Toshkent hokimi Ortiqxo‘jayevga qarashli "Imzo Akfa" ishchilari karantinda yotog‘i bilan ishlatilmoqda

"Imzo Akfa" korxonasida ishchilar yotog‘i bilan qolib ishlamoqda.

Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan deraza va eshik ishlab chiqaruvchi "Imzo Akfa" korxonasining yuzlab ishchisi 15 kunlik smenada yotog‘i bilan ishlatilmoqda.

3 avgust kuni Ozodlikka kelgan fotosuratlarda korxonada polga ko‘rpachalar to‘shalganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik suhbatlashgan zavod xodimlari 15 kun uyga bormasdan, korxonaning omborxonasida yotib ishlatilayotganliklarini aytishdi.

Besh yuzdan ziyod ishchiga ega "Imzo Akfa" korxonasining 4 avgust kuni Ozodlik suhbatlashgan Kadrlar bo‘limi xodimi koronavirus xavfi sabab xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani va bu xavfli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha vaqtincha chora ekanini aytdi.

Plastik deraza va eshiklar ishlab chiqaruvchi "Imzo Akfa" korxonasining ismi oshkor etilishini istamagan ishchisi Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yuzlab hamkasbi 10 iyuldan buyon uyga bormasdan korxona hududida yotib ishlatilayotganini aytdi.

- Ikki yuz odam antisanitariya ahvolda bir joyda yotib bir joyda ishlayapti. Uch odamda koronavirus chiqdi, lekin zavod rahbariyati buni yashiryapti. Bularning maqsadi - ishlab chiqarish to‘xtamasin, ishchilarning sog‘ligi bilan ularni ishi yo‘q, - dedi korxona xodimi.

Bu suhbatdosh so‘zining tasdig‘i sifatida zavod ichidan o‘zi olgan suratlarni Ozodlikka yubordi.

"Imzo Akfa" korxonasida 3 avgust kuni olingan surat.

3 avgust kuni korxona ichidan olingan suratlarda polda qatorasiga ko‘rpachalar to‘shalgani ko‘rinadi.

Ishchilar ko‘rpa-to‘shagini o‘zlari bilan ko‘tarib kelishlarini aytishdi.

Zavodning Ozodlik suhbatlashgan ishchilari O‘zbekiston mehnat qonunchiligiga zid tarzda kuniga 10 soatlab ishlatilayotganliklarini ham iddao qilishdi.

- 10 soat, ba’zida 12 soatlab ishlaymiz. Ortiqcha yotib qolib ishlaganimizga qo‘shimcha oylik beriladimi desak, yo‘q deyishadi. Xohlasang ishla, xohlamasang o‘rningga boshqa birovni olamiz, deyishadi boshliqlar. 15 kunlik smenada qolib ishlab 700 ming so‘m oylik yozishibdi, - deydi zavodning eshik ruchkalari ishlab chiqarish sexi xodimi.

"Imzo Akfa" korxonasidan olingan surat.

Ozodlik bilan telefon suhbatida "Imzo Akfa" korxonasining Kadrlar bo‘limi mulozimi "koronavirus karantini sabab korxonada xodimlar o‘z xohishlariga ko‘ra yotib qolib ishlayotgani, ularga hamma sharoit yaratib berilayotgani, bepul ovqat berilayotgani"ni aytdi.

"Xodimlar xavfsizligini o‘ylab, zavod hududiga koronavirus olib kelinmasligi uchun ko‘rilayotgan vaqtincha chora bu", dedi "Imzo Akfa" mulozimi.

Korxona mulozimi ishchilarning mehnat qonunchiligiga zid ravishda ortiqcha ishlatilayotganini rad etdi.

Hokim Ortiqxo‘jayev vs. tadbirkor Ortiqxo‘jayev

"Imzo Akfa" korxonasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli Akfa Group holdingi tarkibiga kiruvchi o‘nlab korxonalardan biridir.

Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Toshkent shahriga hokim etib tayinlangan tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev ayni paytda¸ O‘zbekiston poytaxtidagi koronavirus epidemiyasini jilovlash uchun mas’ul davlat mulozimi ham.

15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida prezident Mirziyoyev poytaxtdagi vaziyatni keskin tanqid qilib¸ Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilgan edi.

"Koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o‘zgarishlariga tayyor bo‘lishni ta’minlamagani, bu kasallik bilan “pastga tushib” mukammal shug‘ullanmagani uchun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilindi"¸ deb xabar berdi prezident matbuot xizmati bu yig‘ilish haqida.

Hokim va xususiy biznes imperiyasi egasi bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayev¸ mustaqil tahlilchilar ta’kidicha¸ Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekistonda davlat va xususiy manfaatlar to‘qnashuvining yaqqol namunasiga aylangan.

Davlatdagi muhim lavozimni egallagan Ortiqxo‘jayevning xususiy shirkatlariga milliardlab dollarlik davlat buyurtmalarining ochiq tendersiz berilaëtgani haqida hozirga qadar Ozodlik va G‘arb tadqiqotchilari qator surishtiruvlarini e’lon qilgan.

Karantinda ishchilarni yotib ishlatishning achchiq raqamlari

Iyun oyida Ozodlik Samarqanddagi "SamAvto" zavodida yotib ishlatilgan kamida ikki xodimda koronavirus aniqlangani, ulardan biri hayotdan ko‘z yumgani haqda xabar bergan edi.

Ushbu holat ortidan zavodda ishchilarni yotog‘i bilan ishlatish to‘xtatilgandi.

"O‘zavtosanoat" tarkibiga kiruvchi yana bir zavod Andijonning Asaka shahridagi "UZAUTO MOTORS" korxonasida 15 kunlik smenada yotib ishlagan 56 yoshli ishchi 3 iyun kuni ko‘richagi yorilib o‘lgani haqda Ozodlik xabar bergandi.

Marhumning yaqinlari va hamkasblari unga smena payti vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani oqibatida vafot etganini aytgan edi.

Ushbu holat ortidan huquq faollari zavod qarshisida ishchilarning xohishiga zid tarzda majburlab yotog‘i bilan ishlatishni to‘xtatish talabi bilan norozilik aksiyasi o‘tkazgandi.

Shu yilning may oyida Xorazm viloyatining Hazorasp tumani Pitnak shahridagi avtomobil zavodi ishchilari ham zavod hududida antisanitariya holatida yotog‘i bilan ishlatilayotganliklarini Ozodlikka aytishgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 4 iyunga kelib kelib mamlakatda koronavirus yuqtirgani tasdiqlanganlar 26 ming nafardan oshganini ma’lum qildi.

Koronavirus eng ko‘p aniqlangan hudud Toshkent shahridir. Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasida Toshkentda koronavirusni yuqtirganlar 15 mingdan ko‘proqni tashkil etadi.