"Besoqolbozlik": Xalqaro hamjamiyat jazoni bekor qilish, o‘zbek deputatlari uni kuchaytirishga chaqirmoqda

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jinoyat kodeksidan "Besoqolbozlik" moddasini olib tashlashga chaqirib kelgan blogerning kaltaklanishida uning o‘zini aybladi.

Miraziz Bozorov 28 - mart oqshomida, kaltaklanishidan bir necha soat oldin, Ozodlikka Amir Temur xiyobonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirning LGBTga mutlaqo aloqasi yo‘qligi va bu kabi tadbirlar avval ham qarshiliksiz o‘tkazib kelinganini aytgan edi. U o‘zining geteroseksual ekanligini ham qo‘shimcha qilgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum bloger Miraziz Bozorovga qarshi hujumni qoraladi va o‘zbek rasmiylarini hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

Nega bir guruh odamlar Toshkent markazida hujum uyushtirdi? Jinoyat qonunchiligini liberallashtirishini aytib kelayotgan hukumat nega Sovet davridan qolgan “Besoqolbozlik” moddasini bekor qilishni istamayapti? Noan’anaviy jinsiy orientatsiya jinoyatmi, kasallikmi yo muayyan kishilar uchun tabiiy me’yormi?

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Yuzdan ziyod erkak Toshkentning qoq markazida anime va Keypop ixlosmandlariga hujum qildi

IIV bayonoti

Ichki ishlar vazirligi 29 - martda e’lon qilgan bayonotida ikkala tomonni ham ayblagan:

a) bloger Miraziz Bozorov ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent shahridagi "Hazrati Imom“ masjidi oldida va Amir Temur xiyobonida noan’anaviy jinsiy qarashlarga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan”;

b) “natijada, 28 - mart kuni uning nomaqbul chaqiriqlarini o‘zlariga nisbatan haqorat deb hisoblagan bir guruh tomonidan ommaviy tartibsizlik sodir etilib, jamoat xavfsizligiga putur yetkazilgan”.

IIV videobayonotida 28 - mart kuni “geylarni kaltaklagani” chiqqani ortidan qo‘lga olingani anglashiladigan va yuzlari yashiringan shaxslar ham kamera oldida: “Bu odamning gaplariga e’tibor bermanglar. Bunaqa fitnalarga uchish kerakmas ekan. Mana biz aldandik, ko‘rdik kimligini. Aql bilan ish qilish kerak ekan” qabilidagi so‘zlarni aytishgan.

IIV bayonotida, shuningdek Miraziz Bozorov“Buzg‘unchi tashqi kuchlar va g‘araz niyatdagi turli xalqaro nohukumat tashkilotlar ko‘magi va qo‘llovi ostida harakat qilayotgani” iddao qilinadi.

IIV o‘z bayonotida bu tashqi kuchlarning kimlar ekaniga aniqlik kiritmagan. Ayni paytda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum bloger Miraziz Bozorovga qarshi hujumni qoraladi va o‘zbek rasmiylarini hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

"O‘tgan dam olish kunlari Toshkent ko‘chalarida yuz bergan zo‘ravonlikni ko‘rish juda ham tashvishli. Men O‘zbekiston hukumatini LGBTI jamoasini dastaklash yo‘lida o‘zining so‘z erkinligidan istifoda etgan bloger Miraziz Bozorovning do‘pposlanishini tekshirishga chaqiraman", deb yozdi AQShning Toshkentdagi yuqori martabali diplomati o‘zining Tvitter sahifasida.

Bloger kaltaklanishidan oldin nima degan edi?

29 yashar bloger Miraziz Bozorovning o‘zi 28 - mart oqshomida, kaltaklanishidan bir necha soat oldin, Ozodlikka shu kuni Amir Temur xiyobonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yapon animatsiyasi va koreys pop musiqasi muxlislari bo‘lgan o‘smirlar tadbirining LGBTga mutlaqo aloqasi yo‘qligi, bundan oldin xuddi shunday tadbirlar hech qanday qarshiliksiz o‘tgani, o‘zi esa geteroseksual ekanligini ta’kidlagan.

Miraziz Bozorov 28 - mart kuni kechqurun o‘z uyi oldida kaltaklab ketilgan.

IIV videobayonotida aytilishicha, Miraziz Bozorov “besoqolbozlik va shu kabi salbiy illatlarning O‘zbekiston qonunchiligida ta’qiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, uni ommaviy targ‘ib qilishga harakat qilgan va fuqarolarda norozilik, toqatsizlik kayfiyati shakllanishiga sabab bo‘lgan”.

Biroq Miraziz Bozorovning Ozodlikka aytishicha, u hech qachon geylikni targ‘ib qilmagan, u faqat geylar ham jamiyat, shu jumladan, ichki ishlar xodimlari tomonidan bosimga uchramasin, turli ko‘rinishdagi shantaj qurboni bo‘lmasin, degan maqsadda Jinoyat kodeksining 120- moddasi bekor qilinishi lozimligi to‘g‘risida yozib kelgan, xolos. “A ya sam naturalniy geteroseksual”, deya qo‘shimcha qilgan Miraziz Bozorov.

Jamiyatni ikkiga bo‘lib tashlagan modda

Shu yil 22 - fevralda muhokamaga qo‘yilgan yangi Jinoyat kodeksi loyihasi 154- moddasida gomoseksualizm uchun jinoiy jazo o‘zgarmagan holda saqlanib qolgan.

Ayni paytda keyingi yillarda O‘zbekiston hukumati jinoyat qonunchiligini liberallashtirish yo‘lida bir qator amaliy ishlarni qildi. Bu jarayon oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni ham qamrab olgan.

Biroq hukumat “Besoqolbozlik” moddasini bekor qilmoqchi emas. Nega?

Bu savolga javob berarkan, o‘zbekistonlik pedagog va psixolog olim Mahmudjon Yo‘ldoshev “Bu moddaning LGBTga aloqasi yo‘q, bu modda pedofiliyaga qarshi moddadir, jahonning barcha yetakchi davlatlarida ham shunday modda bor”, dedi. Olim o‘z fikrini “Besoqolbozlik” atamasining etimologiyasi bilan uqtirmoqchi bo‘ldi. Biroq modda talqini ikki xil talqinga o‘rin qolmaydigan qilib yozilgan: “Besoqolbozlik, ya’ni erkakning erkak bilan zo‘rlik ishlatmasdan jinsiy ehtiyojini qondirishi”.

“Demak, yo modda nomini yoki talqinini o‘zgartirish kerak”, - deydi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

Talqin modda nomiga moslansa va “Besoqolbozlik” moddasi mazmun-mohiyati bilan “Pedofiliya”ga aylansa, gomoseksuallarni jazolaydigan alohida modda qabul qilish kerakmi?

"Bu masalani Oliy Majlis deputatlari hal qilishi kerak. Men “mana bunday qilsa to‘g‘ri bo‘ladi”, degan uzil-kesil fikr bildirmoqchi emasman. Lekin bir psixolog, pedagog va bu masalani o‘rgangan kishi sifatida aytishim mumkinki, butun dunyoda va hech qachon bu muammo hal qilinmagan, chunki tabiatda bor hodisadir bu”, - deydi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

Fikrini davom ettirar ekan, olim har qanday kishiga, shu jumladan, jinsiy ozchiliklarga nisbatan ham zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan tiyilishga chaqirdi:

“Johillik bilan ularni (geylarni) ko‘chada ushlab, urib o‘ldirmaylik. Bugungi kunning nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, tarixga qaraydigan bo‘lsak, bular har doim bo‘lgan, jamiyatda ular 8 – 10 foizgacha uchraydi. Shu narsani tan olgan holda, bugungi meditsinaning imkoniyatidan foydalanib, ularga yordam beradigan bo‘lsak, muammo o‘z o‘zidan yo‘q bo‘ladiku?! Ular bir birini zo‘rlayotgani yo‘qku! Demak, bu muammolarga zamon nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, muammo o‘z o‘zidan hal bo‘lib qolganini ko‘ramiz”.

Andijonlik vrach Otabek Ahliddinovning fikricha, O‘zbekistonda jinsiy ozchilik vakillariga odatda uch xil “tashhis” qo‘yiladi:

“Qaysi nuqtai nazardan qarashga bog‘liq. Ichki ishlar xodimlari geylikni jinoyat deydi, ayrim shifokorlar kasallik deydi, demokrat va liberallar norma deydi”.

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov O‘zbekistonning bu boradagi jazo qonunchiligini liberallashtirishi vaqt masalasi, deb ishonadi.

“Demokratik hamjamiyatga integratsiyalashayotgan O‘zbekiston vaqti kelib, LGBT kabi jamoalarga nisbatan xalqaro normalarni tan olishga, bu boradagi siyosatini liberallashtirishga majbur bo‘ladi. Chunki biz istasak-istamasak. bu borada G‘arbda O‘zbekiston kabi nisbatan zaifroq davlatlar uchun ta’sir mexanizmlari yetarli”.

Biroq O‘zbekiston hukumati bu masalada o‘z pozitsiyasida qattiq turibdi. 2020 - yilning 2 - martida BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining Jenevada bo‘lib o‘tgan 128- sessiyasi kun tartibiga O‘zbekistonda LGBT huquqlarini ta’minlash masalasi ham kiritilgan edi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidovning ma’lum qilishicha, o‘zbek delegatsiyasi bu masala muhokamasini boykot qilgan:

“BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashida Yevropa mamlakatlari LGBT huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus hujjat qabul qilish tashabbusini ilgari surganida, O‘zbekiston, boshqa barcha musulmon mamlakatlar qatori, majlislar zalini tark etgan edi. Bu bilan biz (O‘zbekiston) ushbu masalaga prinsipial munosabatimiz qanday ekanini ko‘rsatgan edik”.

Bu bayonotdan bir yil o‘tib, 28 - mart kuni poytaxtning markaziy maydonida 120- moddani bekor qilishni to‘g‘ri deb biluvchilar orasida o‘z fikrini ochiq aytishga jur’at qila olgan bloger hujumga uchradi.

“Bu hodisaning og‘ir turmush sharoiti tufayli kishilarning asab tolalari tortilgan ijtimoiy keskin bir vaziyatda o‘rtaga chiqqani xatarlidir. Men jinsiy orientatsiyasi o‘zgacha jamoalarning omma g‘azabiga duchor bo‘lishi, hatto hukumat bu borada kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yishidan xavotirdaman”, - deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

23 - mart kuni Xyuman Rayts Uotch O‘zbekistonni Jinoyat kodeksidan gomoseksualizmga oid moddani chiqarib tashlashga chaqirdi.

"O‘zbekistonda geylar hibs va ta’qiblar bilan bir qatorda gomofoblar hujumiga duchor bo‘lmoqda. Hukumat geylarga teng huquq va erkinlik berishi, gomoseksualizmni jinoyat, deb ko‘ruvchi sovet davridan qolgan qonunni bekor qilishi kerak!" , deyiladi inson huquqlari tashkiloti chiqargan bayonotda.

BMT Inson huquqlari kengashi ham 2020 - yil mayida O‘zbekiston hukumatini Jinoyat kodeksidan 120-moddani chiqarib tashlashga chaqirgan. O‘tgan yil dekabrida esa 9 ta xalqaro inson huquqlari tashkiloti ayni mazmundagi chaqiriq bilan chiqqan edi. O‘zbekiston rasmiylari esa ushbu chaqiriqlarga javoban mamlakatda LGBT mansublariga qarshi zo‘ravonliklarga doir bironta ham holat qayd etilmaganini aytishgan.

Ikki tomonning roziligi asosidagi bir jinsli aloqa uchun jinoiy javobgarlik postsovet hududida faqat ikki davlat - O‘zbekiston va Turkmanistonda saqlanib qolgan. Xyuman Rayts Uotchning aytishicha, Turkmaniston bu boradagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish niyatida ekanini bildirgan.

So‘nggi hodisa manzarasida rasmiy Toshkent bu borada biron bir siyosiy bayonot qilgani yo‘q. Hukumatga yaqin alohida siyosatchilar, jumladan, Milliy tiklanish partiyasi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov geylarni qoralovchi bayonot bilan chiqdi.

"Bu holat Jinoyat kodeksining 120-moddasini yanada kuchaytirishga ehtiyoj borligini yaqqol ko‘rsatdi.

Modda besoqolbozlik, LGBT g‘oyalarini har qanday shaklda targ‘ib qilishni ta’qiqlashi kerak. Albatta, jazo juda yumshoq. Bu modda sanksiyalari majburiy davolash, ozodlikdan mahrum etish, mamlakat fuqaroligini bekor qilish, mamlakatdan badarg‘a qilishgacha ko‘zda tutishi kerak", deb yozdi Qodirov 28 - mart kuni o‘zining Feysbuk sahifasida.

Deputat Rasul Kusherbayev ham o‘zining Telegram kanalida "LGBT masalasiga qarshiligi"ni yozdi. Ayni paytda u "kuch ishlatish va tartibsizliklar"ga ham qarshi ekanini bildirdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati dunyo bo‘ylab lesbiyanka, gey, biseksual, transgender, kvir va interseks (LGBTQI) vakillarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlashni ustuvor yo‘nalishlardan biri, deb e’lon qilgan. Tahlilchilar jahon hamjamiyati, jumladan, Qo‘shma Shtatlar bilan inson huquqlari yuzasidan muloqotni qayta boshlagan va o‘tgan yili o‘z tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari kengashiga saylangan O‘zbekistonning ikkinchi ma’muriyati bu borada Karimov davridagidan ko‘proq siyosiy bosim ostida qolishini taxmin qilishmoqda.