Agneshka, akkreditatsiya va tegajog‘lik. O‘zbekiston TIVning sirli xodimi bilan bog‘liq savollar ochiq qolmoqda

Polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska.

O‘zbekistonda Tashqi ishlar vazirligi vazirlik xodimini o‘ziga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilish hamda ijobiy maqolalar yozishni so‘rab bosim o‘tkazishda ayblagan polshalik jurnalistdan kechirim so‘radi.

2 - fevral kuni e’lon qilingan bayonotda O‘zbekiston TIV jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevskaga shilqimlik qilgan xodimi ishdan bo‘shatilgani, 3 - fevralgacha uning akkreditatsiya masalasi hal qilinishini bildirdi.

The Guardian, Al Jazeera, The Diplomat va Eurasianet nashrlari bilan hamkorlik qilib kelgan mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska 1 - fevral kuni o‘zining Tvitterida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyaga ariza topshirganidan olti oy o‘tib rad javobi olganini ma’lum qilgan. Xorijiy jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikning Rustam ismli xodimi unga jinsiy tegajog‘lik qilgan va ijobiy maqolalar yozishini so‘rab bosim o‘tkazgan.

Buning ortidan Hyuman Rayts Uocht inson huquqlari tashkiloti hamda Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi o‘zbek rasmiylarini Agneshka Pikulitskaning iddaolarini har tomonlama tekshirishga chaqirdi.

2 - fevral kunning ikkinchi yarmida jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevskaning o‘zi Tvitter orqali akkreditatsiya masalasi deyarli hal bo‘lganini ma’lum qildi va uni qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirdi.

"Ushbu kulgili kurashda meni qo‘llab-quvvatlagan har biringizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men hammadan onlayn va oflayn rejimda katta qo‘llab-quvvatlov oldim. Siz buni amalga oshirdingiz. Umid qilamanki, biz birgalikda Rustamlarni butun O‘zbekiston bo‘ylab jazolashda davom etamiz. Siz kuchsiz", - deb yozdi Agneshka Pikulitska-Vilchevska.

Dunyoning qator yetakchi nashrlari bilan hamkorlik qilib kelgan mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska 1 - fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya bermaganini ma’lum qildi.

U TIVning Rustam ismli xodimi o‘ziga tegajog‘lik qilgani, ijobiy maqolalar yozishini so‘rab bosim o‘tkazgani haqida yozdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 2 - fevral kuni vazirlik matbuot kotibi Avazbek Xojimetov Agnieshka Pikulitska-Vilchevska bilan uchrashgan.

Uchrashuv davomida uning akkreditatsiyasi va voqea bilan bog‘liq qo‘shimcha holatlar aniqlangan.

Chet ellik jurnalistdan voqea uchun uzr so‘ralgan.

"Ilgari chet ellik muxbir eslatib o‘tgan vazirlikning xodimi Tashqi ishlar vazirligidan bo‘shatilgan. Jurnalist akkreditatsiyasini olish jarayoni 2021 - yil 3 - fevralda tugaydi", deyiladi vazirlik bayonotida.

Shu bilan jurnalist muammosi hal bo‘ldimi? Tashqi ishlar vazirligining javobi uni qoniqtiradimi?

Ozodlik Agneshka Pikulitska-Vilchevskadan yozma javob oldi:

"Men uchun eng muhimi, ertaga (3 - fevral kuni) uzoq oylar kutib, akkreditatsiyani olaman va nihoyat o‘z ishimni bajara olaman. Qolgan hamma narsa men izohlashni istamaydigan ikkinchi darajali masala", - deya javob berdi jurnalist.

Bundan oldin bir guruh huquq faollari,jurnalistlar va O‘zbekistondagi ayrim diplomatik korpus vakillari Pikulitskaga jinsiy tegajog‘lik qilingani haqidagi iddaolardan tashvish izhor qilgan.

Jinsiy tegajog‘lik qabul qilib bo‘lmas xol. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini bu xolatni tergov qilishga va bunga mas’ullarni javobgarlikka tortishga chaqiramiz

Jumladan, Hyuman Rayts Votch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Hyu Uilyamson o‘z Tvitter sahifasida: "Bu juda tashvishlanarli. Jinsiy tegajog‘lik qabul qilib bo‘lmas hol. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini bu holatni tergov qilish va bunga mas’ullarni javobgarlikka tortishga chaqiramiz", deb yozdi.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot ham jurnalistga bosim va jinsiy tegajog‘lik da’volari tekshirilishiga umid bildirdi.

"Ushbu da’volar meni larzaga soldi va umid qilamanki, bu hol tegishli ravishda tekshiriladi. Jinsiy zo‘ravonlik hech qachon qabul qilinmaydi", - deya tvit qildi Toshkentdagi britan elchisi.

Rustam kim?

Jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska o‘tgan yil akkreditatsiya olganidan so‘ng O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan biriktirilgan Rustam ismli xodim unga tegajog‘lik qilib, uni o‘pmoqchi bo‘lganligini da’vo qilib chiqdi.

O‘tgan yili men akkreditatsiya oldim va TIV menga Rustam ismli xodimni biriktirdi. Avval-boshda bu foydalidek ko‘rindi, biroq tez orada uni ishdan ko‘ra ko‘proq narsa qiziqtirayotgani ma’lum bo‘ldi. U meni o‘pmoqchi bo‘ldi va rad javobimga qaramay, menga uchrashishni taklif qilishda davom etdi”, deb yozdi Agneshka Pikulitska.

Jurnalistga ko‘ra, jinsiy tegajoqlik ortidan o‘ziga nisbatan bosim boshlangan. Agneshka TIV xodimi undan karantin haqida ijobiy maqola yozishini so‘ragani, ammo bu iltimosni rad etganini ham bildirgan.

Jurnalist TIV xodimi unga shilqimlik qilganidan ham shikoyat qilgan.

Agneshka Pikulitska TIV vakili Telegram’dagi o‘zaro yozishmalarni o‘chirib yuborgani, biroq unda bir necha skrinshot saqlanib qolganini iddao qilgan.

Ammo, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagilar jurnalistga uning jinsiy tagachog‘likka uchragani da’volarini tergov qilolmasliklarini aytishgan.

Agneshka Pikulitska 2 - fevral kuni vazirlikda bo‘lgan uchrashuv haqda Tvitter orqali bularni yozdi:

"Rustam kim? Men hozir O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida juda yaxshi uchrashuv o‘tkazdim. Meni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ochiq qolmoqda, deb meni ishontirishdi. Men buni juda qadrlayman. Shu bilan birga, menga Rustamning xatti-harakatlarini tekshirish mumkin emasligini aytishdi, chunki . . . uning kimligini hech kim bilmaydi", - deb yozdi Agneshka Pikulitska 2 - fevral kuni Tvitter sahifasida.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ishdan haydalgan xodimning shaxsi va lavozimi haqida ma’lumot berilmagan. Unga boshqa qanday chora ko‘rilgani yoki ko‘rilishi ham ma’lum emas.

O‘zbekiston jinoiy qonunchiligida jinsiy tegajog‘lik taqiqlanishi aniq belgilab qo‘yilmagan. AQSh Davlat departamenti 2015 - yildagi inson huquqlariga doir hisobotida ayni jihatga e’tibor qaratgandi. "Lekin erkak kishi uchun ayol kishi bilan biznes, moliyaviy yoki boshqa tobe munosabatlar bo‘lgan holatlarda uni jinsiy aloqa qilishga majburlash jinoyat hisoblanadi. Ijtimoiy urf-odatlar, sukut saqlash va sudga murojaat qilishning yetishmasligi ushbu muammo ko‘lamini aniqlashni mushkullashtirdi", deyilgan AQSh Davlat departamenti hisobotida.

"Bu holat ulkan islohotlarga soya solmasligi lozim"

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov mazkur masalaga e’tibor qaratgan.

Xorijiy jurnalist Agneshka Pikulitskaning shikoyati bizda juda jiddiy xavotir uyg‘otdi va albatta, bu holatga aniqlik kiritgan holda uni sinchkovlik bilan o‘rganish kerak, deb hisoblaymiz. Biz Agneshka bilan ertagayoq ko‘rishib vaziyatni muhokama qilishga tayyormiz”, deb yozdi Allamjonov Telegram kanalida.

Keyinroq Komil Allamjonov jurnalist bilan konstruktiv muloqot o‘tkazgani haqida bildirdi.

"Bugun biz konstruktiv uchrashuv o‘tkazdik. Uning O‘zbekistondagi faoliyati, atrofidagi vaziyatni atroflicha muhokama qildik. Umid qilamizki, voqea tez orada bartaraf etiladi va tegishli qarorlar qabul qilinadi", - deb yozdi K. Allamjonov.

Xorijlik jurnalist ayolning jinsiy tegajog‘likka uchragani haqidagi da’volarga O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva ham e’tibor qaratdi.

Albatta,  ushbu hodisa puxta o‘rganilib,  tahlil qilinadi,  tegishli choralar ko‘riladi va aybdorlar jazolanadi.  Ammo,  u respublikada amalga oshirilayotgan barcha ulkan islohotlarga soya solmasligi lozim.

Norboyeva jurnalist da’volari o‘rganilib, aybdorlar jazolanishini aytdi.

"Jurnalist Agnieshka Pikulitska bilan sodir bo‘lgan voqea O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham mutlaqo qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holat. O‘zbekiston inson sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilishning har qanday shakliga aslo toqat qilmaslik siyosatiga amal qiladi.

Agneshka ushbu holatni aytib mardligi va befarq emasligini namoyish etdi. Albatta, ushbu hodisa puxta o‘rganilib, tahlil qilinadi, tegishli choralar ko‘riladi va aybdorlar jazolanadi. Ammo, u respublikada amalga oshirilayotgan barcha ulkan islohotlarga soya solmasligi lozim", - deya bayonot berdi Tanzila Norboyeva

Matbuotga bosim

Agneshka Pikulitska-Vilchevska bog‘liq xolat O‘zbekistonda erkin matbuotga nisbatan navbatdagi bosim sifatida ham baholandi.

Hyuman Rayts Uotch tashkiloti tadqiqotchisi Mira Rittman: "Akkreditatsiya olish bilan bog‘liq chigalliklar, mustaqil ommaviy axborot vositalarining bloklanishi O‘zbekiston hukumatining mazmunli islohotlarni amalga oshirayotgani haqidagi da’volariga putur yetkazadi", - deb bildirdi Tvitter orqali.

"Al Jazira" telekanali uchun O‘zbekiston haqida tayyorlangan bir qancha hujjatli filmlar muallifi, daniyalik jurnalist Maykl Anderson ham Toshkentdagi o‘z hamkasbi bilan bog‘liq holat unga Karimov davridagi mustaqil jurnalistlarga bo‘lgan bosimlarni eslatganini aytadi.

Hozirgi hukumat o‘zgarishlar, islohotlar qilayotganini da’vo qilayotgan ekan Agneshka akkreditatsiyasini tiklashi va unga shilqimlik qilingani bilan bog‘liq xolatni tergov qilishi kerak

"O‘zbek hukumati akkreditatsiya tizimini jurnalistlarni nazoratda ushlash uchun qurol sifatida ishlatib kelganini bilamiz. Agneshka bilan bog‘liq xolat menga yigirma yil oldin Toshkentda akkreditatsiya olish bilan bog‘liq o‘zim boshdan kechirgan voqealarni eslatyapti. Oylab kutishlar ortidan vazirlik mulozimi menga akkreditatsiya berar ekan, jilmayib qarab, maqolalarni qanday yozishim, aks xolda akkreditatsiyasiz qolishim mumkinligiga sha’ma qilgani yodimda. Tanqidiy maqolalarim, Britaniyaning o‘sha paytdagi elchisi bilan intervyu berishim ortidan olti oyga bormay, akkreditatsiyani olib qo‘yishgandi. Hozirgi hukumat o‘zgarishlar, islohotlar qilayotganini da’vo qilayotgan ekan Agneshka akkreditatsiyasini tiklashi va unga shilqimlik qilingani bilan bog‘liq xolatni tergov qilishi kerak", - deydi Anderson Ozodlik bilan suhbatda.

To‘qsoninchi yillar o‘rtalarida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida ishlagan, hozirda Shveysariyada yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Alisher Taksanov esa: "Karimov davrida ham hozir ham bu idorani bir xil odam boshqarayotagan ekan, qanday o‘zgarishni kutish mumkin?. Qoidalar eski, har bir maqola uchun akkreditatsiya talab qilinadi, bu o‘z-o‘zidan mutlaqo bema’nilikdir", - deydi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida polshalik jurnalistga ijobiy maqolalar yozishi uchun bosim o‘tkazilgani haqidagi iddaolarga javob bergani yo‘q.

Ozodlikning TIV matbuot xizmatidan izoh olish urinishlari natija bermadi.

O‘zbekistonda chet el OAVlariga ishlovchi muxbirlar Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunga muvofiq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining matbuot markazi orqali akkreditatsiya qilinadi.

2005 - yilgi Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekistonda "Bi-Bi-Si", “Ozodlik” radiosi, “Amerika ovozi” va boshqa qator xalqaro ommaviy axborot vositalari akkreditatsiyadan mahrum qilingandi.

13 yillik uzilishdan so‘ng 2019 - yilda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi "Bi-Bi-Si", “Amerika ovozi” hamda "Farg‘ona" agentligi muxbirlarini akkreditatsiyadan o‘tkazgan.

O‘zbekistonda ishlagan xalqaro jurnalistlar akkreditatsiya jarayoni uzoq vaqt olishi va shaffof emasligini aytishadi.