsa bormi butun muassasani changaliga oladi, - deydi A’zamjon Turg‘unov.

Fevral oyida Xitoyda kamida ikki qamoqxonada koronavirus tarqalishi oqibatida yuzlab mahbus va xavfsizlik xodimlari xavfli virusni yuqtirishgandi.

Hozirda koronavirus tarqalgan aksar davlatlarda qamoqxonalarda epidemiya yuz berishi oldini olish uchun xavfli jinoyat etmagan mahbuslar ozodlikka chiqarilmoqda.

Koronavirus o‘chog‘iga aylangan AQShning aksar shtatlarida so‘nggi ikki hafta ichida o‘n minglab mahbus vaqtincha ozod etildi.

Ozarbayjonda ham yoshi 65dan katta bo‘lganlar uyiga qo‘yib yuborilyapti.

Eng qattol rejimlardan hisoblangan Eron ham koronavirus xavfi bois 90 mingga yaqin mahkumni vaqtincha qamoqdan chiqardi, ayrimlarini afv etdi.

Agar siz majburiy karantinda saqlanayotgan bo‘lsangiz¸ yoki koronavirusga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchilar safida bo‘lsangiz¸ hozirgi ish faoliyatingiz va sharoitingiz haqida jamoatchilikka hikoya qilishingiz mumkin.

Bu haqda Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga yozib yuboring¸ surat va video jo‘nating!