Urgutdagi to‘yda oltmishdan ortiq odam zaharlandi

O‘zbekistonda to‘ylarda ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari uchrab turadi.

Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi to‘yda ishtirok etgan oltmishdan ziyod mehmon ovqatdan zaharlanish belgilari bilan shifoxonaga yotqizildi.

Tumanning "O‘roqboyjar" qishlog‘ida 21 - sentabr kuni bo‘lgan sunnat to‘yida zaharlangani aytilayotganlar orasida to‘y egasi va uning o‘g‘li ham bor.

Urgut tumani Tibbiyot birlashmasi vrachi 22 - sentabr kuni 66 odam zaharlanishdan shikoyat qilib murojaat qilganini Ozodlikka tasdiqladi.

Vrachga ko‘ra, tuman kasalxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan bemorlardan o‘ttizdan ortig‘iga uylariga ketishga ruxsat berilgan.

Urgut tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxassisi zaharlanish to‘yda tortilgan mayonezli salatdan bo‘lgani tahmin qilinayotganini aytdi.

Mutaxassisga ko‘ra, to‘yda tortilgan barcha oziq-ovqatlar va bemorlardan olingan biologik namunalar tekshirish uchun Toshkentdagi laboratoriyaga yuborilgan.

Urgut tumanidagi ommaviy zaharlanish koronavirus pandemiyasi sharoitida to‘ylarni o‘ttiz kishidan oshmagan tartibda o‘tkazish talab etilayotgan bir paytda ro‘y berdi.

22 - sentabr kuni Urgut tumanining "O‘roqboyjar" qishlog‘ida bo‘lgan sunnat to‘yida yuzdan ortiq mehmon qatnashgan.

Bazmda qatnashganlardan biri Ozodlikka to‘yning ertasiga holsizlik, ko‘ngil aynishi, ich ketishi kabi belgilar bilan shifoxonaga murojaat qilganini aytdi:

- To‘yda tortilgan mayonezli salatdan, deb gumon qilishyapti. Ichida kolbasasi bor salat. Kim shu salatni yegan bo‘lsa zaharlangan.

To‘y egasi (uning iltimosiga ko‘ra ismini ochiqlanmayapti.) Ozodlikka aytishicha, sunnat to‘yi o‘z hovlisida o‘tkazilgan, taomlarni mahallaning oshpazi tayyorlagan.

- To‘yda chuchvara tortildi, osh tortildi. Mahallamizni oshpazi tayyorladi. Hozir kun issiq, ovqat tez ayniydi. Ataylab qilmaydiku buni. Mana meni o‘zim ham yotibman, o‘g‘lim ham yotibmiz. Sistema quyishdi, hozir ancha yaxshimiz.

Urgut tumani Tibbiyot birlashmasi vrachining Ozodlikka aytishicha, 22 - sentabr kuni 66 odam zaharlanishdan shikoyat qilib, murojaat qilgan.

- Ovqat toksikoinfeksiyasi tashxisi bilan 66 bemor murojaat qildi. Hammasini ahvoli yaxshi, hozir o‘ttiztachasi kasalxonada, qolganiga uylariga ruhsat berildi.

Urgut tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxassisi 24 - sentabr kuni Ozodlikka to‘yda tortiq qilingan oziq-ovqatlar va bemorlardan olingan biologik namunalar tekshirish uchun Toshkentdagi laboratoriyaga yuborilganini bildirdi.

Uning aytishicha, odamlar to‘yda tortilgan mayonezli salatdan zaharlangan bo‘lishi tahmin qilinmoqda.

- Hamma ovqatdan namunalar olindi, Toshkentga jo‘natganmiz. Ba’zi ovqatlarni yeb bo‘lishgan. Tuman ichki ishlar va prokuraturasi ham tekshirish qilyapti. Bizni tahminimizga ko‘ra mayonezli salatdan zaharlanish bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki shu salatni kim yegan bo‘lsa ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketish bo‘lgan.

Urgut tumanidagi ommaviy zaharlanish koronavirus pandemiyasi sharoitida to‘y qatnashchilari o‘ttiz kishidan oshmasligi talab etilayotgan bir paytda ro‘y berdi.

- Bizga ma’lum bo‘lishicha, "O‘roqboyjar" ​qishlog‘idagi to‘yda yuzdan oshiq odam qatnashgan. To‘y egasi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibini ham buzgan, - deydi Urgut tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxassisi.

Karantin tartibini buzib to‘y qilganlar O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi, ya’ni "Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish" bo‘yicha 2 mln. so‘mdan 6 mln. so‘mgacha jarimaga tortilishlari mumkin.

O‘zbekistonda to‘ylarda ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari uchrab turadi.

Bir yil avval sentabr oyida Namangan viloyatining Chust tumanidagi qiz bazmida ellikdan ortiq, 2019 - yilning oktabr oyida Qashqadaryoning Qarshi shahridagi to‘yda 74 odam, o‘sha yilning mart oyida esa Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi to‘yda 55 kishi zaharlangani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Chustdagi xolatda to‘y qilingan xonadonda ikki yuzdan ortiq kishiga ovqat qilish uchun umuman sharoit bo‘lmagani, oshpaz esa tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani, ushbu faoliyat uchun tegishli ruxsatnoma olmagani aniqlangan edi.

Sanitariya-epidemiya talablarini buzganligi uchun to‘y egasiga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida jarima solingandi.