Hokim o‘limi rad etilishi bilan bir paytda Buxoroning qadim qabristoniga eltuvchi yo‘llar ta’mirlanmoqda

17 avgust kuni ijtimoiy tarmoqdagi buxoroliklar faol bo‘lgan kanallarda shaharning qadimiy Hazrati imom qabristoni va unga eltuvchi yo‘llarning tozalanib¸ ta’mir qilinayotgani aks etgan suratlar tarqadi.

Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajarib kelgan Karim Kamolov o‘limi xabari rad etilgani bilan ayni paytda 17-18 avgust kunlari shaharda bo‘layotgan ayrim favqulodda harakatlar buxoroliklar e’tiborini o‘ziga tortmoqda.

Kamolovning 17 avgust kuni Toshkentda koronavirusdan o‘lgani xabari tarqashidan ko‘p o‘tmay u Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan rad etildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovning vafot etgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu xabarlar hech qanday asosga ega emas. Karim Kamolov hozirda poytaxtdagi shifoxonada davolanmoqda. Uning salomatligi malakali shifokorlar nazoratida. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, blogerlardan yolg‘on xabarlar tarqatmaslikni so‘raymiz», deb yozdi kunning ikkinchi yarmida Buxoro viloyat hokimligi o‘z Telegram kanalida.

Karim Jamolovich Kamolov Islom Karimov davrida ham Buxoro shahriga uzoq muddat hokimlik qilgan.

Bu raddiya bilan ketma-ket kechki 7:30 lar atrofida Telegramdagi @aviaspotter kanali Avcon Jet Malta aviaoperatoriga qarashli Bombardier Global 6000 (Reg.9H-SSU🇲🇹) rusumidagi maxsus samolyotning Toshkentdan Buxoroga “O‘zbekiston Respublikasi hukumati xizmatini qilish uchun “ uchib kelganini xabar qildi.

Oradan uch soat o‘tib-o‘tmay yarim rasmiy Bukharainfo Telegram kanalida ustiga “AMBULANS” (Tez yordam) deb yozilgan kichik samolyot surati paydo bo‘ldi.

Ozodlik bu uchqichning Toshkentdan Buxoroga hukumatning qanday xizmatini qilish uchun kelgani haqida rasmiy ma’lumotga ega emas.

Tarmoqlarda bu uchqichda Toshkentdagi kasalxonada komaga tushgani aytilayotgan Karim Kamolovning uyiga olib kelingani taxmin qilinmoqda. Ammo uning tirik qaytgani yoki jasadi olib kelingani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

17-18 avgust kunlari Buxoro viloyat hokimligi rasmiy saytida nafaqat Kamolovning o‘limiga berilgan raddiya¸ balki uning vaziyatiga oid boshqa biror yangilik berilmadi.

Karim Kamolovning o‘limi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqda rasman rad qilinishi bilan bir paytda buxoroliklar shaharda boshlangan favqulodda ta’mir va boshqa harakatlarga e’tibor qarata boshladi.

Xususan¸ shahardagi eng qadimiy Hazrati Imom qabristoniga eltuvchi yo‘llarning 18 avgustga o‘tar kechasi yopilgani va ularni remont qilish boshlangani suratlari tarqadi.

Shuningdek¸ Bosh vazir Abdulla Aripovning Buxoroga kelgani¸ prezident Mirziyoyevning ham kelishi kutilayotganiga oid norasmiy xabarlar paydo bo‘ldi.

Mahalliy matbuotning yozishicha¸ koronavirus yuqtirgan Karim Kamolov 25 iyulda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyat filialiga yotqizilgan.

29 iyul kuni esa Kamolov Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli Akfa Medline xususiy kasalxonasiga olib kelingan.

Asli kasbi quruvchi bo‘lgan 66 yashar Karim Kamolov 1994 -2007 yilgacha Buxoro shahar hokimi lavozimida ishlagan.

O‘shandagi viloyat hokimi bilan ziddiyat ortidan vazifasidan chetlatilgan Kamolov¸ Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan ko‘p o‘tmay¸ 2017 yili qayta shahar hokimi etib tayinlandi.

Uning shahar hokimi sifatida Buxorodagi aholi va tadbirkorlarga qarashli ko‘chmas mulkni keng ko‘lamda buzish harakatlari aholi noroziligiga sabab bo‘lgan.

Joriy yil fevral oyida Buxoro viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangach¸ Karim Kamolov Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan edi.

31 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirusdan vafot etdi va Nukus shahridagi "Shorsha baba" qabristoniga dafn etildi.

1 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusga borib¸ Yerniyazov qabrini ziyorat qildi.

Ayni paytda mahalliy matbuotda Surxondaryo va Navoiy viloyati hokimlarining koronavirusdan davolanayotgani xabari tarqadi.

Koronavirusga chalingan hokimlarning deyarli barchasi¸ mahalliy matbuotning yozishicha¸ o‘z viloyati emas¸ Toshkentdagi kasalxonalarda davolanmoqda.

Amaldagi davlat arbobi o‘limining jamoatchilikka kechikib e’lon qilinishi O‘zbekiston yaqin va uzoq o‘tmishida kuzatilgan amaliyot.

Xususan¸ prezident Islom Karimovning o‘lgani 2016 yilning 2 sentabr kuni rasman e’lon qilinishidan bir necha kun oldin Samarqandda favqulodda tayyorgarlik boshlanib ketgani haqida Ozodlik maxsus lavha tayyorlagan edi.

O‘shanda Islom Karimov qarindoshlari uyiga eltuvchi yo‘llar kechayu kunduz to‘xtovsiz yangidan asfalt qilingan¸ shahar markazi yuvib-taralib¸ Shohi Zinda maqbarasi yaqinidagi Hazrati Xizr masjidining yonidan maqbara qurish ishlari jadal boshlangan edi.