Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon uch kundan beri jang qilmoqda

Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida to‘qnashuvlar uch kundan beri tinchimayapti. Xalqaro hamjamiyat Boku va Yerevanni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chorlamoqda.

29 - sentabr kuni to‘qnashuvlarda o‘nlab odam nobud bo‘lgani xabar qilindi. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston armiyasi Ozarbayjonning Dashkesan tumaniga raketa otganini bildirdi. Yerevan esa bu iddaoni keskin rad etdi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi e’lon qilgan bayonnomada «28 - sentabrdan 29 -sentabrga o‘tar kechasi butun front chizig‘i bo‘ylab shiddatli to‘qnashuvlar davom etdi», deyiladi.

Armaniston Mudofaa vazirligi ham to‘qnashuvlar davom etayotganini bildirdi.

29 - sentabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi navbatdan tashqari yig‘in o‘tkazib, Tog‘li Qorabog‘dagi janglarni muhokama qiladi.

Germaniya kansleri matbuot kotibi Shteffen Zaybert Angela Merkel Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari bilan suhbatlashib, ularni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va «muzokara stoliga qaytishga» chorlaganini bildirdi.

Avvalroq Britaniya tashqi ishlar kotibi Dominik Raab va Kanada tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan qo‘shma bayonot e’lon qilib, Tog‘li Qorabog‘dagi «yirik harbiy harakatlar» yuzasidan xavotir izhor qilgan edi.

«Aholi punktlariga raketa otilayotgani va odamlar nobud bo‘layotgani haqidagi xabarlar bizni chuqur xavotirga solmoqda. Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, o‘t ochishni to‘xtatish shartnomasiga amal qilish hamda oddiy fuqarolarni himoya qilishga chorlaymiz», deyiladi Britaniya va Kanada tashqi ishlar vazirlari bildiruvida.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Armaniston va Ozarbayjon yetakchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlashib, ularni harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chorladi.

Guterrish, shuningdek, har ikki tarafni muzokaralarni qayta boshlash hamda mintaqaga Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilarini kiritishga chorladi.

Asosan etnik armanlar yashaydigan Tog‘li Qorabog‘da 27 - sentabr kuni so‘nggi to‘rt yil ichida sodir bo‘lgan eng yirik harbiy to‘qnashuvlar boshlanib ketdi.

28 - sentabr kuni kech Tog‘li Qorabog‘dagi ayirmachilar 26 nafar arman askari nobud bo‘lganini ma’lum qilishdi. Bu bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan armanlarning umumiy soni 80 dan oshdi.

Ozarbayjon esa kamida 9 nafar oddiy fuqaro nobud bo‘lganini, 30 ga yaqin odam jarohat olganini bildirdi. Armaniston bir necha Ozarbayjon harbiysi yo‘q qilinganini bildirdi, ammo bu xabarlarni Boku hali tasdiqlagani yo‘q.

Keyingi yillarda Kavkazda to‘qnashuvlar soni oshdi. Iyul oyida sodir bo‘lgan jangovar to‘qnashuvlarda kamida 17 nafar odam nobud bo‘lgan edi.

Bu safargi to‘qnashuvlarni har ikki taraf «urush» deb atamoqda.

27 - sentabr kuni Armaniston va Tog‘li Qorabog‘da harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qilindi. 28 - sentabr kuni Ozarbayjonda ham qisman safarbarlik e’lon qildi.

Harbiy to‘qnashuvlarga har ikki taraf vertolyot, dron, tank va artilleriya jalb qildi.

Yerevan Ozarbayjonning yaqin hamkori Turkiyani Bokuga qurol-aslaha, jumladan, dronlar yuborishda aybladi. Ozarbayjon esa bu iddaoni rad etmoqda.

Rossiya ham taraflarni o‘t ochishni to‘xtatishga chorladi. Moskva ham Ozarbayjonni, ham Armanistonni qurol-aslaha bilan ta’minlab keladi. Armanistonda Rossiya harbiy bazasi bo‘lib, Moskva Yerevanni strategik hamkor o‘laroq ko‘radi.

«Ukraina xalqaro havo yo‘llari» shirkati Ozarbayjon va Armaniston ustidan uchish xavfli ekanligini aytib, Yerevanga reyslarini bekor qildi.

Boku bilan Yerevan o‘rtasida ko‘p yillardan beri ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ tufayli ziddiyat davom etib kelmoqda. Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 - yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. Urushda 30 mingga yaqin odam o‘lgan, yuz minglab odam ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan.

1994 - yildan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlari boshqarib keladi. Boku ular saflarida Armaniston harbiylari borligini ta’kidlab keladi. Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini birorta davlat hozirgacha tan olmagan.