“Alkotester alkogol ichmagan deb ko‘rsatdi, lekin vrach tuhmat xulosa yozib berdi”

Xorazm viloyat, Xiva tuman, Arviq mahallasida istiqomat qiladigan usta Ruslan Qurbonovning OzodMikrofonga arz qilishicha, u avtomashinasini spirtli ichimlik ichmay boshqargan, alkotester uning ichmaganini ko‘rsatib turgan bo‘lsa ham, lekin YHXB xodimi va narkolog vrach uni ichgan deb rasmiylashtirgan.

Ruslan Qurbonovning aytishicha, vrach uni yurgizib ko‘rib, shundan uni ichgan degan xulosa yozib bergan:

“24 iyul kechki soat 9 larda ishdan qaytayotganimda meni postda to‘xtatishdi. YHXB inspektori menga ichgansan, hidi kelyapti dedi. Men mashinadagi sherigim ichgan, men hushyorman, ishdan charchab kelyapman dedim. Keyin alkotester berdi, pufladim. Hech narsa ko‘rsatmadi. Shunday bo‘lsa ham, mashinamni jarima mayddonchasiga olib bordi va u yerda ham 3-4 marti puflatdi, hech narsa chiqmadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

“Alkotester alkogol ichmagan deb ko‘rsatdi, lekin vrach tuhmat xulosa yozib berdi”

So‘ngra narkologiya dispanseriga olib bordi. Vrach ham o‘zining alkotesterida 3-4 marta puflatdi, nol. Ochiqda turgan bir stakan berib pufla dedi. Men bu stkanga puflamayman, hozir hamma joyda virus, deb bosh tortdim. Keyin vrach u yoq, bu yoqqa yurg‘izdi, bitta oyog‘imni ko‘targizib ko‘rdi. Baribir ichgansan, dedi. Men qonimdan analiz olinglar, ekspertiza qilinglar desam ham, ichgan degan xulosa yozib berdi.

25-26 iyul kunlari qattiq karantin bo‘lgani uchun hech qayerga chiqa olmadim. 27 iyulda tuman prokuraturasiga murojaat qilsam, karantin deb arizamni qabul qilmadi. Viloyat prokuraturasi, sudi ham arizamni qabul qilmadi. Kecha sud bo‘ldi, sudya ham mening e’tirozlarimga quloq solmadi va vrachning yolg‘on ko‘rsatmasini tekshirib ham ko‘rmasdan haydovchilik huquqimdan bir yarim yilga mahrum qilib, eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida jarima tayinladi. Menga ochiqdan ochiq tuhmat bo‘ldi. Arzimni hech kim eshitmayapti”.

Ruslan Qurbonovning aytishicha, vrach-narkolog qabulida bo‘lgan kuni unga xulosa nusxasi ham, inspektor protokolining nusxasi ham berilmagan.

Ruslan Qurbonov bu hujjatlarning nusxasini faqat 13 avgustda bo‘lib o‘tgan sudda qo‘lga olgan:

"Vrach xulosasida ham, inspektor protokolida ham meni alkotesterdan bosh tortdi, deb yozib beribdi. Bu yolg‘on. Agar ishonishmasa kameralardagi yozuvlarni ko‘rib chiqishsin. Nega xolis guvohlar chaqirilmadi, nega hammasi vrachu inspektor kelishuvi ostida bo‘ldi? Men prokuraturadan bu voqeani xolis tekshirib chiqishini talab qilaman!"

Vrach-narkolog xulosasi

--------------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!