Bobomurod Hamdamovning mulki bilan bog‘liq nizo sudda ko‘riladi

O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti Bobomurod Hamdamov.

O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti 81 yashar Bobomurod Hamdamovning Toshkentdagi ko‘chmas mulki bilan bog‘liq nizoli holat 29 -sentabrda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar, Olmazor tuman sudida ko‘rib chiqiladi.

Bu haqda Hamdamovning 51 yashar qizi Gavhar Hamdamova Ozodlikka 18 -sentabrda bildirdi.

Joriy haftada taniqli san’atkor Bobomurod Hamdamov va uning turmush o‘rtog‘i mahalliy bloger bilan suhbatda qizi Gavhar Hamdamova ularga tegishli mol-mulkni aldov yo‘li bilan o‘z nomiga o‘tkazib olgani ortidan ko‘chada qolishi mumkinligini aytgan edi.

Mahalliy bloger bilan suhbatda Bobomurod Hamdamovning 77 yashar xotini Jumagul Rejebova « Oyog‘im sinib, kasalxonada yotganimdan foydalanib, yashab o‘tirgan uyimizni qizim aldov yo‘li bilan o‘z nomiga o‘tkazib olibdi” degan edi.

Xonandaning qizi Gavhar Hamdamova Ozodlik bilan suhbatda bu ayblovning tuhmat ekani¸ Toshkentdagi xovlini ota-onasi o‘z ixtiyori bilan uning nomiga o‘tkazib berganligini aytdi:

Shu yil mart oyida dadam ham, onam ham o‘zlari xohish bildirib, qizim sen o‘zing uyni nomingga o‘tkaz deyishdi. Notariusga borsak, uy kadastrda ham yo‘q ekan. Qayd qilinmagan egasiz bino holida turgan ekan. Bir oycha yugurib-yo‘rtib shu ishlarni to‘g‘riladim. Ota-onam rozi bo‘lsin deb qildim. Meni uyga muhtojligim yo‘q. Bu gaplardan shokka tushdim”.

O‘zbekiston davlat filarmoniyasi kasaba uyushmasinig jamoatchilik asosidagi raisi¸ uzoq yillar O‘zMTRK musiqa direksiyasi rahbari bo‘lgan va Hamdamovlar oilasining do‘sti Saparboy Alimboyev Ozodlik bilan suhbatda vaziyatga oydinlik kirtitdi.

“Men 30 yildan beri bu oilani yaxshi taniyman. Ustoz Bobomurod akaga ijodiy safarlarda doimiy hamrohman. Qizi Gavharni ham yaxshi taniyman. Oqila¸ ota- onasiga mehribon qiz. Bundan bir yarim oy oldin Bobomurod akani o‘zi telefon qilib Saparboy meni notariusga olib bor, Toshkentdagi xovlimni qizim Gavharni nomiga o‘tqazib bermoqchiman dedi. Mashinamga mindirib notariusga olib bordim. Notariusni oldida Bobomurod aka imzo chekdi. Bobomurod akani xotini oyo‘i sinib uyda o‘tirgani uchun notarius ataylab uyga keldi. Uyni shu qizimga qoldiraman deb tilxat ham yozdi. Ammo bir-ikki kun oldin ona-bola o‘rtasida kichik nizo chiqqani ortidan uyni bermayman deb yolg‘on gaplarni aytib o‘tiribdi. Bu gaplar ortidan ko‘pchilik Gavharxonga ta’na-malomat yog‘dirdi. Bobomurod akaday ustoz san’atkorga yarashadigan chiroyli ish bo‘lmadi. Menimcha oqsoqol va yangamiz jahlidan tushgach¸ aytgan gapidan pushaymon bo‘lsa kerak ”.

Saparboy Alimboyevning yana aytishicha¸ “O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti ko‘chada qolgani yo‘q:

Oqsoqol uyida o‘tiribdi. Men borib o‘z ko‘zim bilan ko‘rib keldim”

Ko‘tarma kranchidan chiqqan hofiz

1940 yili Amu labidagi kun va suv bir-biri bilan tillashadigan Lebob shahrida tug‘ilgan Bobomurod Hamdamov "qo‘sh sohil bulbuli" sifatida tanilib Turkmaniston va O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan.

80 yoshga kirish arafasida Ozodlikka suhbat bergan Bobomurod Hamdamov o‘rta maktabdan keyin ko‘tarma kranchilar tayyorlaydigan qisqa kursni o‘qib qurilishga ishga kirgani va qurilish o‘rtasida qad ko‘targan ulkan kranni boshqarayotib qo‘shiq kuylaganini aytib bergan edi.

“O‘sha paytda urf bo‘lgan hind kinolaridagi qo‘shiqlarni kran kabinasida o‘tirib kuylardim. Bundan g‘azablangan prorab menga ultimatum qo‘ydi. “Sen yo kran hayda, yo qo‘shiq ayt”, dedi. Men qo‘shiqchilikni tanladim”, degan edi ustoz san’atkor.

O‘tgan asrning 70- yillari Bobomurod Hamdamovning san’at osmonida yulduz bo‘lib porlagan davr bo‘ldi. Paxta rejalariga bag‘ishlangan jonli telekonsertlarning istalgan mehmoni edi Hamdamov.

Bobomurod Hamdamov Raj Kapur rol o‘ynagan hind filmidagi Mukesh Chand Matxur ijro etgan qo‘shiqlarni kuylar edi.

Raj Kapur Toshkent festivaliga kelgan 1976 yili Mukesh AQShda og‘ir xastalik bois olamdan o‘tgan edi. Bobomurod Hamdamov bilan tanishgach, Raj Kapur “Mukeshni Amerikada yo‘qotib¸ Toshkentda topdim” deydi. Raj Kapur men bilan birgalikda "Meri juppa hindistoniy" deya kuylagan damlar hayotimning eng mas’ud damlari edi¸ deb eslagan edi Bobomurod Hamdamov.