Diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Xalqaro komissiyasi O‘zbekistonni “qora ro‘yxat"dan chiqardi

Diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Xalqaro komissiyasi (USCIRF) 28 aprel kuni e’lon qilgan navbatdagi yillik hisobotida O‘zbekistonni “alohida xavotirga molik davlatlar” ro‘yxatidan chiqardi.

Hisobotda AQSh Davlat departamentiga O‘zbekistonni “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatiga kiritish tavsiya qilingan.

USCIRF O‘zbekiston 2019 yil davomida diniy erkinliklar masalasida bir qator ijobiy qadamlarni tashlaganini e’tirof etdi va asosan diniy motivlar bilan ayblanib sudlanganlar jazo o‘taydigan “Jasliq” qamoqxonasining yopilganini olqishladi.

Diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Xalqaro komissiyasi 2019 yil 29 aprel kuni jamoatchilik e’tiboriga taqdim etilgan hisobotida O‘zbekistonga diniy motivlar bilan qamalganlarning asosiy qismi saqlanayotgan Jasliq qamoqxonasini yopishni ham maslahat bergandi.

Komissiya, shuningdek, O‘zbekiston hukumatiga 1998 yilda qabul qilingan din to‘g‘risidagi qonunni qayta ko‘rib chiqib, isloh qilishni, dindorlarning huquqlarini xalqaro inson huquqlari me’yorlariga tenglashtirishni taklif qilgandi.

2018 yil dekabrida AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonni “alohida xavotirga molik davlatlar” ro‘yxatidan chiqarib, uni “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatiga tirkagan edi. Biroq USCIRF Davlat departamentining bu qaroriga norozilik bildirgan. Ammo Davlat departamenti bu norozilikka qaramay, O‘zbekistonni “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatida qoldirgan.

Diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Xalqaro komissiyasi 2005 yildan buyon O‘zbekistonni “alohida xavotirga molik davlat” sifatida qayd etib kelgan.

Prezident Mirziyoyev 2017 yilning 1 sentabrida mamlakatda “diniy-ekstremist oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 ming nafari nazoratdan chiqarilgani, ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini ham aytgan edi.

2018 yilning may oyida AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda diniy erkinliklar vaziyatini yaxshilashga qaratilgan qadamlarni olqishlagan holda, bu jarayon sekinlik bilan olib borilayotganini e’tirof etgandi.

2020 yilgi hisobotda 15ta davlat "maxsus kuzatuv ostida" bo‘lishi kerakligi, 14ta davlatdagi diniy vaziyat esa "alohida xavotirga molik" ekani aytilgan.

Hisobotda, shuningdek, Xitoyda 1 million 800 ming uyg‘ur maxsus lagerlarda saqlanayotgani, Rossiyada ayrim diniy guruhlarga qarshi quvg‘inlar, Pokistonda ayollarni islom dinini qabul qilishga majburlash kabi holatlar ham aks etgan.

2004 yildan beri birinchi marta Hindiston diniy erkinliklarni buzuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritildi.

Hindistonda o‘tgan yili Afg‘oniston, Bangladesh va Pokistondan kelgan musulmon bo‘lmagan noqonuniy migrantlarga uengillatilgan tarzda fuqarolik berish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan edi. Hind musulmonlari bu qonunga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazgan va namoyishlar to‘qnashuvlar bilan yakunlangan. Hindistonda 200 millionga yaqin musulmon yashaydi.

Bundan tashqari o‘tgan yilning avgustida hind hukumati Kashmirning Hindistonga qarashli qismining muxtor huquqlarini bekor qilgandi. Asosan musulmonlar yashovchi mazkur hudud maqomining bekor qilinishiga Pokiston norozilik bildirgan.