Rossiyadan deportatsiya qilingan o‘zbekistonlik bloger Chirchiq karantin zonasiga joylashtirildi (AUDIO)

Eldor Erkin 1 yildan ortiq vaqt Rossiya hibsxonalarida saqlandi

Moskva tergov izolyatori va Saxarovo deportatsiya markazida 1 yildan ortiq vaqtdan buyon ushlab turilgan o‘zbekistonlik bloger va jamoatchilik faoli Eldor Erkin (Eldor G‘aniyev) 22 iyul kuni Moskvadan Toshkentga deportatsiya qilindi.

O‘zbekistonga olib ketilganidan bir kun o‘tib Ozodlik bilan aloqaga chiqqan Eldor Erkin hozirda Chirchiq karantin zonasida ekanini ma’lum qildi.

"Musayev i partnyori" kontorasi advokati Kirill Jarenov fikricha, Eldor Erkinning O‘zbekistonga chiqarib yuborilishi noqonuniydir.

Eldor Erkin ushlab turilgan Saxarovo deportatsiya markazi mulozimi voqeani izohlashdan bosh tortdi.

22 iyul kuni “Vatandosh” o‘zbeklar jamiyati rahbari Usmon Baratov jamiyat telekanali boshlovchisi Eldor Erkin yuzniqobli OMON jangchilari tomonidan Domodedovo aeroportiga olib kelingani va soat 17:30 atrofida “Ural avialiniyalari”ga qarashli samolyotda O‘zbekistonga uchirilganini xabar qildi.

Bu hodisani "odam o‘g‘irlash" deya baholagan Usmon Baratov so‘zlaricha, u Eldor Erkin bilan Toshkentga uchirilishidan bir necha daqiqa oldin telefon orqali suhbatlashishga ulgurgan.

- Bugun ertalab u yotgan Saxarovo deportatsiya lageridagi kameraga maskadagi OMONchilar kirib kelgan va hatto sumka, kiyimlarini olishga ruxsat bermasdan, telefonini tortib olib, Domodedovoga olib kelishgan. Domodedovoda u janjal qilmoqchi bo‘lganida qo‘riqchilardan biri unga elektroshoker qo‘llash va “Toshkentgacha uxlatib qo‘yish” bilan tahdid qilgan. “Ural avialiniyalari” samolyotida soat 17:30larda jo‘natildi.

Biz bilmaymiz kim konkretno uni olib ketganini, lekin nima bo‘lganda ham uning apellyatsiya sudi bor edi, Strasburg sudi uni berib yubormaslik to‘g‘risida Rossiyani ogohlantirgan, Rossiyadagi qator inson huquqlari tashkilotlari uning himoyasi bilan shug‘ullanib kelgan, - dedi Usmon Baratov.

23 iyul kuni Ozodlik Eldor Erkinning o‘zi bilan aloqaga chiqib, uning Toshkentga olib kelinganini va hozirda karantin zonasida ekanini bildi.

Eldor Erkin Rossiya hukumati uni O‘zbekiston maxsus xizmatlari talabi bilan deportatsiya qilib yuborganini iddao qildi:

- Hozir men Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 14 kunlik karantindaman. Mahalliy vaqt bilan soat 12 larda yetib keldik Toshkent aeroportiga va 2-3 soat ichida shu yerga olib kelishdi. Mendan tashqari qidiruvda yurgan yana 4 odam ham olib kelindi.

Suhbatdoshning fikricha, uni noqonuniy deportatsiya qilishgan:

- Men hech qanaqa qidiruvda emasman aslida - bularni kompyuteridan o‘chirilmagan ekan! Saxarovo markazi boshlig‘i Lagoda 2 aprel kuni “Sen bilan ayniqsa O‘zbekiston maxsus xizmatlari qiziqyapti. Men shunday qilamanki, sen o‘zing ariza yozib ketasan”, degandi. Va nihoyat maqsadiga erishdi. Bu adolatsizlik, chunki mening sudlarim bo‘lib turgandi! Men kassatsiya sudidan keyin Moskvaga chiqib ketishim mumkin edi. Men bekorga 13 oy o‘tirdim! Rossiyada “inson huquqlari” degan narsa yo‘q ekan.

Jamoatchilik faoli O‘zbekistonga noqonuniy tarzda berib yuborgani uchun Rossiya hukumati ustidan xalqaro sudlarga murojaat qilmoqchiligini bildirdi Ozodlik bilan suhbatda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

E.Erkin: Rossiyada “inson huquqlari” degan narsa yo‘q ekan!

Eldor Erkinning himoyachisi, "Musayev i partnyori" kontorasi advokati Kirill Jarenov fikricha, Eldor noqonuniy tarzda O‘zbekistonga chiqarib yuborilgan. Jarenov Ozodlikka bunday dedi:

- Birinchidan, unga bir necha kun oldin Rossiyada qochqinlik berishga rad javobi berilgan bo‘lsada, qaror kuchga kirishga ulgurmagandi; ikkinchidan, Eldor Erkin Rossiya Bosh prokuraturasining ekstraditsiya qilmaslik to‘g‘risidagi qarori borligiga qaramasdan, Dorogomilovo sudi qarori bilan mamlakatdan “migratsiya qonunlarini buzganlikda” ayblanib badarg‘a qilindi; uchinchidan, Mosgorsudning mamlakatdan uni chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarori kassatsiya instansiyasida bekor qilingan edi va bu masala yuzasidan yana mahkama bo‘lishi kerak edi.

Advokat o‘zbekistonlik qochqinning badarg‘a qilinishi to‘g‘risida unga hech qanday xabar berilmagani ham noqonuniy ekaniga e’tibor qaratdi.

U 22 iyul kuni Rossiya Sud ijrochilari federal xizmatiga (FSSP) murojaat qilib javob ololmagani, Moskva FSSP boshqarmasidan esa Eldor Erkinning O‘zbekistonga chiqarib yuborilishi “qonuniy” degan javobni olganini aytdi.

Ozodlikning Saxarovo SUVSIgiga murojaatiga javoban navbatchi ofitser deportatsiya ishlari bilan sud ijrochilari xizmati shug‘ullanishini ma’lum qilish bilan cheklandi.

Eldor Erkin taxallusi bilan tanilgan 50 yashar farg‘onalik Eldor G‘aniyev O‘zbekiston IIV tomonidan “firibgarlik” va “pora berganlik”da ayblanib¸ xalqaro qidiruvga berilgani aytilgan edi.

Eldor Erkin 2019 yilning 18 iyunida Moskvada qo‘lga olingan va o‘sha vaqtdan beri avval Moskva tergov izolyatorida, keyin Saxarovo deportatsiya markazida saqlanib kelgan.

“Vatandosh” Internet telekanalida boshlovchi bo‘lgan Eldor Erkin o‘zini "Karimov rejimining ashaddiy tanqidchilaridan biri" ekani, O‘zbekiston rasmiylari, jumladan o‘zbek elchixonasi faoliyatini jiddiy tanqid qilgani uchun bosimga uchraganini iddao qilib kelgan.

2019 yilning dekabrida Rossiya Bosh prokuraturasi uni O‘zbekistonga berish so‘rovini rad qilgan edi.

2020 yilning 30 yanvar kuni bloger Eldor Erkinning shikoyat arizasini ko‘rib chiqqan Moskva shahar sudi quyi instansiya sudining uni deportatsiya markazida qoldirish qarorini kuchda qoldirgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.