“Agrobank” aholiga berilgan kreditni qaytarish uchun xodimlarni dam olishsiz ishlatmoqda

“Agrobank” aksionerlik tijorat banki. Toshkent shahri.

“Agrobank” aksionerlik tijorat banki aholiga berilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish maqsadida o‘z xodimlarini mehnat qonunchiligiga zid tarzda ish soatlari me’yoridan oshirilgan holda va dam olish kunlarisiz ishlatmoqda.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan “Agrobank”ning Andijon bo‘limi xodimlariga ko‘ra, rahbariyat shanba va yakshanba kunlari ishlatganidan tashqari, aholi to‘lolmagan kreditlarni bank xodimlariga oyligidan to‘lashga majbur qilmoqda.

“Agrobank”ning Andijon viloyati bo‘limi mulozimi xodimlar dam olish kunlari ham ishlatilayotganini tan oldi va buni bankning og‘ir iqtisodiy ahvoli bilan izohladi.

"Mehnat qonunchiligiga tupurib qo‘yishdi"

Rahbarlar tomonidan tazyiq bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan “Agrobank”ning Andijon viloyatidagi bo‘limlaridan birida ishlaydigan xodimning aytishicha, kreditlarni aholidan undirish masalasida har kuni ikki marta majlis o‘tkaziladi:

“Birinchi majlis har kuni ertalab soat 8 da bo‘ladi, ikkinchi majlis kechqurun soat 6 da. Filial boshliqlari xodimlarga tazyiq o‘tkazadi, qanday qilib bo‘lmasin kreditni undirasan, bo‘lmasam ishdan bo‘shataman deb, haqoratlab do‘q-po‘pisa qiladi. Kreditlar qaytishi muammoli bo‘lganidan keyin shanba va yakshanba kunlari dam olish nimaligini bilmay qoldik. Hatto Ramazon oyi kunlari ham iftorlik qilishga vaqt bermay qo‘yishdi. Boshliqlar mehnat qonunchiligi degan narsaga tupurib qo‘yishdi!”

Xodimning aytishicha, ular uyma-uy yurib aholidan kreditni qaytarishni iltimos qilmoqda:

“Masalan menga, yuzdan ortiq kreditchi biriktirilgan. Shundan 20tasi imtiyozli, qolgani ish haqiga olingan kredit. Eng qiyini imtiyozli kreditlarni qaytarish. Bugungi kunga kelib shuning 90 foizi muammoliga aylandi. Aholining kambag‘al qatlami, ularda to‘lash qurbi yo‘q. Shuning uchun rahbarlarimiz bizga o‘zimizning maoshimizdan, hech bo‘lmasa shu kreditlarning oylik foizini to‘lab qo‘yishga majbur qilmoqda. O‘zi 2 million so‘m maoshim bor, har oy 400-500 ming so‘m maoshimdan shu kreditlarni yopish uchun o‘tkazyapman. Agar o‘tkazmasam yo oyligimni qisqartirishadi yoki mukofot pulidan mahrum qilishadi. Shuning uchun majbur to‘layapmiz”.

MIB xodimlari ham hech narsa qila olmayapti

“Agrobank”ning Andijon viloyatidagi boshqa bir bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan xodimiga ko‘ra, aholiga berilgan kreditni undirish uchun hatto MIB ham hech narsa qila olmayapti:

“Bizning qonuniy choramiz, barcha hujjatlarni tayyorlab, sudga berish. Yaqinda bittasini sudga chaqirdi. Sud fuqarodan “shartnoma muddati tugabdi, nega kreditni to‘lamadingiz, dedi. U “men kam ta’minlangan oila bo‘lganim uchun kredit berishgandi, lekin hozir pulim yo‘q, pulim bo‘lsa uzaman”, deyapti. Sud kreditni undirishni MIBga oshiryapti. MIB ham o‘zi bormaydi, biz borib iltimos qilib, moshina oborib, yuring shuni undirib bering, deb iltimos qilamiz. MIB esa borib ko‘ryaptiki, kambag‘al bir oila, undiradigan hech vaqo yo‘q. Bankka bitta aloqa xati bilan, mol-mulki aniqlanmadi deb, deloni qaytarib beryapti. Yana hamma ish o‘zimizga qolyapti, majbur bizga oyligimizdan foizini to‘lattiryapti”.

Bank xodimlari aholidan kreditni qaytarishni so‘rab kechasi ham yurishmoqda. Surat @bankirkundaligi Telegram kanalidan olindi.

Bank xodimi aholiga berilgan kreditlarning 70 foizi maqsadsiz ishlatilganini aytadi:

“Bizning lavozim majburiyatimizda bank xodimining kredit undiruvi degan joyi yo‘q. Lekin bizni majburlashgani majburlashgan. Misol 30ta bank xodimini uchta gruppaga bo‘lib qo‘yishdi. Bitta uyga o‘n kishi bo‘lib boramiz, eshigining tagida turamiz. Lekin baribir natija bo‘lmayapti. Bizning rahbarlarga ham qiyin, ular tepadan so‘kish eshitadi, keyin bizni so‘kishadi”.

"Vaziyat og‘ir!"

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan “Agrobank” Andijon viloyati bo‘limi mulozimlaridan biri, xodimlar dam olish kunisiz ishlatilayotganini tasdiqladi:

“Mana bugun Hayit, bugun dam berildi. Ertaga va yana ikki kun ham dam olish kuni. Lekin erkak xodimlar ertadan ishga chiqishlari haqida ko‘rsatma berilgan. Respublikadan bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Erkin Qahhorov kelgan. Asosiy masala aholiga davlat dasturlari asosida berilgan kreditni qaytarish. Shuning uchun xodimlarni shanba va yakshanba kunlari ham ishlashlarini iltimos qilyapmiz. Bilamiz, mehnat qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin ahvolni tushunish kerak. Hatto kecha prezidentimiz ham muammoli kreditlarni yil oxirigacha qaytarish kerakligi haqida gapirdi. Chunki vaziyat juda og‘ir.”

Mulozimning aytishicha, davlat dasturi doirasida berilgan imtiyozli kreditlar hokimiyatlar tuzgan ro‘yxat asosida hech qanday kafolatsiz berilgan va uni qaytarishda hokimliklar ham mas’ul bo‘lishi kerak:

“Kredit berishning o‘z qonun-qoidasi, me’yorlari bor. Hokimlik bergan tavsiyaga asosan kambag‘allikdan chiqaramiz, ishli qilamiz deb hech qanday kafolatsiz berilaverdi. Demak, hokimliklar ham bunda aybdor. Kreditni qaytarish qurbi bor-yo‘qligini to‘liq o‘rganmay urua-urachilik bilan ro‘yxat tuzib beravergan. Endi qaytarishga ham hokimliklar yordam bersin. Lekin qanday yo‘l bilan qaytara olishimizni o‘ylab, o‘yimga yetolmayapman. Chunki u pulning o‘zi aholida hozir yo‘q!”

O‘zbekistonda bayram kuni bo‘lgani sababli “Agrobank” ATB matbuot xizmatidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Prezident vaziyat og‘irligini tan oldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 - may kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida korxonalarning kredit qoplamaslik holati va oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha berilgan kreditlarni qaytarish muammoga aylanganini tan oldi.

Prezident yil yakunigacha qarzlar yuz foiz banklarga qaytarilishi haqida ko‘rsatma berdi:

“Demak, bu loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, “ko‘zbo‘yamachilik” uchun amalga oshirilyapti, korxonalar soliq to‘lamasdan ishlayapti degani emasmi? Agar bu pul bankka qaytsa, qancha imkoniyat ko‘payadi”, dedi prezident.