Chet eldan olib kirgan shaxsiy telefonining IMEI kodini rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan ayrim o‘zbekistonliklar o‘z nomiga allaqachon boshqa telefon registratsiya qilinganidan xabar topmoqda.
Ozodlik gaplashgan UZIMEI tizimi mutaxassisi chetdan kelayotgan telefonlar IMEI kodini registratsiya qilishda o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlarni ishlatish holatlari ko‘payganini tasdiqladi.
Bu mutaxassis o‘zbekistonliklarga oid shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanayotgani uchun birlamchi shubha pasport ma’lumotlariga qo‘li yetadigan davlat idoralariga tushishini ta’kidladi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati IMEI kodlarini registratsiya qilish uchun shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanganiga oid rasmiy shikoyat yo‘qligi¸ bo‘lgan taqdirda¸ vazirlik tegishli chora ko‘rishini bildirdi.
Shaxsga doir ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash davlat vakolatidagi ish hisoblanadi. Bu ma’lumotlarni o‘g‘irlash¸ oshkor qilish uchun O‘zbekiston qonunchiligida jazo belgilangan.
IMEI nima?
IMEI - International Mobile Equipment Identity - mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra¸ bu maxsus kod bir oy ichida pullik UZIMEI tizimida ro‘yxatga olinishi shart. Aks holda¸ chetdan olib kirilgan telefon yoki planshetni o‘zbek telekom operatorlari SIM kartasi bilan ishlatib bo‘lmaydi.
Xorijga chiqib kelgan har bir o‘zbekistonlikning yilda ikki marta o‘z shaxsiy foydalanishi uchun bitta mobil telefon yoki planshet olib kirishiga ruxsat berilgan. Bunday cheklov tufayli noqonuniy ravishda telefon importi bilan shug‘ullanayotganlar ularni UZIMEI tizimiga kiritish uchun xorijdan qaytayotgan o‘zbekistonliklar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan. Buning ortidan mamlakatda shaxsiy ma’lumotlarni sotish qora bozori shakllangan. Xaridor - noqonuniy telefon importi bilan shug‘ullanuvchilar¸ sotuvchi esa¸ bu ma’lumotlarga qo‘li yetadiganlar¸ asosan¸ davlat mulozimlari.
Namangandagi IMEI janjali
Ozodlikka kelgan videotasvirlarda 25 avgust kuni Namangan markaziy pochtasiga chet eldan olib kelgan shaxsiy telefoni IMEI kodini registratsiya qilish uchun borgan 20 ga yaqin odamning e’tirozi aks etgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
IMEI kodlarini¸ Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq¸ pochta aloqa bo‘limlarida; SMS va USSD so‘rovlar orqali; UZIMEI tizimi operatori orqali; O‘zbekiston Respublikasining yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
IMEI kodini onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkaza olmaganidan so‘ng¸ pochtaga kelgan namanganliklar bu yerda o‘z shaxsiy ma’lumotiga boshqa telefonning ro‘yxatga olinganidan xabar topgan.
Uch yil deganda birinchi marta mart oyida Rossiyadan qaytdim. Rossiyada olgan telefonimning IMEI kodini registratsiya qilib¸ pulini to‘lamasam¸ o‘zbek SIM kartasi bilan ishlamas ekan.
“Uch yil deganda birinchi marta mart oyida Rossiyadan qaytdim. Rossiyada olgan telefonimning IMEI kodini registratsiya qilib¸ pulini to‘lamasam¸ o‘zbek SIM kartasi bilan ishlamas ekan. Bir oy ichida qilish kerak ekan. Lekin oraga pandemiya tushib¸ cho‘zilib ketdi. 23 avgust kuni o‘rtog‘im bilan onlayn registratsiya qilaman¸ desam¸ nomingizda boshqa telefon bor¸ deb qabul qilmadi. Pochtada qilish mumkin¸ deganlariga bu yerga kelsam¸ menga o‘xshaganlar ko‘p ekan. Hammada bir xil muammo – kimdir pasport danniylarimizni o‘g‘irlab¸ chetdan telefon olib kiradigan savdogarlarga sotgan¸ biz bundan endi xabar topyapmiz”.
IMEI kodini registratsiya qilishda shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanmoqdami?
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mamlakatga olib kirilayotgan mobil qurilmalari IMEI kodini "O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi”¸ yoki UZIMEI tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish 2019 yil dekabridan pullik qilindi.
Kod bir oy ichida ro‘yxatga olinsa¸ 44 600 (BHMning 20 foizi)¸ bir oydan kechiksa¸ 55 750 ming so‘m to‘lanadi. Registratsiya qilinmagan telefon O‘zbekiston hududida ishlamaydi. Xorijga chiqib qaytgani davlat chegarasida qayd etilgan har bir o‘zbekistonlik¸ olti oyda bir marta yangi telefonni registratsiya qilishga haqli.
Hukumat bu qarorini O‘zbekistonga sifatsiz mobil qurilmalari kirib kelishi oldini olish¸ yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan telefonlarni topishni tezlashtirish¸ mobil qurilmalar vositasida qilinayotgan jinoyatlarni tezkor ochish va telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish iddaosi bilan izohlagan.
Jismoniy shaxslar o‘z foydalanishi uchun chetdan sotib olgan telefonini o‘zi registratsiya qilishi shart bo‘lsa¸ mobil telefon va planshet savdosi bilan shug‘ullanuvchilar xaridorga UZIMEIda registratsiya qilingan qurilma sotishi shart. Bu qurilmalarni noqonuniy import qilayotganlar ularni alohida jismoniy shaxslar nomiga registratsiyadan o‘tkazish uchun juda katta sondagi odamning shaxsiy ma’lumotini topishi kerak.
Ozodlik gaplashgan oddiy iste’molchi va mutaxassislarga ko‘ra¸ ana shu ehtiyoj ortidan O‘zbekistonda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sotiladigan qora bozor paydo bo‘lgan.
Mutaxassislarga ko‘ra, bu jinoiy oldi-berdida aynan keyingi olti oy ichida O‘zbekistonga xorijdan qaytgan fuqarolarga oid JShShIR – jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami sotilmoqda. Pasportda qayd etiladigan to‘rt raqamli JShShIR pasport almashtirilib¸ uning seriya va raqami o‘zgargan taqdirda ham o‘zgarishsiz qoladi.
Xorijdan kirganlarning shaxsiy ma’lumotiga kimning qo‘li yetadi?
Chetdan kirgan mobil telefon IMEI kodini registratsiya qilish maqsadida shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangan namanganliklar¸ bu ishni chegarada o‘tirganlar qilayoganini iddao qildi:
Mening pasportimni oxirgi marta ko‘rgan odam Toshkent xalqaro aeroportidagi chegarachi va tamojnyachi bo‘ladi. Shundan beri pasportim uyda yotgandi. Men chegaradagilar sotgan¸ deb gumon qilyapman.
“Mening pasportimni oxirgi marta ko‘rgan odam Toshkent xalqaro aeroportidagi chegarachi va tamojnyachi bo‘ladi. Shundan beri pasportim uyda yotgandi. Men chegaradagilar sotgan¸ deb gumon qilyapman. Ulardan boshqa hech kimda qachon chegaradan o‘tganim¸ telefon olib kirganim haqidagi tamojenniy deklaratsiya to‘ldirganim haqida bunaqa aniq ma’lumot yo‘q”¸ deydi JShShIR raqami IMEI registratsiya uchun o‘g‘irlanganlardan biri.
Namangan pochtasida yuzaga chiqqan janjalda ayollardan birining ham pochta xizmatchisiga qarata "pasport ma’lumotlarimizni sotishyapti tamojnyadagilar"¸ degani eshitiladi.
Shaxsiy ma’lumotlari telefonfurushlarga sotib yuborilganini aytgan namanganliklardan ikki nafari Ozodlikka O‘zbekistonga Toshkent xalqaro aeroporti orqali¸ yana biri esa¸ o‘zbek-qozoq chegarasidagi G‘ishtko‘prik chegara o‘tkazish punkti orqali kirganini aytdi.
Davlat tizimlari bu e’tirozlarga nima deydi?
Ozodlik namanganlik jabrlanuvchilar iddaosiga munosabat olish uchun¸ ular tilga olgan tizimlar bilan bog‘lanishga harakat qildi.
O‘zbekiston Chegara qo‘shinlari DXXga qarashli. Bu tizim jamoatchilik va matbuot uchun yopiq qolayotgani bois¸ ulardan bu iddaoga rasmiy munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.
Davlat Bojxona qo‘mitasi mulozimi esa¸ bunday o‘g‘rilikda “tamojnyachilarni ayblashga hech qanday asos yo‘qligi”ni bildirdi.
“Fuqarolarning pasport nazorati bojxona idoralari tomonidan amalga oshirilmaydi. Fuqarolar haqida ma’lumotlar bizda saqlanmaydi, pasport ma’lumotlari ham”¸ deb javob berdi Bojxona qo‘mitasi mas’uli.
O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismini ochiqlamagan markaz mutaxassisi¸ shaxsiy ma’lumotlarning qayerda o‘g‘irlangan bo‘lishini tushunish uchun bu ma’lumotlarga qaysi tizimlar aloqadorligini oydinlashtirdi:
“O‘zbekiston fuqarolariga oid pasport danniylariga to‘liq dostup¸ ularni saqlash faqat respublika personalizatsiya markaziga (Davlat personallashtirish markazi – tahr.) berilgan. Bizda unaqa dostup yo‘q. Bu juda qattiq nazorat qilinadigan ma’lumot hisoblanadi. IMEI kodini registratsiya qilish uchun biz na fuqaroning ismi sharifi¸ na to‘liq pasport raqamini so‘ramaymiz¸ faqat to‘rtta sonli JShShIR raqamini kiritamiz¸ bo‘ldi. Personalizatsiya markazi bu raqamni tasdiqlagandan keyin¸ bu JShShIR egasi keyingi 6 oy ichida chegaradan o‘tgan-o‘tmaganini tekshirish uchun chegara qo‘shinlari va tamojnyaning ma’lumotlar bazasiga yuboriladi. Ularning bazasi bitta. Shu bazadagi ma’lumot chegaradan bu shaxsning olti oy ichida chegaradan kirganini tasdiqlasa¸ IMEI kodi registratsiya bo‘ladi. Agar olti oy ichida kimdir shu JShShIR bilan sistemaga kiritgan bo‘lsa¸ sistema uni qabul qilmaydi¸ otboy beradi.”
Bu mutaxassis¸ IMEI kodini registratsiya qilishda o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish jiddiy muammoga aylanganini e’tirof etdi:
Shaxsiy ma’lumotlar pasport kimga ko‘rsatilgan bo‘lsa¸ o‘sha joyda o‘g‘irlanishi mumkin. Oxirgi marta chegarada ko‘rsatuvdim¸ deyishgan bo‘lsa¸ o‘sha joyda o‘g‘irlangan bo‘ladi.
“Shaxsiy ma’lumotlar pasport kimga ko‘rsatilgan bo‘lsa¸ o‘sha joyda o‘g‘irlanishi mumkin. Oxirgi marta chegarada ko‘rsatuvdim¸ deyishgan bo‘lsa¸ o‘sha joyda o‘g‘irlangan bo‘ladi. Hozir shaxsiy ma’lumotlarni ko‘tarasiga sotish kuzatilyapti. Shaxsiy ma’lumotlarning asosan aeroportlarda o‘g‘irlanayotgani aytilyapti. Markazimiz kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanadigan vakolatli idoralar bilan bu masalada ishlayapti. Bu o‘g‘rilikka oid aniq fakt va raqamlar to‘plangandan keyin¸ u tegishli vazirliklar¸ Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Shunga qarab qaror qabul qilinadi”.
Shaxsiy ma’lumoti telefon registratsiyasi uchun o‘g‘irlanganlar nima qilishi kerak?
Ozodlik gaplashgan namanganliklar shaxsiy ma’lumoti o‘g‘irlangani bo‘yicha mahalliy IIBga murojaat qilgani¸ ammo tuman IIB ida kiberjinoyatchilik bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim yo‘qligi bois¸ viloyat boshqarmasiga murojaat qilish aytilganini bildirdi.
Hech kim bu o‘g‘rilik bilan shug‘ullanishni istamayapti.
“Viloyat esa¸"pandemiya sababli biz ariza olmaymiz. Ichki ishlar vazirligiga telefon orqali shikoyat qoldiring¸ keyin bizga tushirishsa¸ shug‘ullanishimiz mumkin" dedi. IIVning aytilgan telefoniga bir soat kutib ulanishimiz bilan¸ o‘chib qoldi. Hech kim bu o‘g‘rilik bilan shug‘ullanishni istamayapti. O‘zimizning telefonni registratsiya qilolmay ovora bo‘lishdan tashqari boshqa qo‘rquvimiz ham bor. Bizning shaxsiy ma’lumotlarimizga registratsiya qilingan telefonni hozir kimdir ishlatib yuribdi. Ertaga bu odam terrorchi saytlarga kirsa¸ yoki telefon vositasida jinoyat qilsa¸ biz javobgar bo‘lamizku!”.
Ozodlik gaplashgan UZIMEI mulozimi bunday fuqarolar shaxsiy ma’lumoti o‘g‘irlangani haqidagi rasmiy arizasini zudlik bilan ichki ishlar tizimi qaydiga kiritishi lozimligini bildirdi:
Import telefonni registratsiya qilish uchun kimningdir o‘g‘irlangan ma’lumoti ishlatilsa¸ bu ham o‘g‘rilik va ma’lumoti o‘g‘irlangan odam jabrlanuvchi bo‘ladi.
“Import telefonni registratsiya qilish uchun kimningdir o‘g‘irlangan ma’lumoti ishlatilsa¸ bu ham o‘g‘rilik va ma’lumoti o‘g‘irlangan odam jabrlanuvchi bo‘ladi. Bunday vaziyatda ular huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilishi kerak. Biz hozircha IMEI kodiga oid ma’lumotni jismoniy shaxsga berishga haqqimiz yo‘q. Buni faqat vakolatli organ¸ masalan IIV rasmiy zapros yuborsa¸ bera olamiz. Ular bizdan falon JShShIR raqami bilan kim¸ qachon¸ qayerda ulangan¸ qaysi SIM kartani ishlatib yuripti¸ deb yozma so‘rasa¸ biz tegishli shablon bo‘yicha yozma javob beramiz va IIBdagilar o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotga registratsiya qilingan telefondan kim foydalanayotganini bemalol topa oladi”.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi¸ hozirga qadar o‘z shaxsiy ma’lumotining IMEI kodi registratsiyasi uchun o‘g‘irlangani haqida fuqarolardan ariza kelib tushmaganini bildirdi.
Agar shaxs xaqidagi ma’lumotlar ochiqlanayotgan yoki tarqatvorilgan bo‘lsa¸ fuqaro holat sodir bo‘lgan yoki o‘zini yashash manzili bo‘yicha Ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
“Agar shaxs xaqidagi ma’lumotlar ochiqlanayotgan yoki tarqatvorilgan bo‘lsa¸ fuqaro holat sodir bo‘lgan yoki o‘zini yashash manzili bo‘yicha Ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Hozirgacha bu bo‘yicha bunaqa murojaat bo‘lmagan, tarmoqlarda ko‘rdik, lekin ariza bilan murojaat qilganlar yo‘q. Shu kabi ariza bo‘lsa, muammoga duch kelishsa bemalol IIVga chiqishlari mumkin”¸ dedi IIV matbuot xizmati rasmiysi.
Shaxsga doir ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash davlat vakolatidagi ish hisoblanadi. Bu ma’lumotlarni o‘g‘irlash¸ oshkor qilish uchun O‘zbekiston qonunchiligida jazo belgilangan.
Xususan¸ Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 461-moddasiga ko‘ra¸ bunday jinoyat uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.
Bunday harakat ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng sodir etilsa¸ Jinoyat Kodeskining 141 -moddasiga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
"Bu jarayonni soddalashtirish taklifi berilgan”
Ozodlik gaplashgan UZIMEI mulozimi IMEI registratsiyasida o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish ko‘lami kengayib borayotgani bois¸ bu tartibni o‘zgartirish bo‘yicha taklif berilganini ma’lum qildi.
“Bu hozir ko‘payib ketdi. Shundan kelib chiqib bizning markaz Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritdi. Agar kimdir IMEI kod registratsiyasida mening o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotim ishlatilgan deb bizga murojaat qilsa¸ pasporti bilan kelishi bilan¸ joyida oldingisini o‘chirib¸ o‘zinikini registratsiya qilib berishga ruxsat so‘radik. Bu so‘rov karantindan oldin kiritilgan edi¸ haligacha ruxsat berishmadi. Kutayapmiz. Shu taklif qabul qilinsa¸ bu muammoni hal qilish osonlashadi”.
UZIMEI markazining bunday taklifi barobarida Mening fikrim jamoaviy murojaatlar portalida 2019 yil dekabrida IMEI kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha petitsiya imzolash boshlangan edi.
2020 yil fevraliga kelib bu petitsiya 20 mingdan ziyod ovoz va 450 dan ortiq izoh to‘plagani ortidan¸ ko‘rib chiqish uchun parlamentga taqdim etilgan.
Petitsiyadagi so‘rov o‘rganilayotganini bildirgan Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hozirgacha bu jarayonga oid jamoatchilikka biror ma’lumot bergani yo‘q.