Sardoba toshqini oqibatida uysiz qolganlar va hokimiyat o‘rtasidagi ziddiyat davom etmoqda (VIDEO)

Sardoba suv ombori to‘g‘onining qulashi oqibatida chiqqan toshqindan Mirzaobod tumani Solin qishlog‘idagi uylarning hammasi butunlay qulab tushgan.

Sirdaryo viloyat, Mirzaobod tuman, Haqiqat MFYdagi Solin qishlog‘i aholisi ikki haftadan buyon o‘z talabini hokimiyat vakillari qabul qilishini kutmoqda.

2 iyul kuni Ozodlikka murojaat qilgan solinliklar¸ 1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi bois o‘z uylari butkul qulab tushgani va shundan beri har joyda sarson bo‘lishdan bezib¸ o‘z hovlisida chayla qurib yashayotganini bildirdi.

Toshqingacha har birida 30-40 sotixlik yeri bo‘lgan qishloqdagi 61 ta xo‘jalik ahli¸ aytishlaricha¸ asosan qovunchilik bilan tirikchilik qilib kelgan. Uylari vayron bo‘lgan solinliklarga respublika maxsus komissiyasi qarori bilan mazkur hududda qurilayotgan 5 qavatli uylardan 3 xonali kvartiralar beriladigan bo‘lgan. Bundan tashqari ularga 40 million so‘m¸ 10 million so‘mga baholangan Artel maishiy texnikasi va dehqonchilik uchun yer ham berilishi aytilgan.

Ammo solinliklar¸ shuningdek¸ 2 iyul kuni Ozodlikka yana bir bor murojaat qilgan Sardoba tuman, Do‘stlik mahallasidagi 28 ta buzishga tushgan uy egalari¸ bunday kompensatsiyaga ko‘nishni istamasligini aytmoqda.

Sirdaryo viloyat hokimligi mulozimi talafot ko‘rganlarga qanday kompensatsiya¸ qaysi shaklda ajratilishi to‘g‘risida respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qilgani va uni pastdagi bo‘g‘inlar o‘zgartirish vakolatiga ega emasligini bildirdi.

Har ikkala qishloqdan Ozodlikka kelgan videolarda uysiz qolgan aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasidagi ziddiyat davom etayotgani ko‘riladi.

Ikkala tumandagi jabrlanuvchilar o‘z uylari o‘rnida uy qurish talabidan voz kechmasligini¸ Sirdaryo viloyati hokimligi rasmiylari esa¸ Toshkentda tuzilgan Bosh planga ko‘ra¸ bu talab qabul qilinmasligini aytmoqda.

Sardoba suvi tagida qolib ketgan Solin qishlog‘idagi e’tirozlar

Solin qishlog‘idagi kamida 61 ta hovli¸ ular egalarining Ozodlikka aytishicha¸ Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida butunlay qulab tushgan.

1 may kungi texnogen falokat paytida o‘z jonini qutqarishga zo‘rg‘a ulgurgan bu qishloq ahli 7 may kuni qishloqqa qaytishga izn berilganida¸ uylari o‘rnida vayronalarni ko‘rgan.

Shundan so‘ng solinliklar oldiga kelgan respublika¸ viloyat va tuman rasmiylari¸ “prezident va’da qilgan kabi” uylari o‘rnida yangi uy qurib berilishini aytgan.

Bizga hokimlik va arxitekturadagilar shu hovlilaringiz o‘rnida yangisini qurib beramiz¸ kadastrga murojaat qilib¸ bu haqda qaror chiqartirib olinglar¸ dedi. Uchta qishloqdoshimiz 470 ming so‘m to‘lab¸ yangi qurilishga ruxsat ham oldi. Ruxsat berildi qurilishga deb¸ hammamiz 40 million kompensatsiya puliga qurilish boshladik. Keyin bizga “yo‘lning narigi tomonida quriladigan domlarga chiqasizlar¸ hovlilaringiz o‘rnida qurilish qilishga ruxsat yo‘q¸ 500 metr naridan yangi er beramiz”¸ deyishdi. Biz 70-yillardan beri shu hovli va tomorqadan tirikchilik qilamiz¸ bog‘ qilganmiz bu yerlarni. Bizga beramiz degan yerlar oqarib yotgan cho‘l. Mening 10 xonalik uyim suv bosgandan keyin qulab tushdi. Oldindan hech kim ogohlantirmadi suv kelyapti deb. Ikki yosh bolam va 80 yashar enamni olib¸ zo‘rg‘a qochishga ulgurdik. Bu hammasi davlat¸ hokimiyatdagilarning xatosi. Xonavayron qilishgani yetmagandek¸ yaxshi yerimizni o‘zlariga olib¸ bizni domga¸ suvsiz¸ urug‘ ko‘karmaydigan cho‘lga haydashmoqchi”¸ deydi solinliklardan biri.

Ozodlikka yuborilgan video va suratlarda Solin qishlog‘ining toshqindan vayron bo‘lgan uylari¸ qolaversa¸ bu uylar o‘rnidagi joriy manzara aks etgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Toshqindan keyingi vayronagarchilik

Ozodlikka yuborilgan videolardan birida¸ qishloq ahlining hokimiyat rasmiylari bilan ehtirosli tortishuvi aks etgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Sardoba toshqinidan ziën ko‘rgan mirzaobodliklar va sardobaliklar o‘z uylari buzilishiga norozilik bildirdi

Solinliklarga ko‘ra¸ Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari bilan bu tortishuv ikki hafta oldin bo‘lgan va shundan beri ular bilan hech kim muloqot qilmagan.

Hozir hammamiz vayron bo‘lgan hovlilarimiz o‘rnida chayla qurib yotibmiz. Bizga viloyat hokimi o‘rinbosari ustingga buldozer solib¸ surib tashlayman¸ deb tahdid qildi. 450 million so‘mlik kvartira qurib beramiz¸ noshukurlik qilmang¸ deb do‘q qildi. Men o‘sha uyni o‘zinga 300 millionga sotaman¸ olasanmi¸ desam¸ indamadi. Bizga domi kerakmas¸ yerimizga tegmasin¸ uyimiz o‘rnida uy qurishga yordam bersin¸ bo‘ldi”¸ dedi 2 iyul kuni Ozodlik gaplashgan norozilardan yana biri.

Ozodlikka yuborilgan videolarda solinliklarning vayron bo‘lgan uylari o‘rnida yangidan qurilish boshlagani ko‘rinadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Solin qishlog‘ining 2 iyulь kungi ko‘rinishi

"Bizga hokimiyatdagilar bu qurilishlarning buzamiz¸ ko‘tar hamma narsangni¸ deyapti. Biz bularning va’dabozligidan necha marta xonavayron bo‘lamiz yana"¸ deydi Ozodlik bilan gaplashgan qishloqlik dehqon.

Sardobaning “Do‘stlik” mahallasida ham ziddiyat davom etmoqda

Sardoba suv toshqinidan jiddiy talafot ko‘rgan hududlardan yana biri - Sardoba tuman Do‘stlik mahallasidagi yaroqsiz holga kelib¸ buzishga berilgan 28 ta uy egasi ham¸ bir oydan beri hokimiyatdan o‘z talabi qabul qilinishini so‘ramoqda.

Bu jabrlanuvchilarga ham ayni kompensatsiya - mahalla hududida quriladigan 5 qavatli uylardan 3 xonali kvartira¸ 40 million so‘m¸ 10 millionga baholangan Artel texnikasi va yer berish va’da qilingan.

Do‘stlik mahallasidagi 28 ta uy egasi ham¸ bu kompensatsiyaga ko‘nmasdan¸ toshqin tufayli buzilgan kottejlari o‘rnida uy qurib berilishini talab qilmoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Sardobadagi uy egalarining yana bir murojaati

Avvaliga ular so‘rovi qondirilganini bildirib¸ uylari o‘rnida quriladigan uy loyihasini taqdim qilgan Sardoba tuman hokimi¸ ko‘p o‘tmay bu va’dasidan qaytgan.

Shundan so‘ng 28 ta uy egasi Toshkentga borib¸ prezident qabulxonasidan Ombudsman idorasigacha shikoyat qilgan. Ularning bu murojaatlari javobsiz qolgani ortidan 2 iyul kuni bu uy egalari yana bir bor prezident Mirziyoyevning o‘ziga videomurojaat qildi.

Ziddiyat yana qancha davom etadi?

Ozodlik 2 iyul kuni Sirdaryo viloyatining Sardoba suv omboridagi texnogen falokatdan eng ko‘p talafot ko‘rgan Sardoba va Mirzaobod tumanlaridan kelgan videomurojaatlar munosabati bilan bevosita ushbu tumanlar va Sirdaryo viloyat hokimligi rasmiylari bilan gaplashdi.

Hokimiyat vakillari¸ talafot ko‘rganlarga qanday kompensatsiya¸ qaysi shaklda ajratilishi to‘g‘risida respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qilgani va uni pastdagi bo‘g‘inlar o‘zgartirish vakolatiga ega emasligini bildirdi.

Qishloqqurilish” tashkiloti loyihasi bilan uysiz qolganlarga har biri 450 million so‘mlik kvartiralar qurilyapti. Bu uylar 1 sentabrgacha egalariga topshiriladi. Keyin ularga 40 million so‘m¸ 10 million so‘mlik maishiy texnika va tomorqa yeri ajratilyapti. Viloyat hokimimiz tashabbusi bilan ta’mirlangan hovlida yashovchilarga bittadan qoramol¸ ikkitadan qo‘y¸ 10 donadan tovuq ham berilyapti. Mirzaobod tumanidagi Solin qishlog‘i umuman shaharsozlik talablariga javob bermaydigan joy edi¸ na yo‘li bor¸ na boshqasi. Toshkentda qilingan genplanga ko‘ra¸ bu qishloq o‘rnida Ekobozor va qovun bozori quriladi¸ yo‘lning naryog‘ida hamma qulayliklarga ega domlar qurilyapti. Solinliklarga yeri o‘rniga 500 metr nardan ayni hajmda yer beriladi. Hech kimni norozi qilmoqchi emasmiz”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Sirdaryo viloyati hokimligi rasmiysi.

Davlatga qarashli suv omboridagi texnogen falokat tufayli bor-budidan ajragan sirdaryoliklar¸ hokimiyat vakillari o‘z "qonuniy talablarini" qabul qilmasa¸ xalqaro tashkilotlarga yordam so‘rab murojaat qilishlarini bildirdi.

Prezident uying o‘rnida yangisini qurib beramiz¸ hech kimni norozi qilmaymiz¸ dedi. Kim domga ko‘nsa¸ ko‘naversin. Biz esa¸ prezident va’dasi bajarilishini so‘raymiz. Talabimiz qondirilmasa¸ xalqaro tashkilotlarga chiqamiz¸ mulk huquqi himoyalanishini so‘rab”¸ deydi Do‘stlik mahallasida yashovchilardan biri.

1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida¸ rasmiy hisob-kitobga ko‘ra¸ 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

Bu borada ochilgan jinoyat ishi tafsilotlari hozircha jamoatchilikka e’lon qilingan emas.